Qorasuv tumanidagi tintuv minglab odamlarning e‘tiborini o‘ziga tortgan

Bugun mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 11:30 larda O‘sh viloyat Qorasuv tuman davlat ma‘muriyati boshlig‘ining birinchi muovini Abdusattor Shoyatovning uyida tintuv o‘tkazilgan.

Tintuvda yuzlariga niqob tortib olgan Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining mintaqalararo bo‘linmasining to‘rt nafar a‘zosi va o‘nga yaqin militsiya xodimlari ishtirok etishgan.

Tintuv ikki soatdan ortiqroq davom etgan. Bu haqda tintuv jarayonida xalq nomidan kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan hay‘at vakili Dilyor Jumaboyev Bi-bi-si bilan suhbati chog‘ida aytgan.

Unga ko‘ra, tintuv chog‘ida uyda hech kim, jumladan, Abdusattor Shoyatovning o‘zi ham bo‘lmagan. Va tintuv ortidan uydan hech narsa olib ketilmadi, deydi u.

Dilyor Jumaboyevning aytishicha, tintuv Abdusattor Shoyatovga qarshi qidiruv e‘lon qilingani bilan izohlangan.

Huquq-tartibot xodimlari Abdusattor Shoyatovning Qirg‘iziston Jinoyat Kodeksining 339-moddasi bo‘yicha "Jinoyatni yashirganlik"da ayblanayotganini aytishgan.

So‘nggi tintuv minglab qorasuvliklarning e‘tiborlarini tortib, Abdusattor Shoyatovning uyi yaqinida 5 mingga yaqin kishi to‘plangan.

Abdusattor Shoyatovning Qirg‘iziston janubida etnik zo‘ravonliklar yuz bergan iyun oyining 11-sida militsiya xodimlari bilan tinchlik o‘rnatish uchun Narimon qishlog‘iga borganida qattiq kaltaklangani va og‘ir tan jarohati olgani aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, Abdusattor Shoyatov hozir O‘zbekistonda va hali ham o‘sha paytda olgan jarohatlaridan davolanmoqda.

O‘shanda Narimon qishlog‘ida yuz bergan hodisada Qorasuv tuman Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va uning haydovchisi hayotdan ko‘z yumishgandi.

So‘nggi xabar tafsilotlarini Dilyor Jumaboyev bilan suhbatimizda tinglang.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди