Tojikiston: Islom Uyg‘onish Partiyasi tinchlikka da‘vat qilmoqda

Image caption 19 sentyabrda yuz bergan hujumdan so‘ng Rasht vodiysida hukumat kuchlari "tozalash" amaliyotlarini o‘tkazmoqdalar.

Tojikiston Islom Uyg‘onish Partiyasining siyosiy kengashi mamlakatdagi joriy vaziyat va Rasht vodiysidagi beqarorliklar yuzasidan mamlakat xalqiga murojaat bilan chiqdi.

Murojaatda oxirgi vaqtlarda ro‘y bergan hujumlar qoralanib, tinchlikni saqlash va milliy birlik yo‘lida qat‘iy qadamlar qo‘yish vaqti kelganligi aytiladi.

"Muxolifat va hukumat o‘rtasida tinchlik bitimining imzolanishi mamlakatda ko‘pdan beri kutilgan tinchlik va barqarorlikni olib kelgandi, lekin Tojikistonning ba‘zi ichki va tashqi dushmanlari dushmanlik urug‘larini sepishga intilmoqdalar", deyiladi murojaatda.

Islom Uyg‘onish Partiyasiga ko‘ra, ekstremizm hamisha Tojikistonga xavf solib kelgan, lekin yarashuv madaniyati, o‘zaro bir-birini tushunishga harakatlar, bag‘rikenglik va kechirimli bo‘lish mamlakatni hamisha vayronagarchilik domidan qutqarib kelgan.

Murojaatda aytilishicha, hozirda qotilliklar va portlashni qoralab, ta‘ziya izhor etishning o‘zi kifoya emas. Tinchlik va milliy birlikni mustahkamlash yo‘lida qat‘iy qadamlar qo‘yish fursati kelgan.

Ayni vaqtda 19 sentyabr kuni hukumat kuchlariga qarshi hujum ortida turganlikda ayblangan sobiq dala qo‘mondonlaridan Aloviddin Dovlatovning avvalroq hibsga olingan inisi Husniddin Dovlatovning iqrori milliy televideniye orqali namoyish etildi.

Rasht mahalliy ma‘muriyati rahbarining sobiq o‘rinbosari Husniddin Dovlatov ba‘zi xabarlarga ko‘ra sentyabr oyi boshlarida Salafiya diniy oqimiga mansublikda gumon qilinib, boshqa xabarlarga ko‘ra esa, hujumdan so‘ng o‘tkazilayotgan reydlar mobaynida hibsga olingan.

Husniddin Dovlatov inisi Alovuddin 100 ga yaqin mahalliy yoshlarni harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazgani va 19 sentyabrdagi hukumat kuchlariga qarshi hujumni uyushtirishda qatnashganligini aytgan.

Lekin ko‘plab kuzatuvchilar huquq-tartibot organlari qo‘lida bo‘lgan shaxslarning bu kabi iqrorlari samimiyligini hamisha shubha ostiga olib kelganlar.

BBCUZBEK.COM tahririyati SMS raqami +447786201124