Lujkov ketdi. Muhojirlarga nisbatan siyosat yumshaydimi?

Rossiyaning eng qudratli siyosatchilaridan biri - Moskva hokimi Yuriy Lujkovning vazifasidan bo‘shatilgani mamlakatda hamon qizg‘in bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Moskvani 18 yil boshqargan Yuriy Lujkov Rossiyada muhojirlarga nisbatan qattiqo‘lligi bilan nom chiqargan siyosatchi sanalardi.

Moskva hokimining vazifasidan chetlatilgani, migratsiya siyosatiga qanday ta‘sir ko‘rsatishi borasida tahlilchilar turli fikrdalar.

Huquq faoli Bahrom Hamroyev yangi tayinlangan hokim Rossiya Federal migratsiya xizmati tutkan siyosat, ya‘ni muhojirlarga nisbatan yumshoqroq siyosat yurg‘izishi mumkin, degan fikrda.

O‘z navbatda Rossiya quyi parlamenti -Duma sobiq deputati, “Xalq ittifoqi” partiyasi raisining muovini Viktor Alksnisga ko‘ra nafaqat Moskva, balki butun Rossiyada mehnat muhojirlari soni keskin qisqartirilishi lozim.

"Biz kelayotgan mehnat muhojirlari miqdorini maksimal darajada kamaytirishimiz lozim. Ular xususan millatlararo munosabatlarda katta muammo yaratishadi", - deydi siyosatchi Viktor Alksnis.

Rossiya migratsiya xizmatining rohbari Konstantin Romodanovskiy esa yaqindagi chiqishida, kelajakda xorijiylar uchun migratsiya qaydidan o‘tish jarayoni osonlashtirilishi mukinligini bildirdi.

"Muhojirlar Rossiya uchun kerak yo kerak emas degan bahslarga yakun yasalishi lozim. Mehnat muhojirlari Rossiya uchun havodek zarur" - deb aytgandi Konstantin Romodanovskiy.

Ayni damda Moskvada ishlayotgan aksar Markaziy Osiyolik muhojirlar esa o‘z kelajaklarida biron narsa ijobiy tomonga o‘zgarishiga u qadar katta umid bog‘lamayaptilar.

Bu haqda Bi-bi-si O‘zbek xizmatining Moskvadagi muxbiri Davlat Qudrat lavha tayyorlagan.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди