Oʻzbek tomoni Mirziyoyevning ilk xorijiy safariga izoh berdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Official

Oʻzbek tomoni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga davlat tashrifini u yerda yaqinda oʻtgan prezident saylovlari bilan bogʻlagan.

Hukumat portalida eʼlon qilingan maqolada aytilishicha, Shavkat Mirziyoyev "oʻtgan oyda yangi saylangan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning birinchi oliy martabali mehmoni boʻladi".

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligining "Jahon" xabar agentligi muxbiri nomidan chop etilgan maqolada, shuningdek, Prezident Berdimuhamedovning marhum prezident Islom Karimovga alohida ehtirom koʻrsatgani ham urgʻulanadi.

"Birinchi Prezident Islom Karimov bevaqt vafot etgan damlarda yana bir bor oʻz tasdigʻini topdi. Milliy yoʻlboshchimiz bilan vidolashuv marosimida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov faol ishtirok etdi. Oʻshanda doʻst mamlakat rahbari ikki davlat oʻrtasidagi izchil hamkorlikning rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan buyuk davlat arbobi, dono siyosatchini Turkmaniston xalqi chuqur hurmat qilishini bayon etgan edi", - deyiladi maqolada.

Birinchi tashrif

Juma kuni Oʻzbekiston tomoni Prezident Shavkat Mirziyoyevning xorijga birinchi safari Turkmanistonga boʻlishini tasdiqlagan.

2 mart kuni Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Bosh vazirining oʻrinbosari Elyor Gʻaniyev boshchiligidagi hayʼat tashrifni tayyorlash maqsadida Ashxobodda muzokaralar oʻtkazgani haqida xabar bergandi.

Tashrif chogʻida jumladan, ikki davlat oʻrtasida Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi maʼlum qilingan.

Avvalroq Prezident Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Oʻzbekistonning yangi Prezidenti ilk xorijiy tashrifini Rossiyaga amalga oshirishi kutilayotganini aytgandi.

Oʻtgan oy oxirida Oʻzbekistondagi nashrlar Toshkentdagi Qozogʻiston elchixonasiga tayanib, birinchi tashrif Ostonaga boʻlishi mumkinligi haqida ham xabar tarqatgan.

Prezident Mirziyoyev qoʻshni davlatlar bilan aloqalarni yaxshilashni oʻz tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan deb eʼlon qilgan.

U hokimiyatga kelgan ilk kunlardanoq xususan, Tojikiston va Qirgʻiziston bilan munosabatlarni yaxshilash sari qadamlarni qoʻygan.

Marhum prezident Karimov davrida Oʻzbekistonning bu ikki davlat bilan munosabatlari muammoli boʻlib kelgan.

Toshkent kichik qoʻshnilarining gidroenergetika inshootlari barpo etish rejalariga qarshi chiqqan, oʻz navbatida Dushanbe va Bishkek Oʻzbekistonni energetikadan siyosiy bosim vositasi sifatida foydalanishda ayblaganlar.

Karimov qoʻshnilarni suv mojarosi mintaqada urushga olib kelishi mumkinligidan ham ogohlantirgandi.

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring