Tojikiston Mudofaa vazirligi: Rasht vodiysida 23 harbiy o‘ldirilgan

Rasht vodiysi Tojikistonning Afg‘oniston chegarasidan 40-80 kilometr shimolda joylashgan
Image caption Rasht vodiysi Tojikistonning Afg‘oniston chegarasidan 40-80 kilometr shimolda joylashgan

Tojikiston Mudofaa vazirligi xabar qilishicha, yakshanba kuni Afg‘oniston chegarasiga yaqin Rasht vodiysiga borayotgan harbiylar karvoni qurollilar pistirmasiga uchragan, oqibatda kamida 23 harbiy halok bo‘lgan, 20 dan ortiq kishi yaralangan.

Halok bo‘lganlar orasida besh zobit borligi xabar qilingan.

Norasmiy xabarlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni bundan ko‘p.

25 harbiyning taqdiri noma‘lumligi, balki ular hibsga olingan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar ham paydo bo‘lgan.

Mudofaa vazirligiga ko‘ra, 70 dan ziyod harbiylar o‘tirgan ikki yuk avtomobili 23 avgustda Dushanbe shahridagi hisbxonadan qochgan mahbuslarni qo‘lga olish maqsadida borayotgan bo‘lganlar, ular qattiq otishmaga duch kelganlar.

Harbiylarga granatomyot va pulemyotlardan o‘t ochilgan.

Tojik rasmiylari hujumda islomiy jangarilarni ayblaganlar.

Yakshanba kuni ro‘y bergan hujumdan bir necha soat ilgari Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Nьyu-Yorkka BMT sammitiga uchib ketgan.

Tojikiston rahbari halok bo‘lganlarning yaqinlariga ta‘ziya izhor etgan, "mamlakatning ushbu qismida vaziyatni barqarorlashtirish uchun barcha choralarni ko‘rishga" chaqirgan.

Otishma yuz bergan joy - Rasht vodiysining Kamarob darasi Tojikistonning Afg‘oniston chegarasidan 50 kilometrcha shimolda, poytaxt Dushanbedan 200 kilometrcha uzoqlikda joylashgan.

Tojikiston Mudofaa vazirligiga ko‘ra, ushbu hujum 1990-yillarda Tojikistonda kechgan fuqarolar urushi paytidagi sobiq dala qo‘mondonlariga aloqador jangarilar tomonidan amalga oshirilgan, unda xorijiy yollanma jangarilar ishtirok etganlar.

Hujumni fuqarolar urushi davridagi dala qo‘mondoni Mullo Abdullo va "Ali Bedak" nomi bilan tanilgan Alovuddin Davlatov guruhlari uyushtirgan deb taxmin qilinayapti.

Mudofaa vazirligi so‘zchisi Faridun Mahmadaliyev so‘zlariga ko‘ra, hujumda Afg‘oniston, Pokiston va Rossiyaning Checheniston respublikasidan bo‘lgan jangarilar qatnashganlar.