Turkiya hali ham demokratik davlatmi?

Atigi to'rt yil avval G'arb bu mamlakatni Islom dunyosi uchun namunali model o'laroq tanir va tanishtirar edi Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Atigi to'rt yil avval G'arb bu mamlakatni Islom dunyosi uchun namunali model o'laroq tanir va tanishtirar edi

Turkiyaga nima bo'lmoqda? Atigi to'rt yil avval G'arb bu mamlakatni Islom dunyosi uchun namunali model o'laroq tanir va tanishtirar edi. O'sha paytlar Turkiya Ovro'po Ittifoqi bilan a'zolik yo'lida muzokaralar o'tkazar, o'z hududidagi kurdlar bilan tinchlik rejalari ustida ishlardi...

Yaqin Sharqda Turkiya barqarorlik oroli o'laroq ko'rilardi, ammo hukumat tanqidchilari bunday ta'rif ichki manzaraga yot ekanini aytishardi.

Joriy hafta esa World Justice Project tashkilotining qonun ustuvorligi bo'yicha tuzgan ro'yxati Turkiyaga 113 davlat orasida 99 o'rinni berdi.

Turkiyadan oldinroqda Eron va Birma turibdi.

Turkiya jurnalistlarni qamoqqa tashlaydigan davlat o'laroq muqaddam tanilgan o'rnini yana qayta egallab oldi.

Men suhbatlashishni istagan ikki tahlilchi esa... o'z nomlari zikr etilishidan cho'chib, suhbatga rozi bo'lishmadi.

"Bu demokratiyaning yakunidir", deb aytdi kurdlarga xayrixoh sanalgan HDP partiyasining o'rinbosari Hisyor O'zsoy.

"Bizda o'zi demokratiya keng yoyilmagandi, ammo o'sha cheklangan demokratiya ham mutlaqo yo'q qilindi".

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Turkiya jurnalistlarni qamoqqa tashlaydigan mamlakatga aylandimi?

O'tgan hafta kechgan voqealar silsilasi:

• Asosan kurdlar istiqomat qiladigan Diyorbakr ma'muriyati rahbarlari noqonuniy PKK kurd jangarilari partiyasi bilan aloqalarda ayblanib, hibsga olindi. Turkiya va G'arb PKKni terrorchilar deb tanishadi.

• Fathulloh Gulenni dastaklashda ayblanib davlat idoralaridan yana 10000 xodim ishdan haydaldi. AQSHda istiqomat qilayotgan diniy arbobni dastaklash ayblari bilan ishdan quvilganlar yoki chetlatilganlar soni 100 000 dan oshdi.

• Anqarada yana 137 nafar olim "Gulen bilan aloqalari" uchun hibsga olindi. O'tgan iyul oyidan beri hibsga olinganlarning soni 37 000 ga yetdi.

• Prezident Erdo'g'onga universitetlarning rektorlarini ham tayinlash qudratini beruvchi qonun kuchga kirdi.

• Yana 15 ta matbuot nashri yopildi. Iyul oyidan beri 170 ta ommaviy axborot vositasi faoliyati to'xtatildi.

• Cumhuriyet gazetasining muharriri, karikaturachi rassomi doxil to'qqiz jurnalist hibsga olindi. Ularning bari Gulenni dastaklashda ayblanishmoqda.

• Turkiyadagi uchinchi yirik partiya, kurdlarni dastaklovchi HDP rahbarlari, millat vakillari PKKni qo'llashda ayblanib, hibsga olindi. Oradan bir necha soat o'tib, Diyorbakrda portlash ro'y berdi. Mashinaga o'rnatilgan bomba to'qqiz kishining yostig'ini quritdi.

• Hukumat mamlakat janubi sharqida internetni uzib qo'ydi. Mamlakat bo'ylab WhatsApp, Twitter va shaxsiy tarmoqlar(VPN)ni, ayrim holatlarda ishlatilmaydigan darajada sekinlashtirib qo'ydi.

• Turk lirasi qadri AQSH dollariga nisbatan keskin tushib ketdi.

Zolim va yo xaloskor?

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Prezident ayrimlar uchun qahramon, boshqalar uchun zolim

Turkiya hamon demokratik davlatmi? Har doimgidek, bu savolga qutblashgan mamlakatning ikki tomonidan javob berish mumkin.

So'l qanotchilar, dunyoviy tuzum tarafdorlari va Erdo'g'onning tanqidchilariga ko'ra, mamlakatda demokratiya "o'lgan".

Ammo mamlakatning qolgan yarmi Erdo'g'onni Turkiyani taraqqiy toptirgan, yaxshi tomonga o'zgartirgan va dunyo tomonidan noto'g'ri tushunilgan rahbar sifatida taniydi.

Ularga ko'ra, G'arb Turkiyaning PKK, "gulenchilar", terrorchilik bilan bog'liq, Iroq va Suriya bilan qo'shni bo'lgani bois duch kelayotgan muammolarini tan olmayapti.

Mamlakatda hali ham hukumatni dastaklamayotgan ommaviy axborot vositalari mavjudligi bor gap. Turkiya NATO uchun hayotiy muhim hamkor sanaladi.

Zotan, Anqaraning Vashington bilan munosabatlari hamon sovuqligicha qolmoqda. Bunga sabab esa ISHIDga qarshi kurashayotgan Suriya kurd jangarilaring AQSH tomonidan dastaklanayotganidir.

Turkiya G'arb voz kecha olmaydigan darajada muhim bir ittifoqchi va hamkordir. Ammo demokratiya masalasida har qaysi tomon o'z qarashiga ega. Bu qarashlar orasidagi farq tobora kattarib bormoqda.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TЕLЕGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring