UNESCO: "Tarixiy Shahrisabz yoʻqolish xavfi ostida"

Shahrisabz, Oqsaroyyt
Image caption UNESCO ga koʻra, Shahrisabzning qadimiy markazini endi qayta tiklab boʻlmaydi

Birlashgan Millatlarning Fan va madaniyat tashkiloti - UNESCO Shahrisabzning tarixiy markazini "xavf ostidagi Jahon Merosi" roʻyxatiga kiritgan.

Tashkilot huzuridagi Jahon Merosi Qoʻmitasining Istanbulda oʻtgan 40-anjumanida shaharlarni qayta qurish ishlari va sayyohlik infratuzilmasining Oʻzbekistondagi tarixiy yodgorliklarga taʼsiridan xavotir izhor qilingan.

UNESCO ekspertlariga koʻra, Shahrisabzda sayyohlik infratuzilmasining haddan tashqari rivojlantirilishi shaharning tarixiy markazini yoʻqolib ketish xavfi ostida qoldirgan.

Jahon Merosi Qoʻmitasining qayd etishicha, shahar markazidagi Oʻrta asrlarga oid mahallalarning buzilib, zamonaviy inshootlar, jumladan, mehmonxonalarning qurilishi Shahrisabzning tarixiy qiyofasini butkul oʻzgartirib yuborgan.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning koʻpgina shaharlarida boʻlgani kabi Shahrisabzdagi qayta qurish ishlari natijasida "Juhudon" (qadimgi yahudiy mahallasi-tahr), "Murdashuy guzar" (gʻassollar mahallasi-tahr) kabi mahallalar butkul, "Kulollik", "Hazrati Shayx" yoki "Tagichinor" singari baʼzi mahallalar esa qisman buzib tashlangan.

Qoʻmitaning taassuf bilan qayd etishicha, Shahrisabzning qadimiy markazini endi qayta tiklab boʻlmaydi.

UNESCO Shahrisabzdagi yodgorliklarga yetkazilgan zararni baholash va zarur tuzatish ishlarini taklif etish uchun Oʻzbekistonga oʻz missiyasini yubormoqchi.

Sohibqiron Amir Temurning vatani boʻlgan Shahrisabzning tarixiy markazi 15-asr Temuriylar imperiyasi davrida bunyod etilgan saroy, masjid, madrasa va maqbaralardan iborat boʻlgan.

UNESCO 2000 yilda Shahrisabzning tarixiy markaziga "Jahon Merosi" maqomini bergan edi.

Bundan avval tashkilot ekspertlari Samarqanddagi taʼmirlash ishlari hamda Registon majmuasida oʻtkazilayotgan "Sharq taronalari" musiqa festivali doirasidagi tadbirlarning yodgorliklarga salbiy taʼsiridan xavotir bildirishgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring