Tolibon ‘Mansuriy’ amaliyotini boshladi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFghan islamic press

O'zbekiston bilan bevosita chegaradosh shimoliy Balx viloyatida uyushtirgan qonli hujumidan bir hafta o'tib, Afg'oniston Tolibon harakati rasman o'zining bu yilgi bahorgi amaliyotini e'lon qildi.

Harakat "Mansuriy", deb nomlanuvchi amaliyoti chog'ida Afg'onistondagi xorijiy ittifoq qo'shinlari va ularning mahalliy ittifoqchilarini nishonga olishga va'da berdi.

Tolibon rahbariyatining ogohlantirishicha, o'zining maqsadiga erishish uchun bu yil yangi taktikalardan foydalanmoqchi.

Ularning juma kungi bayonotida aytilishicha, "hukumat kuchlarini tinch qo'yishmaydi": "Hujumga tutib, o'ldirishadi yoki qo'lga olishadi".

Buning uchun "odatiysidan tashqari, partizanlik urushi, murakkab xudkushlik amaliyotlari va raqiblarining o'z qo'llari bilan amalga oshiriluvchi hujumlarga zo'r berishadi, bularning barchasiga qo'shimcha, uzoqdan turib boshqariluvchi portlovchi uskunalardan ham foydalanishadi".

Harbiy tahlilchilarga ko'ra, bu yilgi bahorgi amaliyotini "Mansuriy", deb nomlash uchun Afg'oniston Tolibon harakati marhum lideri Mulla Axtar Mansurga nisbat bergan bo'lishi mumkin.

Mulla Axtar Mansur harbiy doiralarda toliblarning eng janggari va shafqatsiz qo'mondonlaridan biri sifatida ko'rib kelingan.

Agar, eng so'nggi xalqaro hisob-kitoblarga tayanilsa, bugun afg'on tuprog'ida jang qilayotgan jangarilarining umumiy soni kamida 45 mingga etadi.

Ulardan aksariyatini esa, aynan Tolibon harakati a'zolari tashkil etishadi.

An'anaga muvofiq, Afg'oniston Tolibon harakatiga bay'at keltirib keluvchi Pokiston Tolibon harakati esa, o'zining bu yilgi harbiy amaliyotlari borasida hozircha jim.

Afg'oniston Tolibon harakatining so'nggi bayonotiga o'z munosabatini bildirarkan, rasmiy Kobul "ularning durust-quruq bir narsaga erisha olmasliklari"ni aytgan.

Toliblarni ham siyosiy va ham harbiy jabhada mag'lub etishga qodir ekanliklarini bayon qilgan.

Bayonot va hujum

Tolibonning bu yilgi harbiy amaliyoti arafasida Balxda uyushtirgan qonli va o'ta halokatli hujumi esa, ham mahalliy va ham xalqaro harbiy tahlilchilarning birdek xavotirlariga sabab bo'lmay qolmagan.

Harakat bor-yo'g'i 10 ga yaqin jangarisi bilan Afg'oniston Qurolli Kuchlarining mamlakat shimolidagi eng yirik harbiy bazasi ichkarisiga sizib kirishga muvaffaq bo'lgan, birgina rasmiy raqamlarning o'zida kamida 135 afg'on harbiysini o'ldirgan, katta sondagisini yaralagan.

Qurbonlarga oid haqiqiy raqamlar esa, aytilganidan ko'ra ikki barobar ko'p bo'lishi mumkinligi ishoniladi.

Tolibon, bundan tashqari, naq bu yilgi bahorgi amaliyotlari arafasida birgina shu hujumining o'zi bilan Afg'oniston Mudofaa vaziri va Qurolli Kuchlari Bosh qo'mondonining iste'fo berishiga erishgan.

Hozir Afg'oniston hududining 10 foizi to'liq ularning nazorati ostida va yana 20 foizida ularning hozirliklari bor.

E'tiborli jihati shundaki, harakat bunga katta sondagi G'arb boshchiligidagi ittifoq qo'shinlarining Afg'onistondan 2014 yilgi ommaviy safarbarliklari ortidan, bor-yo'g'i ikki yilning ichida erishgan.

Tolibon va talofatlar

Agar, Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi hisobotiga tayanilsa, o'tgan bir necha oyning o'ziyoq Afg'oniston uchun eng qonlilaridan biri bo'lib ulgurgan.

"Afg'oniston katta sonda insoniy talofatlar berishda davom etgan, hali joriy yilning birinchi choragida mingga yaqin kishi qurbon bo'lgan, bir yarim mingga yaqini yaralangan".

Yillarki, afg'on urushida berilayotgan eng katta sondagi talofatlarga Afg'oniston Tolibon harakati mas'ul, deb ko'rib kelinadi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining bu xususdagi so'nggi hisoboti Afg'oniston Tolibon harakatining bu yilgi bahorgi amaliyotiga oid bayonoti arafasida e'lon qilingan.

Xalqaro tashkilot payshanba kungi hisobotida Afg'onistondagi urushayotgan tomonlarni oddiy aholi himoyasi yo'lida jadallik bilan va aniq choralar ko'rishga ham da'vat qilgan.

Tolibon harakati o'zining yangi bayonotida bunga va'da qilgan esa-da, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko'ra, Afg'onistonda joriy yil hisobidan berilgan talofatlarning yarmidan ko'prog'iga yana ular mas'ul bo'lishgan.

Ammo

Respublikachi prezident Donald Tramp boshchiligi ostidagi yangi AQSh ma'muriyati esa, halicha o'zining Afg'onistonga oid to'liq strategiyasini e'lon qilmagan.

2014 yilgi ommaviy safarbarlik ortidan afg'on tuprog'ida qolayotgan 10 mingdan ortiq NATO boshchiligi ostidagi ittifoq kuchlarining aksariyati amerikalik harbiylardan tashkil topgan.

Ularning Afg'onistonda qolish muddatlari hali Barak Obama AQSh prezidenti ekan, joriy yilning yakuniga qadar uzaytirilgan.

Ammo yangi Amerika ma'muriyati halicha ularning yakuniy taqdiri borasida bir so'z demagan.

Donald Trampning rasman qudratga kelishi ortidan kechgan o'tgan uch oy ichida qator yuqori martabali AQSh generallari va ayrim obro'li senatorlari tomonidan afg'on urushida tub burilish yasash uchun Afg'onistondagi harbiylari sonini keskin oshirishga oid da'vatlar bir emas, bir necha bor yangragan.

Pentagon rahbari esa, yaqinda qilgan chiqishida ham bu xususda o'zining yakuniy qarorini berishga shoshmayotganini bayon qilgandi.

Ustma-ust tashriflar

Lekin xuddi shu manzarada qator yuqori martabali AQSh harbiy mulozimlarining Afg'oniston va unga qo'shni mintaqa davlatlariga serqatnov bo'lib qolganliklari kuzatiladi.

Afg'oniston Tolibon harakatining bu yilgi bahorgi amaliyotiga oid bayonoti ham AQSh yangi prezidentining Milliy masalalar bo'yicha maslahatchisi va yangi Mudofaa vazirining poytaxt Kobulga ketma-ket safari ortidan kuzatilgan.

Kuni-kecha AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo'mondonligi qo'mondoni general Jozef Leonard Votel ham O'zbekiston va ham Tojikistonga safar qilgan.

Tahlilchilar esa, bularning barchasi G'arbning Afg'onistondagi voqealarning so'nggi rivojidan anchagina sarosimaga tushganiga dalolat qilishini aytishgandi.

O'zining bu yilgi bahorgi amaliyotiga oid bayonoti arafasida va shimoliy Balx viloyatidagi qonli hujumidan bor-yo'g'i sanoqli kun o'tib, Afg'oniston Tolibon harakati ilk bor yangi rahbari Shayx Hibatulloh Oxunzodaning ovozi zabt etilgan videolavhasini e'lon qilgan.

"Shafqat va shafqatsizlik"

Yarim soatlik videolavhadan joy egallagan qariyb bir daqiqalik nutqida Tolibon harakati etakchisi jangarilariga Afg'oniston hukumat kuchlariga ishora qilib, "kofirlarning do'stlariga shafqat qilmaslik", "musulmonlarga nisbatan esa, o'ta shafqatli bo'lish"ni maslahat bergan.

Shayx Hibatulloh Oxunzodaning hozir aniq qaerda ekani ma'lum emas.

U bundan 11 oy oldin, Mulla Axtar Mansurning AQSh dron hujumida o'ldirilishi ortidan, Afg'oniston Tolibon harakatining lideri etib tayinlangan.

Tolibon harakatining bildirishicha, yangi rahbarlarining ovozi ilk bor o'rin olgan videolavhani g'arbiy G'o'r viloyatida tasvirga tushirishgan.

Qudratli G'arb esa, o'zining Afg'onistondagi 15 yillik harbiy hozirligi ortidan ham, Tolibon muammosiga hech bir yo'lda barham bera olmagan.

Tolibon harakati AQSh prezidenti etib rasman qasamyod keltirishidan bor-yo'g'i 5 kun o'tib, shu yilning 25 yanvar kuni Donald Trampga ochiq maktub bilan chiqqan, undan yana bir bor Afg'onistondan o'z qo'shinlarini olib chiqib ketish va o'z tarixidagi eng uzoq bu urushga chek qo'yishini so'ragan.

Harakat o'zining ochiq maktubi yakunida Amerika Qo'shma Shtatlari yangi prezidentini ogohlantirishni ham unutmagan.

"Agar, Amerika kuchlari Afg'onistonni tark etmay, "tinchgina" yashashlariga yo'l qo'ymaydigan bo'lishsa, o'zlariga urushishdan boshqa chora qolmasligi va bu ularning "qonuniy haqlari" bo'lishi"ni bayon qilgandi.

Prezident Donald Tramp va ma'muriyatining bu ochiq maktubga munosabatlari imkonli emas.

Tolibon muammosi

Ammo o'zining kuni-kecha Afg'oniston poytaxtida bergan ilk rasmiy matbuot anjumani chog'ida AQSh Mudofaa vaziri Jeyms Mettis Tolibon mamlakat siyosiy hayotida ishtirok etmoqchi bo'lsa, zo'ravonliklardan tiyilib, terrorchilikka "yo'q", deyishi shartligini bayon qilgan.

Afg'oniston Tolibon harakati esa, avvalboshdan afg'on tuprog'ida bitta xorijiy askar qolsa ham, o'zining biror bir tomon bilan tinchlik muzokaralariga bormasligini aytib keladi.

Boshqa tomondan, oxirgi paytlarda AQShning davomiy hozirligi ziddiga Rossiyaning Afg'oniston masalasida faollashuvi kuzatilgan.

Bu yilgi bahorgi amaliyotiga oid bayonoti Rossiyaning Afg'oniston Tolibon harakati bilan "yaqinlashayotgani", qator yuqori martabali AQSh harbiylari nazdlarida, ularni "qurol-yarog' bilan ta'minlayotgani"ga oid xabarlar manzarasida e'lon qilingan.

Amerika tomonining ayni mazmundagi da'volarini takroriy ravishda rad etib kelayotgan rasmiy Kreml esa, o'tgan uch oyning o'zida afg'on mojarosiga tinch yo'l bilan echim topishga qaratilgan mintaqaviy miqyosdagi bir necha bosqich sulh muzokaralariga mezbonlik qilib ulgurgan, ammo, hozircha, ularning birortasida Tolibon tomoni hozir bo'lmagan.

Eng so'nggida ta'kidlash joiz, agar, o'tgan ikki yilgisi bilan qiyoslansa, Afg'oniston Tolibon harakatining bahorgi amaliyotiga oid bu galgi rasmiy bayonoti o'n kuncha kechikib e'lon qilingan.

Harakat har ikki gal ham birinchi bo'lib Afg'onistonning Tojikistonga bevosita chegaradosh va strategik jihatdan muhim shimoliy-sharqiy Qunduz viloyatini nishonga olgan, keng ko'lamli, muvofiqlashtirilgan hujumlar uyushtirish, viloyat markazini ma'lum muddatga bosib olish, afg'on va xorijiy ittifoq qo'shinlarini jiddiy sarosimaga solib qo'yishning uddasidan chiqqandi.

Ustiga ustak, toliblarning bu yilgi bahorgi amaliyotlariga oid e'lonlari Afg'onistonning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh qator shimoliy va shimoliy-sharqiy viloyatlarida xavfsizlik bilan bog'liq vaziyat jiddiy izdan chiqib borayotgan bir paytga to'g'ri kelmoqda.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг