Xo‘jandda militsiya idorasini portlatgan hujumchi shaxsi aniqlandi

Joriy oy boshida Tojikistonning Xo‘jand shahrida portlash sodir etgan xudkush hujumchining shaxsi aniqlangan.

Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, bu hujum aslida xo‘jandlik, og‘ir jinoyatda ayblanib, keyingi yillar qidiruvda bo‘lgan Akmal Karimov ismli kishi tomonidan sodir etilgan.

U bilan hamkorlik qilishda ayblanib qo‘lga olingan ukasining aytishicha, Akmal Karimov militsiya bo‘limini portlatish uchun yana ikki kishi bilan tayyorgarlik ko‘rgan.

Huquq-tartibot mulozimlari xudkush hujumga aloqadorlikda ko‘rilayotgan har uch kishi O‘zbekiston Islomiy harakati a‘zolari bo‘lganini aytishadi.

Xo‘jandlik 18 yoshli Firdavs Karimovning aytishicha, akasi Akmal Karimov xudkush hujumga ikki sherigi – Zarif va Usto nomli shaxslar bilan uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rganlar. Ular Xo‘janddagi garajlardan birida portlatuvchi moddalarni tayyorlashgan. Firdavs garaj atrofida poyloqchilik qilgan. Firdavsning aytishicha, akasi unga avvaldan ichki ishlar boshqarmasining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limini portlatish niyati bo‘lganini ma‘lum qilgan.

Portlash yuz bergach, Akmalning sherigi Zarif Firdavsga qo‘ng‘iroq qilib, jihod sodir etilgani, endi Akmal to‘g‘ri jannatga yo‘l olishini bildirgan.

Firdavsning iqrori kecha oqshom Tojikiston markaziy televideniyesi orqali qayta-qayta ko‘rsatilgan.

Bu gal xudkush hujumni sodir etgan kishining faqat Akmal Karimovning o‘zi bo‘lgani va hujumda halok bo‘lgan militsiya mulozimlari 3 nafar ekanligi aytilgan.

Bir militsiya mulozimi portlash paytida halok bo‘lgan.

Ikki nafar militsiya mulozimi bemorxonada jon taslim qilgan. Shuningdek 27 nafar militsiya mulozimining yaralangani bildirilgan.

Akmal Karimovning akasi Ilyos bilan odamni garovga olishda ayblanib, qidiruvda bo‘lganliklari aytiladi.

Ularning kichik ukasi Firdavsning aytishicha, Akmal joriy yilda to‘satdan o‘zini Xo‘jandda ekanligini ma‘lum etgan va keyinroq ukasi Ilyosning Afg‘onistonda ekanini aytgan.

Ilyos Afg‘onistonda jinoyat sodir etib, qo‘lga olingan.

Ayrim kuzatuvchilar endi 18 yoshga to‘lgan Firdavs Karimovning iqroriga og‘ir jinoyat sodir etishda ayblanayotgan jinoyatchilarga sherikligi uchun yengilroq jazo berish va‘dasi yoki qiynoqlar sabab bo‘lishi mumkin deyishmoqda.

Huquq-tartibot mulozimlari Xo‘janddagi xudkush hujumda O‘zbekiston Islomiy harakati qo‘li borligini aytishayotgan bo‘lsa-da, oldinroq bu hujumni o‘zini "Ansorulolloh jamoasi" deb atagan noma‘lum guruh zimmasiga olgan edi.

Lekin rasmiylar Tojikistonda bunday guruh mavjud emasligini aytishgan.