Yildirim: "Boris Jonsonni Olloh isloh qilsin"

Binali Yildirim
Image caption Turkiya Bosh vaziri Boris Jonsonning soʻzlaridan taassuf izhor qilgan

Turkiya Bosh vaziri turklar Ovroʻpoga tahdid emas, balki yelkadosh ekanini aytgan. "Turkiya Ovroʻpoga yelka tutishga qodir katta davlatdir", deb aytgan Binali Yildirim BBC bilan suhbatda.

Britaniyaning yangi Tashqi ishlar vaziri etib tayinlangan Boris Jonson avvalroq "77 million turklarning Ovroʻpo Ittifoqiga oqib kelishi ehtimoli"ni "telbalik" deb atagandi.

52 yoshli Jonson Britaniyaning Ovroʻpo Ittifoqidan chiqishi uchun kampaniya olib borgan iqtidordagi konservatorlar partiyasining yetakchi namoyandalaridan boʻlgan.

Londonning sobiq hokimi ham boʻlgan Jonsonning oʻzi turkiy shajaraga ega.

Uning katta bobosi turk va Usmonli davlatida vazir lavozimini egallagan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи ODD ANDERSEN
Image caption Boris Jonsonning bobosining otasi turk va Usmonli davlatining vaziri boʻlgan

"Breksit" kampaniyasi chogʻida Ovroʻpo Ittifoqi tarafdorlari asli kasbi jurnalist boʻlgan Jonsonning 2006 yilda BBC uchun hozirlagan lavhasini bot-bot tilga olishgan.

Unda Jonson Turkiyaning Ovroʻpo Ittifoqiga kirishini "tarixiy fursat" deya baholaydi.

"Men bizning avlodimiz Islom va Nasroniy dunyosi oʻrtasida koʻprik qurishdek tarixiy fursatga ega, deb ishonaman",- deydi Jonson BBC filmida.

"Yolgʻonchi"

BBCning HARDtalk dasturiga bergan intervʼyusida Turkiya Bosh vaziri Jonsonning bayonotidan "taassuf" izhor qilgan.

Jonson Tashqi ishlar vaziri etib tayinlanishidan avval gapirgan janob Yildirim "Turklar Ovroʻpoga tahdid emas. Turkiya Ovroʻpoga yelka tutishga qodir katta davlatdir", deb aytgan.

Boris Jonsonga nima deysiz, degan savolga javob berarkan, Binali Yildirim "Olloh unga yordam bersin va isloh qilsin" deb aytgan.

Britaniyaning yangi Bosh vaziri Tereza Meyning Jonsonni Tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlash qarori turlicha munosabatlarni uygʻotgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda koʻpchilik ushbu qaror va Jonsonning ustidan kulgan.

Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Mark Eyro Boris Jonsonni "yolgʻonchi" deb atagan.

"Europe 1" radiosi bilan suhbatda frantsuz vaziri Boris Jonson OIdan chiqish uchun olib borgan kampaniyasi chogʻida britan xalqiga yolgʻon gapirgani, endi boʻlsa, unga mamlakatni himoya qilish vazifasi topshirilganini aytgan.

Jan-Mark Eyroning soʻzlariga koʻra, Frantsiyaga muzokaralarda "ishonish mumkin boʻlgan hamkor zarur".

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring