Prezident Imomali Rahmon Rashtdagi jangarilarni avf etishi mumkin

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon qo‘llaridan qurollarini qo‘yib, osoyishta hayotga qaytishsa, Rashtdagi noqonuniy qurolli guruh a‘zolari javobgarlikka tortilmay, avf etilishi mumkinligini aytgan.

Bu haqda Tojikiston Bosh prokurori Sherxon Salimzoda jurnalistlarga bergan matbuot anjumani chog‘ida bildirgan.

Janob Salimzodaning aytishicha, noqonuniy qurolli guruh a‘zolarining oilalariga rasman maktub yuborilib, ulardan o‘z farzandlari va turmush o‘rtoqlarini janglardan qaytarish so‘ralgan.

Tojikiston hukumati bungacha, o‘z ta‘birida, "terrorchi guruhlar" bilan hech qanday muzokaralar olib borilmasligi va ular yo‘q qilinishi borasida bayonotlar berib kelgandi.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, shu sababdan ham prezident Rahmonning mamlakat huquq-tartibot idoralariga bergan ayni mazmundagi buyrug‘i ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘lgan.

Bosh prokuror janoblari o‘zlari hibsga olish istagida bo‘lgan Rashtdagi sobiq dala qo‘mondonlaridan Mirzoxo‘ja Ahmadovga qarshi jinoiy ish ochilganini ham e‘lon qilgan.

Qo‘lidan qurolini qo‘ygan taqdirda, Mirzoxo‘ja Ahmadovning avf etilishi-etilmasligi borasidagi savolga javob berarkan, janob Salimzoda agar u shaxs Tojikiston qonunchiligiga muvofiq odam o‘ldirish kabi og‘ir jinoyatlar yoki terroristik amallarga qo‘l urmagan bo‘lsa, avf etilishini aytgan.

O‘z o‘rnida Tojikiston Bosh prokurorining ta‘kidlashicha, qo‘lga qurol olib, hukumatga qarshi jang olib borish ham og‘ir jinoyat sanaladi.

Ammo janob Salimzoda xuddi 90-yillar boshlaridagi fuqarolar urushi davrida qo‘llangan tajriba bu kabi shaxslarga ham tadbiq etilishi ehtimolini nazardan soqit etmagan.

O‘sha paytda Tojikiston hukumati qo‘liga qurol olib, hukumatga qarshi jang olib borgan jangarilarni avf etgandi.

Buyruq ortida nimalar yotibdi?

Ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, prezident Rahmonning bu kabi taklif bilan chiqishiga Rasht vodiysida olib borayotgan harbiy amaliyotlarida jiddiy yutuqlarga erisha olmayotganlari sabab bo‘lgan.

Tojikiston hukumat kuchlarining Rashtdagi noqonuniy qurolli guruhlarga qarshi o‘tkazayotgan harbiy amaliyotlari bir oydan beri davom etib keladi.

Rashtdagi harbiy amaliyotlarga 19 sentyabr kuni Kamarob darasida hukumat kuchlari karvoniga qarshi uyushtirilgan va 30 ga yaqin askar qurbon bo‘lgan hujum sabab bo‘lgandi.

Hukumat kuchlari joriy paytda Rasht atrofidagi barcha tumanu mintaqalar o‘z nazoratlari ostida ekanini aytishadi.

Tojikiston mas‘ullariga ko‘ra, shu paytgacha noqonuniy qurolli guruh a‘zolaridan yigirmaga yaqini qo‘lga olingan. Ammo qanchasining halok etilgani borasida qo‘llarida aniq raqamlar yo‘q.

Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Rashtda davom etayotgan harbiy amaliyotlarda shu paytgacha 40 dan ortiq harbiylarini boy berishgan.

Norasmiy ma‘lumotlarda Rasht vodiysidan boshpana topgan noqonuniy qurolli guruh a‘zolarining soni 300 dan ortiq ekani aytiladi. Muxolifat kuchlarining barcha taniqli qo‘mondonlari ham Rasht mintaqasidan. Tojikiston hukumati ularning orasidagi xorijiy jangarilar borligini ham da‘vo qiladi.