Tolekan Ismoilova: 'menga shaxsan O‘sh meri tahdid qilgan'

Tolekan Ismoilova

Qirg‘iziston janubidagi qonli hodisalar ortidan mamlakatni tark etgan taniqli inson huquqlari himoyachisi Tolekan Ismoilova Parij shahrida matbuot anjumani uyushtirdi.

Tolekan Ismoilova iyun oyining 10-sanasida O‘sh shahrida boshlangan qonli hodisalarni yaqindan kuzatgan, Narimon qishlog‘idagi reyd borasida ommaviy axborot vositalariga Qirg‘iz huquq-tartibot organlari bayonotidan farq qiladigan xabar tarqatgan edi.

Shundan so‘ng Qirg‘iziston janubidagi hodisalar yuzasidan o‘z monitoringini yuritayotgan Tolekan Ismoilova hamda Aziza Abdurasulovalar prokuraturaga chaqirtirilgan edilar.

"bu yerga bosing Zo‘ravonliklar miqyosi haqidagi ma‘lumotlarimiz kimgadir yoqmayapti", deya bayonot tarqatgandi Tolekan Ismoilova.

Iyul oyining boshida Tolekan Ismoilova Qirg‘izistonni tark etishga majbur bo‘lgani, bunga o‘zi hamda farzandlarining hayotiga tahdid yuzaga kelgani sabab bo‘lgani haqida bayonot tarqatgan edi.

Parijdan Bi-bi-siga gapirgan Tolekan Ismoilova o‘ziga O‘sh shahri meri Melis Mirzakmatov tomonidan tahdidlar bo‘lganini aytgan.

Tolekan Ismoilova:Tahdidlar O‘sh shahrining meri Melis Mirzaakmatov tomonidan bo‘ldi. Prezident Roza O‘tinboyeva bilan uchrashayotgan edik, Mirzaakmatov meni ko‘rib, to‘xtadi va tahdid qilishga tushdi. U: "Siz nima uchun o‘zbeklarga qarshi katta zo‘ravonliklar bo‘ldi, deb aytdingiz? Nima siz buni genotsid demoqimisiz? Siz bilan hali gaplashamiz," dedi. Shuningdek, taniqli siyosiy rahbarlaridan biri bir odam orqali ehtiyot bo‘lishim kerakligi, hayotim xavf ostida ekanini yetkazdi. Bu siyosatchi unda meni jinoiy guruhlar orqali yo‘q qilishlari mumkinligi haqidagi ma‘lumot borligini aytgandi. Xullas, tahdidlar ko‘p bo‘ldi. Lekin, eng achinarlisi, Qirg‘izistonda 10 mingga yaqin nodavlat tashkiloti bo‘la turib, ular orasidan O‘shga borib haqiqatni dunyoga e‘lon qilganlari kam bo‘ldi. Men bundan juda ham afsuslanaman.

Bi-bi-ci: Siz Qirg‘izistondan chiqib ketish arafasida bayonot tarqatib Qirg‘iziston janubidagi zo‘ravonliklar ortida turgan rahbarlarni bilishingizni aytgan edingiz. Ular kimlar edi?

Tolekan Ismoilova: Meni o‘ylashimcha, may va iyunь oyidagi hodisalar aprelь oyidagi davlat to‘ntarishining davomidir. Shuning uchun, hozirda Qirg‘izistonda saylovlarning o‘tkazilishi mamlakatga barqaorlik olib keladi, deyish soddadillikdir. Shaxs erkinliklari va ozodliklari bo‘lmas ekan, Qirg‘izistonda demokratiya bo‘lmaydi. Bugunda muvaqqat hukumat teppasida bo‘lgan 14 shaxs qonun maydonida bo‘lishdan bosh tortishar ekan va Qirg‘izistonda sodir etgan qilmishlari uchun javob berishmas ekan hech narsa o‘zgarmaydi. Bugun Ro‘za O‘tinboyeva o‘zi qolib ketgan. U atrofida muammoli, milliyatchi va bo‘lginchilik ruhidagi, korruptsioner rahbarlar galasi ichida qolib ketgan. Shuning uchun, bugun xalqaro hamjamiyat xalqaro politsiyachilarning Qirg‘izistonga joylashtirish ustida, Iyunь oyidagi hodisalar bo‘yicha tuzilajak xalqaro komissiya ishonchli va mandatli bo‘lishi uchun ishlashi kerak. Qirg‘iziston aholisi, zo‘ravonliklardan jabr ko‘rganlar, ayniqsa o‘zbeklar, nafaqat o‘z kelajaklariga, balki qonunan to‘liq himoyalangan ekanliklariga ishonib yashashlari kerak. Jinoyatchilar insoniyat o‘ngida sodir etgan jinoyatlari uchun javob berishlari shart, deb aytgan.