Oʻshda kampir oʻlimiga sabab boʻlgan aroqlar yoʻq qilindi

Qirgʻiziston Фото муаллифлик ҳуқуқи Turmush

Oʻshda din vakillarining Japalaq (Yapaloq) qishloq hududi aholisi bilan oʻtkazgan yigʻinidan soʻng, mavzeʼning barcha doʻkonlarida spirt ichimliklarini sotish man qilinib, mavjudlari esa yoʻq qilindi.

Videoni You Tube kanalimizda tomosha qiling.

Bunga mazkur qishlov yashovchisi 83 yoshli oqsoqolni mast xolatida 79 yoshdagi oʻz kampirini pichoqlab oʻldirgani sabab boʻlgan.

Yigʻinga Oʻsh shahar qozisi Ubaydullo hoji Sariboyev, Japalaq qishloq hududi rahbari Sanjar Eshmanov boshchiligida qishloq oqsoqollari, qishloq sudi rahbarlari, hamda militsiya hodimlari qatnashgan.

"Biz bungancha aroq harom ekanini aytib kelganmiz. Halol, tinch xayot uchun harom narsadan yiroq boʻlishimiz zarur" - dedi Oʻsh shahar qozisi.

Yigʻin davomida qishloq hukumatining 13 qishlogʻida spirt ichimliklarini sotadiganlarga 5 mingdan 10 ming soʻmgacha jarima puli solinishi haqida qaror qabul qilindi va bu xolatni nazorat qilish uchun maxsus komissiya tashkil etildi.

Japalaq qishloq hukumatida spirtlik ichimliklarni sotishni bartaraf etish tashabbusini koʻtargan guruh vakili Talant Qodirovning soʻzlariga koʻra, yoshlar 300 ming soʻm yigʻib, doʻkonlardagi aroqlarni sotib olishgan.

"Qishloqdagi doʻkonlardan 3 kun beri spirt ichimliklari yigʻishtirib olinmoqda. Bunga 83 yoshdagi oqsoqolimizni oʻz kampirini pichoqlab qoʻygani sabab boʻldi. Bundan keyin qishloq yoshlari bironta doʻkonda aroq sottirmaymiz. Bu tashabbusni oqsoqollarimiz ham qoʻlladilar. Spirt ichimliklarini sotish bilan tirikchilik oʻtkazayotgan hamkishloqlarimizga boshqa tarafdan qoʻllov koʻrsatib turamiz. Hozir 300 ming soʻmdan ortiq pulga doʻkonlardagi ichimliklarni oʻz bahosida sotib oldik. Ularni chiqindi tashlanuvchi joyga olib borib sindirdik" - dedi Talant Qodirov.

Aroq vajidan kampir oʻldi

seshanba kuni Oʻsh shahar militsiyasi Japalaq qishloq hududida yashagan 83 yoshli oqsoqol oʻzining 79 yoshli kampirini pichoqlab oʻldirgani gumoni bilan qoʻlga olingani haqida maʼlumot tarqatdi.

Maʼlum boʻlishicha, militsiyaning navbatchi boʻlimiga 14 iyulda soat 18:40lar chamasida Japalaq qishlogʻining Attoqurov koʻchasida pensiya yoshidagi ayol qonga belanib yotgani haqida xabar tushadi. Voqea joyiga borgan Oʻsh shahar militsiyasi rahbariyati, tezkor tergov guruhi ayol, 1938 - yilda tugʻilgan M.A. ekani va u boʻyniga sanchilgan pichoqdan vafot etganini aniqlagan.

Tezkor tergov ishlari olib borilishi natiyjasida, bu jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib, kampirning choli 83 yoshli T.M. ismli shaxs qoʻlga olingan.

U oʻz koʻrsatmasida: "Oʻsha kuni biroz shirakayf edim. Kampirim ikkalamiz taomlanib oʻtirib, aytishib ketdik. Men uni "mol-holni vaqtida qarab, choʻp-suvini berib qoʻymaysanmi" deb koyidim. U menga gap qaytarganda jahl ustida, stol ustidagi pichoqni uni quloq tagiga sayib yuborganman. U baqirib, hovliga qochib chiqib ketgan" - deya voqeani soʻzlab bergan chol.

Tergovni boshlangʻich natiyjalariga koʻra, marhuma M.A.boʻyniga sanchilgan pichoqni ushlagan xolda koʻchaga yordam soʻrab yugurib chiqqan. Koʻp qon yoʻqotganligi sabab uyning oldida yiqilib, oʻsha yerda jon bergan. Ekspertiza xulosasiga koʻra, gumonlanuvchi T.M. oʻsha paytda spirt ichimligini isteʼmol qilganligi aniqlangan.

Hozirda mazkur xolat yuzasidan "odam oʻldirish" moddasi bilan jinoiy ish qoʻzgʻatilib, tergov ishlari olib borilmoqda. Jinoyatga aloqador shaxs Oʻsh shahar tergov qamogʻiga kirgizilgan.

Oʻz rafiqasini oʻldirganlikda gumonlanayotgan 83 yoshli chol, kampiri bilan 1956-yili oila qurib, 61 yillik xayotlari davomida 2 oʻgʻil va 4 qizni tarbiyalab voyaga yetkazganlar va bir nechta nabiralarga ega.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02