Richard Holbruk: AQShning Afg‘onistondagi strategiyasi ish bermaydi

Image caption Kitobda strategiya borasida Obama hukumatidagi ichki kelishmovchilik va tortishuvlar avval xabar berilganidan ham kuchliroq bo‘lganini ochib tashlanadi

AQShda nashrga tayyorlangan "Obamaning urushi" kitobida yozilishicha, Amerika prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus elchisi Richard Xolbruk bu mamlakat uchun ishlab chiqilgan strategiya ish berishiga ishonmaydi.

Kitob muallifi Bob Vudvord bo‘lib, u 1970-yillarda AQSh prezidenti Richard Nikolson iste‘fosiga sabab bo‘lgan "Uotergeyt" masalasi bo‘yicha izlanish olib borgan keksa jurnalistdir.

New York Times ro‘znomasi Bob Vudvordning yangi kitobidan parchalar e‘lon qilgan.

"Obamaning urushi" kitobiga ko‘ra, AQSh ma‘muriyatida Afg‘onistonga mo‘ljallangan strategiya yuzasidan qattiq kelishmovchiliklar yuzaga kelgan.

Bob Vudvordning yozishicha, Amerikadagi ayrim yuqori lavozimdagi mulozimlar Prezident Obamaning Afg‘onistonga qo‘shimcha 30 ming askar yuborish va 2011 yil yozidan AQSh qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketish rejasini ma‘qullashmaydi.

Kitobda Prezident Obamaning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus elchisi Rivard Xolbrukning Afg‘onistonga mo‘ljallangan AQSh strategiyasi "ishlamaydi" degan so‘zlari keltirilgan.

Afg‘onistonga oid strategiya masalasida Obama ma‘muriyatida ziddiyatlarning bo‘lgani hamda mazkur strategiyani bir shaklga keltirish mushkul va og‘riqli jarayon bo‘lgani sir emas, deydi Bi-bi-si muxbiri Nik Chaylds.

Alaloqibat, tortishuvlar va hisobotlarga qaramasdan, AQSh Prezidenti Barak Obama o‘tgan yil dekabrida olgan qaroridan chekinmadi va o‘zi tanlagan yo‘ldan bordi.

Yaqinda chop etilishi kutilayotgan kitobda strategiya borasida Obama hukumatidagi ichki kelishmovchilik va tortishuvlar avval xabar berilganidan ham kuchliroq bo‘lganini ochib tashlanadi.

Unda aftidan Prezident Obama va yuqori harbiy qo‘mondonlar hamda harbiylar ichida shubha qilinganidan ham ko‘proq bo‘linish va kelishmovchiliklar bor edi, degan g‘oya ilgari surilgan.

"Obamaning urushi" kitobiga ko‘ra, janob Obama Afg‘onistondan chiqib ketish qarorini faqatgina mahalliy siyosiy sabablar bilan bog‘lagan.

Ya‘ni, qo‘shinlar chiqib ketganidan keyin Afg‘onistonda qanday ahvol yuzaga kelishidan ham ko‘ra ko‘proq janob Obamani o‘z partiyasi a‘zolarining dastagi ko‘proq o‘ylantirgan.

Yangi kitobga ko‘ra, Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay vosvos kasaliga chalingan.

Amerika josuslik xizmati Afg‘onistonda uch yuz ming afg‘ondan iborat maxfiy armiyaga ega, deb ham qayd etiladi "Obamaning urushi" kitobida.