Rossiyaning ‘faollashuvi’ Markaziy Osiyo uchun nima degani?

Путин Фото муаллифлик ҳуқуқи COURTESY

Bu gal Pentagon rahbarining bayon qilishicha, AQSh Rossiyaning Afg'onistondagi "hozirligi" va Tolibon bilan aloqalaridan tashvishda.

Eslatib o'tish joiz, bungacha Amerikaning Afg'oniston va Evropadagi qator yuqori martabali generallari, ayrim taniqli senatorlari ham bu kabi xavotir bilan chiqishgan.

Jeyms Mettisga ko'ra, "so'z qurol-yarog' va boshqa narsalar haqida ketmayotgan esa-da, Rossiyaning Afg'oniston Tolibon harakatiga nisbatan faollashayotganiga guvoh bo'lishgan".

Pengaton rahbarining ta'kidlashicha, rasmiy Moskvaning boshqa mintaqalardagi faolligi manzarasida bu kabi vaziyat, so'zsiz, o'z xavotirlariga sabab bo'lmay qolmagan.

Yaqin Sharqdagi IShID guruhining qadami mintaqaga etgani ayon bo'lgan o'tgan ikki yarim yil vaqt ichida esa, Rossiyaning Tolibon bilan yaqinlashayotgani, ularga, hatto, qurol-yarog' etkazib berayotganiga oid xabarlar matbuotda kunda-shundalik tus olgan.

Ammo rasmiy Moskva bu kabi da'volarni izchil ravishda rad etib keladi.

Rossiya tomoni faqat "IShIdga qarshi kurash va AQShga nisbatan qarashlarida Tolibon bilan yakdil ekanliklari"ni bayon qilgandi.

Yangi diplomatik vositachi

Фото муаллифлик ҳуқуқи EPA

Xuddi shu manzarada Rossiya tashqi dunyoga Afg'oniston masalasida ham o'zini yangi diplomatik vositachi sifatida taqdim etgan.

Afg'on mojarosiga echim topish uchun allaqachon Xitoy, Pokiston, Hindiston va Eron kabi mintaqadagi asosiy o'yinchi davlatlar ishtirokidagi tinchlik muzokaralariga ham mezbonlik qilgan va ularni hali yana davom etdirish istagini ham bayon qilgan.

Voqealarning bu kabi rivoji asosan rasmiy Kremlning Ukraina inqirozida tutgan o'rni sabab, Rossiya va AQSh o'rtasidagi so'nggi yillarda jiddiy darz etgan o'zaro aloqalar hali-hanuz o'nglanmagan bir manzarada kuzatilgan.

Mintaqada o'z ta'sirini parvarishlash va yanada kuchaytirish harakatida bo'lgan bu ikki qudrat o'rtasidagi tanglik esa, Ukraina va Suriyadagi voqealar ortidan, aynan aksariyati Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh Afg'onistonning yangi proksi urushi maydoniga aylanishiga oid xavotirlarni paydo qilgan.

Shu yil yanvar oyida rasman qudratga kelgan yangi prezidenti Donald Tramp boshqaruvi ostida o'zaro aloqalarning qayta ilishiga oid umidlar esa, halicha o'zini oqlamagan, aksincha, AQSh siyosatida aksilrossiyaviy ritorika kuchayishi barobarida, Afg'onistondagi Amerika harbiylari sonini keskin ko'paytirishga oid da'vatlar ham ustma-ust yangray boshlagan.

"Bosim"

Фото муаллифлик ҳуқуқи COURTESY

Siyosiy tahlilchilarga ko'ra esa, Rossiyaning shundoqqina biqinlaridagi Afg'onistonda "faollashuvi" Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan ham geosiyosiy va ham xavfsizlik nuqtai nazaridan bosimning oshib borayoganini ko'rsatadi.

"Agar, rossiyalik ekspertlarning fikrlariga qaraydigan bo'lsangiz, Rossiya keyingi davrda bu so'nayotgan imperiya. So'nishining asosiy indikatorlari esa, bu - birinchisi demografiya, ikkinchisi hududiy nomutanosibligi. Ya'ni, agar, Rossiyaning sharqiy qismi nazarda tutilsa, bir kvadrat kilometrga bor-yo'g'i ikkita odam to'g'ri keladi, xolos. Uning iqtisodiyoti, siyosiy jozibadorligi keyingi davrda ancha zaiflashdi. Ya'ni, prezident Putinning rasmiy e'tirofiga ko'ra, SSSRning tarqalishi Rossiya uchun 20-asrdagi eng katta fojea, tarixiy-siyosiy fojea", - deydi, jumladan, Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

Suhbatdoshimizga ko'ra, "Rossiya Markaziy Osiyoni to'laligicha o'z ta'siri ostida ushlab turish orqali insoniy, geosiyosiy, iqtisodiy va siyosiy salohiyatini parvarishlashni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan".

"Rossiya Afg'onistonga toliblar, "toliblar hamkorligi" orqali qaytar ekan, uning o'sha geosiyosiy sarhadi, hududi anchagina janubga ko'chgan hisoblanadi. Bu orqali esa, Rossiyaning Markaziy Osiyoga ta'sir qilish imkoniyatlari, ya'niki, bir tomondan, Afg'onistondagi voqealar va hodisalar orqali Markaziy Osiyo geosiyosati va xavfsizligiga bosim va yoki ta'sir o'tkazish imkoniyatlari jiddiy kuchayadi", - deydi bu siyosiy tahlilchi suhbatdoshimiz.

Yangi rejalar

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Xuddi shu manzarada Pentagon rahbarining kecha, juma kungi qilgan chiqishida bayon qilishicha, Afg'onistonda AQSh qo'shinlari sonini oshirishni tavsiya qilish-qilmaslik borasida halicha bir qarorga kelmagan.

Ammo, tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, agar, bu kabi qadamga borsa, "AQSh Rossiya, Xitoy va rasmiy Pekinning ittifoqchisi bo'lgan Pokistonning Afg'onistonni ko'zlagan loyihalari, ta'sir doirasini ma'lum bir ma'noda kamaytira oladi".

"Chunki har qanday joyda ham siyosiy, geosiyosiy bo'shliq paydo bo'lganda, u erda parokandalik va raqobat kuchayib boradi. Amerika ma'muriyati esa, bugun ana shu bo'shliqni sezayapti", - deydi u.

"Mana, Iroqdan tezda chiqib ketish, jiddiy bo'shliq, vakuum paydo qildi va o'rtada IShID tashkiloti paydo bo'ldi. Buning geosiyosiy sabablari ham bor, albatta..".

"Iroq "fojeasi"dan keyin Amerikaning vaziyatga berayotgan bahosi o'zgardi. Endigi asosiy tendentsiya, menimcha, chiqib ketish emas, Afg'onistondagi kontingentni qaytadan parvarishlash bo'lishi mumkin keyingi yillarda. Bundan ko'zlangan maqsad esa, jumladan, Rossiya va Xitoyning Afg'onistondagi ishtirokini imkon qadar pasaytirish".

Xuddi shu o'rinda eslatib o'tish joiz, yaqinda Amerika tomoni Rossiyaning Afg'oniston masalasida aynan Xitoy, Pokiston va Eron bilan kuchayib borayotgan aloqalaridan ham o'z xavotirlarini izhor etgandi.

Xuddi shu manzarada yaqinda Rossiyaning Afg'onistonga bevosita qo'shni Tojikistondagi 201-sonli o'qchi bo'linmasini kuchaytirish, harbiylari sonini 6 mingga etkazish harakatida ekaniga oid xabarlar ham olingan.

Ammo rasmiy xabarlarda Rossiyaning bu istagi Afg'onistondan giyohvand moddalar kontrabandasi va jangarilarning xurujini oldini olish istagi bilan izohlangandi.

O'tgan oy esa, Pentagon rahbari Jeyms Mettis mamlakati joriy paytda Rossiya bilan harbiy emas, faqat siyosiy hamkorlikka hozir ekanini bayon qilgandi.

Munosabat

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Rossiyaning Afg'onistonda "faollashish" urinishlari va afg'on tuprog'idagi harbiylari sonini keskin oshirishga oid Amerika harbiylarining so'nggi paytlarda ustma-ust yangrayotgan da'vatlariga biror bir Markaziy Osiyo davlati rasman o'z munosabatini bildirganicha yo'q.

Orada Afg'oniston Tashqi ishlar vazirining Rossiyaga, O'zbekiston Tashqi ishlar vazirining Kobulga safarlari kuzatilgan.

Tomonlar har ikki uchrashuv ortidan har tomonlama hamkorlikni kuchaytirish istagini izhor etishgan.

So'z o'z mamlakatlari xususida ketayotgan esa-da, bu xususdagi munosabatini halicha Afg'oniston rahbariyati ham rasman izhor etib chiqmagan.

Afg'onistonga bevosita chegaradosh bo'lgan O'zbekiston rahbariyati shu paytga qadar afg'on mojarosiga tinch yo'l bilan echim topilishiga tarafdorlik qilib kelgan.

Shavkat Mirziyoev Afg'onistonga oid o'zining ilk rasmiy bayonotini hali muvaqqat prezident ekan, o'tgan yil oktyabr oyida qilgan.

Afg'oniston bilan har tomonlama hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash tarafdori ekanliklarini bildirgandi.

O'zbekiston Tolibon tuzumi qulatilgan 2001 yildan buyon AQSh boshchiligidagi harbiy ittifoq qo'shinlarining Afg'onistondagi harbiy amaliyotlari uchun muhim ta'minot yo'li vazifasini bajarib kelgan.

Qo'shni Afg'onistonni tashqi dunyo bilan yagona temir yo'l yordamida bog'layotgan va o'ng'ay avtomobil yo'liga ega O'zbekiston xorijiy ittifoq qo'shinlarining ommaviy safarbarliklari ortidan ham muhim mamlakat sifatida qolmoqda.

"Qo'shilmaslik siyosati"

Фото муаллифлик ҳуқуқи Press

O'zbekistonning hozirda marhum prezidenti Islom Karimov ham o'zining so'nggi yillarda qilgan chiqishlarida Afg'oniston borasida o'z aqllari bilan siyosat yuritishlari va o'zlariga manfaat keltiradigan ishlarni qilishlarini alohida ta'kidlagan.

Takror va takror Afg'oniston masalasida betaraf siyosatlariga sodiq qolishlari va u erdagi biror bir muxolif guruhni qo'llash niyatlari yo'qligini urg'ulagan.

Afg'oniston bilan doimo ikki tomonlama munosabatda bo'lishgani va bundan keyin ham xuddi shu tariqa yo'l tutishlarini davomiy ravishda bayon qilib kelgan.

Ammo Islom Karimov, "hatto, qudratli davlatlar bo'lmaydimi, hozir dunyoda hech kim afg'on mojarosining ertangi echimi nima bo'lishini bilmasligi, mavjud vaziyat o'zlarini jiddiy tashvishga solayotganini" ham yashirmagandi.

O'zbekiston yangi hukumati allaqachon tashqi siyosatda marhum Islom Karimov "kontseptsiyasiga sodiq qolish" - qo'shilmaslik siyosatini davom etdirishlarini bayon qilgan.

Hali muvaqqat prezidenti ekan, Shavkat Mirziyoev bundan buyog'iga ham o'zlarining ko'pqutbli siyosat olib borishlariga ishora qilgandi.