"Rossiya chegarachilari O‘shga joylashtiriladi" - Kommersant

Image caption Qirg‘iziston hukumati o‘z qo‘shinlariga dastak so‘rab Rossiyaga iyun oyida murojaat qilgan, ammo so‘rovi qondirilmagandi

Yaqin kunlarda Rossiya Federal Xavfsizlik Xizmati chegara qo‘shinlari uch oy avval etnik zo‘ravonliklar qurboniga aylangan Qirg‘izistonning O‘sh shahriga joylashtiriladi.

Bu haqida Moskvada chop etiluvchi Kommersant ro‘znomasi xabar qilgan.

Maqolada aytilishicha, Qirg‘izistonga safar qilgan Federal Chegara Xizmatining direktori Vladimir Pronichev qirg‘iz chegarasiga yaqin hududlarda turli millatga mansub jinoiy guruhlarning faollashgani xavotirlarga sabab bo‘layotganini aytgan.

Unga ko‘ra, chegaraga yaqin hududlarda faollashgan jinoiy guruhlar orqali giyohvand moddalar va noqonuniy muhojirlar tashish yo‘lga qo‘yilgan, hamda ular barpo qilgan bazalarda "terrorchi guruhlar" tayyorgarlikdan o‘tmoqda.

Rus chegarachilari O‘shga Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining politsiya missiyasidan avvalroq joylashtirilishi kutiladi.

Rossiya chegarachilarining tezkor guruhini O‘shga joylashtirish bo‘yicha qaror janob Pronichevning Qirg‘izistonga ikki kunli safari chog‘ida e‘lon qilingan.

Janob Pronichev Rossiya qo‘shinlari 40 chegarachi askardan tashkil topishini aytgan. Ular Bishkek yaqinidagi Novo-Pokrovka qishlog‘ida doimiy joylashgan 60ta rus askarlari tarkibidan olinadi.

Qirg‘iziston muvaqqat hukumati O‘shga harbiylar kiritilishini so‘rab Moskvaga hali iyunь oyida, qirg‘iz va o‘zbek millatiga mansub aholi o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar avj olgan vaqtda, murojaat etgandi.

Biroq, Rossiya Prezident Roza O‘tinboyevaning bu murojaatini Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga oshirgan va masala muallaq qolgandi.

Rossiyaning O‘shga chegarachilarni joylashtirish qarori rasmiy Moskva Qirg‘iziston bilan aloqasini qayta ko‘rib chiqqanidan darak beradi.

Ayni damda, Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining politsiya maslahatchi missiyasi oktyabr oyida qirg‘iz janubiga kelishi kutilmoqda, ammo aniq sana belgilanmagan.