Сўнгги янгиланиш 24 сентябр 2010 - 16:26 GMT

Tojikistondagi hujumlar ortida O‘zbekiston Islomiy Harakati turibdimi?

O‘zbekiston Islomiy Harakati yaqinda o‘z rahbari Tohir Yo‘ldosh halok bo‘lganini tan olib, yangi lideri Usmon Odil ekanini e‘lon qilgan

Frans Press agentligining xabariga ko‘ra, Tojikiston qo‘shinlari Rasht vodiysida bugun o‘tkazgan yangi amaliyoti natijasida yana uch islomiy jangari o‘ldirilgan.

Mamlakat sharqida joylashgan Rasht tumanida harbiylar karvoni qurolli hujumga uchrashi ortidan u yerda komendantlik soati o‘rnatilgandi.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, 19 sentyabr kuni yuz bergan hodisada 28 harbiy nobud bo‘lgan.

Kuni kecha O‘zbekiston Islomiy Harakati mazkur hujum uchun mas‘uliyatni o‘z bo‘yniga olgan.

BBC mintaqadagi islomiy jangarilik buyicha mutaxassis peshovorlik Rahimulla Yusufzaydan bu da‘volarda qanchalik jon bor deb so‘radi.

Yusufzay: Bilasizmi, odatda jangari guruhlar katta hodisalar uchun mas‘uliyatni o‘z bo‘yniga olishni hush ko‘radilar. Al-Qoida, Tolibon va ularga o‘xshash guruhlar bunday bayonotlar bilan chiqib turadi. Ba‘zi bayonotlari haqiqatdan yiroq bo‘lishi mumkin. Ikkinchidan, mazkur mintaqada faol bo‘lgan boshqa guruhlarga ham nazar tashlashimiz lozim. Lekin, nazarimda, Tojikistonda shu darajada faoliyat yurgizayotgan yirik guruhlar yo‘qdek ko‘rinadi. Va biz mintaqadagi faoliyatning tarixini inobatga olsak, bu hujumlarni O‘zbekiston Islomiy Harakati amalga oshirishi ehtimoldan yiroq emas deb ishonishimiz mumkin.

BBC: Bu bayonot Tojikiston hukumati manfaatiga mos keladi deb o‘ylamaysizmi? Chunki biz gaplashgan ba‘zi tojikistonlik kuzatuvchilar qanday qonli hujum sodir bo‘lmasin, hukumat uni O‘IH bajargan degan xulosaga keladi, deb aytgandilar. Ya‘ni u mamlakat ichidagi boshqa dolzarb muammolarni inobatga olmaslikka harakat qiladi. Shunday emasmi?

Yusufzay: Ha, bunday ham bo‘lishi mumkin, mintaqada, Tojikiston bo‘lsinmi yoki O‘zbekiston, hukumat hujumlar uchun mas‘uliyatni O‘zbekiston Islomiy Harakatga to‘nkashga shoshiladi. Lekin, bu gaplarda ham jon bor. Chunki O‘IH qayta faollashgan bo‘lishi mumkin. Shu tariqa Pokiston yoki Afg‘onistonda sodir bo‘lgan hujumlar uchun ayb Al-Qoida va Tolibonga yuklanadi. Biz tojik hukumatning bunday harakatlarini kutishimiz kerak edi. Lekin, buning aniq isboti yo‘qligini ham inobatga olishimiz kerak. Boshqa jangovar guruhlar yo‘qligida, hukumat o‘ylaydiki, agar ular O‘IH a‘zolarini ayblashsa, bu ayblovni O‘IH qabul qilishga tayyor.

BBC: O‘zbekiston Islomiy Harakati Markaziy Osiyodan Afg‘onistonga o‘tib, u yerda 2001 yildagi NATO bombardimonidan shikast yeb, Pokistonga o‘tganidan so‘ng, ancha-muncha zaiflashgandi. Sizning nazaringizda, bu tashkilot Tojikistondagi hujumlarni amalga oshirish uchun o‘z joyini tez-tez o‘zgartirish qobiliyatiga egami?

Yusufzay: Bilasizmi, so‘ngi vaqtlarda jangovor guruhlar orasida u yoqdan bu yoqqa o‘tish harakatlari, nafaqat O‘IH balki al-Qoida va Tolibon isyonchilaridan juda ko‘p bo‘lgan. Ularning bir joydan boshqa joyga tezlikda o‘tayotganlarining sababini harbiylar ularning iziga tushgani bilan izohlash mumikn. Amerika uyushtirgan uchuvchisiz uchoqlarining hujumlari, Pokiston armiyasining ularga qarshi amaliyot o‘tkazgani va chegaraning narigi tarafida, Afg‘onistondagi NATO qo‘shinlarining qattiq hujumlarini inobatga olish kerak. Ya‘ni jangarilar o‘tmishdan ko‘ra, hozirda ko‘proq harakatda bo‘lishlari majbur. Boshqa tomondan, xabarlar bo‘lganki, Vaziristonda ko‘p talafotlarga uchrab, bosim ostida qolib ketgan O‘IH o‘zi uchun yangi panagoh topishga urinmoqda. Boshqa xabarlarga ko‘ra, o‘z saflariga yangi jangarilarni yollashga ham harakat qilishi mumkin. Biroq, Vaziriston va Shimoliy Afg‘onistonda bo‘lgan O‘IH jangarilari Tojikistonga o‘tganlari borasida bizda aniq ma‘lumot yo‘q.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.