Tojikistonda harbiy vertolyot halokatga uchradi

Vertolyot halokatining Rashtda kechayotgan harbiy amaliyotlarga aloqasi yo‘qligi aytilmoqda
Image caption Vertolyot halokatining Rashtda kechayotgan harbiy amaliyotlarga aloqasi yo‘qligi aytilmoqda

Tojikiston Milliy gvardiyasiga ko‘ra, vertolyot halokatida 4 inson nobud bo‘lgan, yana 3 kishi turli darajada tan jarohati olgan.

Fojea chorshanba kuni ertalab mamlakat sharqida joylashgan Rasht tumanidagi G‘arm havo qo‘nolg‘asi yaqinida yuz bergan. Jarohatlanganlar hozir shifoxonaga yotqizilgan.

G‘arm notinch Rasht vodiysidagi asosiy shahardir. Hozir hukumat qo‘shinlari xuddi shu tumanda Islomiy jangarilarga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyotlar olib borishmoqda.

'Halokat sababi aniq emas'

Tojikiston Milliy gvardiyasi matbuot kotibasi Xayriniso Komilova vertolyot halokatida 4 inson nobud bo‘lganini tasdiqladi.

"To‘rt kishi halok bo‘lgan va uch kishi esa, og‘ir ahvolda. Halok bo‘lganlar allaqachon Dushanbega yetkazildi", deb aytgan Komilova xonim.

Tojikiston milliy gvardiyasi matbuot xizmatida ko‘ra, xalokat texnik nosozlik tufayli yuz bergani ehtimoli katta, lekin hali asl sabab aniqlangani yo‘q.

"Aniq bo‘lganida biz hammasini sizlarga aytamiz. U yerda bizning muhim ob‘ektlarimiz bor. Biz o‘shalarni qo‘riqlaymiz. Ular xizmat vazifasini bajarayotgan bo‘lganlar", deya qo‘shimcha qilgan Xayriniso Komilova.

Maxsus hay‘at tuzilib, halokat yuzasidan tekshiruv ishlari boshlagani xabar beriladi.

1-oktyabrda ham Tojikiston harbiy havo kuchlariga qarashli bir vertolyot favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgandi. Bunda ikki taxmin - vertolyot parragining cho‘qqiga urilishi va yo snaryadddan shikastlangani ilgari surilgandi.

O‘tgan haftada yuz bergan vertolyot halokatida qurbonlar bo‘lmagandi.

Uylar vayronaga aylangan

Ayni vaqtda janglar davom etayotgan Kamarob darasidagi qishloqlarda uy-joylar vayronaga aylangan hollari borligi tasdiqlandi.

Tojikiston Favqulotda holatlar vazirligi matbuot kotibi Do‘stmurod Zabirovning ma‘lum kilishicha, vazirlik bunday xo‘jaliklarga yordam bergan.

"Zararni aniqlashdi va 80 tonna qurilish materiallarini janglar oqibatida buzilgan beshta xonadonga yetkazildi", dedi Do‘stmurod Zabirov.

Uning aytishicha, 3 xonadon butunlay vayronaga aylangan va yana 2 joyda ayrim binolar buzilgan. Janob Zabirov tinch aholi orasida hayotdan ko‘z yumganlar bormi-yo‘qligi borasida ma‘lumot yo‘qligini aytadi.

O‘tgan oy xuddi hududda harbiy karvonga qarshi pistirma uyushtirilgan va kamida 25 nafar armiya zobitlari va askarlar o‘ldirilgandi.

Hukumat bunda Birlashgan tojik muxolifati sobiq dala qo‘mondonlarini ayblagan.

Undan oldiroq esa, Dushanbe markazidagi Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasining tergov hibsxonasidan 25 mahbus qochishga muvaffaq bo‘lgandi.

Mahbuslar islomiy jangarilar ekani, terrorizm va giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanib, uzoq yillik qamoq jazolarini ado etayotgan bo‘lganliklari ma‘lum qilingan.

Бу мавзуда батафсилроқ