Tojikiston: Qochib yurgan mahbuslardan biri o‘ldirildi

Image caption Rahmiddin Azizov tog'larda yashirinib yurgan

O‘tgan oy oxirida Tojikiston Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasining hibsxonasidan qochishga muvaffaq bo‘lgan xavfli mahbuslardan biri - Rahmiddin Azizov o‘ldirilgan.

Bu haqda Tojikiston Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi bildirgan.

Hodisa poytaxt Dushanbedan 65 chaqirim uzoqlikdagi sharqiy Fayzobod tumanida yuz bergan.

Xabarlarga ko‘ra, Rahmiddin Azizov qurollik qarshilik ko‘rsatishga uringan paytda halok etilgan. Uning yonidan qurol-yarog‘ va o‘q-dori ham topilgan.

Rahmiddin Azizov aksilhukumat mavqeidagi guruh a‘zosi bo‘lgan va sobiq Favqulodda holatlar vaziri Mirzo Ziyoyev boshchiligidagi fitnada ishtirok etish, qotillik hamda yana qator ayblarda ayblanib, bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilgan bo‘lgan.

Tojikistonlik mas‘ullarga ko‘ra, 18 sentyabr kuni Azizov ikki nafar xavfsizlik xizmati xodimini pichoqlagan va toqqa qochishga muvaffaq bo‘lgan.

Hozirgacha u bilan birga vaqtinchalik hibsxonadan qochgan 24 nafar mahbusdan 7 nafari qo‘lga olingan.

Ayni vaqtda mahbuslarni ushlash amaliyotida ishtirok etayotgan harbiylarni o‘qqa tutishda gumon etilayotgan xorijlik yollanma jangarilardan birining ham qo‘lga olingani aytiladi.

Rashtdagi harbiy amaliyotda ham uch jangari o‘ldirilgan

O‘tgan juma kuni Tojikiston hukumat kuchlari Rasht tumanida olib borgan harbiy amaliyotlari chog‘ida ham uch islomiy jangarini o‘ldirishgan.

Jangarilarning shaxsi ochiqlanmagan, mas‘ullar esa, ularning mahalliy terrorchi tashkilotlar a‘zolari bo‘lganliklarini aytishgandi.

Harbiy amaliyot jangarilarning tojik harbiylari karvoniga qaratilgan va o‘ttizga yaqin askarning qurbon bo‘lishi bilan yakunlangan 19 sentyabrdagi hujumlari ortidan uyushtirilgandi.

Tojik hukumatining bildirishicha, sobiq muxolifat qo‘mondoni Mirzoxo‘ja Ahmadovni qo‘lga olish istagidalar.

Mas‘ullar Ahmadovni qator terrorchilik hujumlarini uyushtirish va so‘nggi hujumda ham qo‘li borlikda ayblashadi.

Ularga ko‘ra, Mirzoxo‘ja Ahmadov Tojikistondagi fuqarolar urushi davrida ko‘zga ko‘ringan dala qo‘mondonlaridan bo‘lgan Mullo Abdulloga ham boshpana bergan.

Ammo yaqinda O‘zbekiston Islomiy Harakati bayonot bilan chiqib, Rasht vodiysidagi hujumga mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olgandi.

Mahbuslarning hibsxonadan qochishi, Xo‘jandda uyushtirilgan xudkushlik amaliyoti va jangarilarning Rashtdagi hujumi sabab Tojikiston bir necha haftadan buyon o‘ta hushyorlik holatida.