Gollivud yulduzi Maykl Duglas saratonga qarshi kurashayotganini oshkor etdi

Maykl Duglas
Image caption Maykl Duglas Devid Litterman olib boruvchi televizion shoulardan birida saratonga qarshi kurashayotganini e‘tirof etdi

Maykl Duglas tomoq saratoniga qarshi "sakkiz haftalik" kurash bilan ro‘baro‘ bo‘layotganini oshkor etdi.

Dunyoning eng mashhur kino yulduzlaridan biri biopsiya tashxisi unda tez sur‘atlarda rivojlanuvchi "to‘rtinchi darajali saraton" borligini aniqlaganini aytdi.

Saratonga chalingani uch hafta muqaddam aniqlangan Maykl Duglas ikki oylik radiatsiya va kimyoviy terapiyaning ikki haftasini o‘tkazganini ma‘lum qildi.

Aktyorga ko‘ra, butkul sog‘ayib ketish uchun unda 80 foiz va hattoki undan ham ko‘proq imkoniyat bor ekan.

Bez tomoq ustida joylashgani uchun "umidlarimiz katta," dedi Maykl Duglas.

Gollivud yulduzi yoz boshida tomog‘i shishib ketishi ortidan qator tekshiruvlar o‘tkazgani, biroq ularda hech narsa aniqlanmaganini aytdi.

Ammo yozgi ta‘tildan keyin aktyor biopsiya o‘tkazadi va unda o‘ta tez suratlarda o‘sayotgan saraton borligi aniqlanadi.

Image caption Maykl Duglasning mashhur kinoaktrisa Ketrin Zeta Jonsdan ikki yosh farzandi bor

Mashhur kinoaktrisa Ketrin Zeta Jonsdan ikki yosh farzandi bo‘lgan Maykl Duglas avvalgi tekshiruvlar paytida shifokorlarning hech narsa topa olmaganidan ranjiganini aytdi.

"Men yoz boshidan buyon tomog‘imga bir narsa bo‘lgan, deb shikoyat qilib kelayotgandim, lekin ular hech narsa topa olishmadi," deydi aktyor.

O‘tgan hafta Duglas va uning sobiq turmush o‘rtog‘i Diandra Duglasning advokatlari o‘rtasida tortishuvlar bo‘lib o‘tdi.

Maykldan 2000 yilda ajrashgan Diandra aktyorning bo‘lajak "Wall Street" filьmidan oladigan daromadining teng yarimiga da‘vogarlik qilmoqda.

Ajralish ajrimiga muvofiq, Diandraga Maykl bilan yashagan davrlarida olingan filьmlar daromadiga sheriklik qilish izni berilgan edi.

Bu Diandraga aktyorning yangi olayotgan filьmiga sheriklik qilish imkonini yaratdi.

Diandra Duglasning da‘vo qilishicha, "Gordon Gekko" roli 1987 yilda suratga olingan filьm qahramoni sarguzashtlarining davomidir.

Nьyu-York mahkamasi ayni shikoyat bo‘yicha hozircha hech qanday ajrim chiqargani yo‘q.