'Tohir Yo‘ldosh yashagan qishloqda 'olmoniyalik jangarilar' o‘ldirilgan'

Bi-bi-siga ma‘lum qilishlaricha, Pokistondagi uchuvchisiz boshqariladigan uchoq otgan raketalar hujumidan halok bo‘lgan bo‘lgan olmoniyalik jangarining jasadini Tolibon hodisa joyidan olib ketgan.

Pokiston xavfsizlik zobitlari raketa hujumida halok bo‘lganlarning to‘rt nafari Olmoniya fuqarosi ekanini tasdiqlaganlar.

Shimoliy Vaziristonning Mir Ali shahridan uch kilometr uzoqlikda joylashgan qishloqdagi xonadonlardan biriga uchuvchisiz boshqariladigan uchoq ikki raketa otgan.

Bu xonadon mahalliy Tolibon qo‘mondoni Sher Mullaga yaqin insonning uyi bo‘lgan.

Raketa hujumida sakkiz kishi halok bo‘lgan, ko‘plab insonlar yaralangan.

Aftidan jangarilar bu hududlar nazoratida deb ko‘riladigan Tolibon qo‘mondoni Hafiz Gul Bahodur qo‘li ostidagi Sher Mulla bilan uchrashish uchun borganlar.

Olmoniya fuqarolarining Shimoliy Vaziristonga harbiy tayyorgarlikdan o‘tish maqsadida borganlari xabar qilingan.

Mir Ali shahri atrofi o‘tmishda qo‘plab chet mamlakatlardan borgan jangarilar yashagan joy bo‘lgan.

Pokistonlik jurnalistlarga ko‘ra, bu yerda O‘zbekiston Islomiy harakati rahbari Tohir Yo‘ldosh o‘z jangarilari bilan bir necha yil yashagan.

Mir Aliga yaqin Bannu deb atalgan joyda Pokiston xavfsizlik kuchlari Olmoniya, Hollandiya va Frantsiya fuqarolarini hibsga olganlar.

Xavfsizlik xizmatlariga ko‘ra, ushbu hududlardagi jangarilarning "Al-Qoida"ning Ovro‘po shaharlariga hujum rejasiga aloqalari bor.

Pokistondan Ovro‘poga terror xurujlari tahdidlari

Shimoliy Vaziristonga AQSh uchuvchisiz uchog‘i uyushtirgan raketa hujumi deb ko‘riladigan hujum Amerikaning Ovro‘po shaharlariga terrorchilik hujumlari rejalashtirilayotgani borasida ogohlantirish bilan chiqqanidan keyin ro‘y bergan.

AQSh Markaziy Josuslik boshqarmasiga ko‘ra, "Al-Qoida" Berlin, Parij va London shaharlarini nishonga olishni rejalashtirgani ehtimoli mavjud.

Qator mamlakatlar terror hujumidan ogohlikni kuchaytirgan, fuqarolarini Ovro‘po shaharlariga sayohat qilmaslikka chaqirgan.

Amerika matbuotiga ko‘ra, ehtimoliy terror xuruji oldini olish maqsadida Markaziy Josuslik boshqarmasi Pokistonning qavmlar nazoratidagi hududlarga uchuvchisiz uchoqlardan otiladigan raketa hujumlari sonini ko‘paytirgan.

G‘arbdagi josuslik xizmatlari bu kabi raketa hujumlari "Al-Qoida"ni yirik amaliyotlarga qo‘l urishi imkoniyatini cheklaydi.

Pokiston shimoliga shu yil davomida uchuvchisiz boshqariladigan uchoqlardan otilgan raketalardan 150 inson halok bo‘lgan.

Ular orasida jangarilar ham, Pokiston tinch fuqarolari ham bor.

Hamburgglik islomchilar

Pokistonning qavmlar yashaydigan hududlarida Olmoniya fuqarolari bo‘lgan insonlarning paydo bo‘lgani Olmon rasmiylarini xavotirga solgan.

Berlindagi josuslik manbalariga ko‘ra, Hamburg shahrida istiqomat qilgan, Olmoniya fuqaroligiga ega bir necha islomiy jangari 2009 yilda g‘oyib bo‘lganlar.

Ular hozir Shimoliy Vaziristonda deb ko‘riladi.

Islomchilar Hamburg shahridagi avgust oyida yopilgan masjidga qatnaganlar.

bu yerga bosing Hamburgdagi masjid yopilishida O‘zbekiston ham tilga olindi

Hamburg masjidiga 2001 yil 11 sentyabrda AQShga hujumlarni uyushtirishga aloqador deb ko‘rilgan bir necha shaxs qatnagani ma‘lum bo‘lgan.

Hamburgda g‘oyib bo‘lganlardan biri - Ahmad Siddiqiy shu yil iyulida Amerika harbiylari tomonidan qo‘lga olingan.

O‘zi asli afg‘on Olmoniya fuqarosi bo‘lgan Ahmad Siddiqiyning tergovda tan olishicha, Olmoniya va Frantsiyaga hujumlar rejalashtirilgan.Ushbu axborot Ovro‘po mamlakatlaridagi ogohlantiruvlarga sabab bo‘lgan.

O‘tgan oy asli kelib chiqishi suriyalik bilan 25 yoshli Olmoniya fuqarosi Pokistonda hibsga olingan.

Uning ham Hamburg guruhiga aloqasi borligi aytiladi.

4 oktyabr kuni Olmoniya Ichki ishlar vazirligi xabar qilishicha, oxirgi oylarda 70 atrofida Olmoniya fuqarosi Afg‘oniston va Pokistondagi harbiy tayyorgarlik jamloqlarida bo‘lganlar va uchlarning uchdan bir qismi yana Olmoniyaga qaytgan.