Qonli milliy nizolar ortidan O‘shni tark etayotganlar soni keskin ortgan

Qirg‘iziston janubidagi mas‘ullarga ko‘ra, o‘tgan iyun oyida yuz bergan etnik zo‘ravonliklar ortidan muhojirlik oqimi keskin ortgan.

Deylik, iyun bilan sentyabr oylari oralig‘ida qonli nizolardan eng ko‘p jabr ko‘rgan O‘sh shahrini 40 mingga yaqin kishi tark etgan.

Shahar ichkarisida o‘z turar-joylarini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan insonlar soni esa, mingdan ortiq ekani aytiladi.

Mahalliy mas‘ullarga ko‘ra, O‘shni tark etayotgan oilalarning barchasi majburiy muhojirlik maqomini olish uchun murojaat etishgan.

Ammo mahalliy kuzatuvchilar, jurnalistlar va xalqaro inson haqlarini saqlash tashkilotlari haqiqiy raqamlar qirg‘iz rasmiylari keltirayotganidan ancha ko‘pligini aytishadi.

Hukumat mas‘ullarining hisob-kitoblariga muvofiq esa, bor-yo‘g‘i ikki mingga yaqin kishi O‘shni tark etgan, xolos.

Qirg‘iziston janubidagi vaziyat hanuz tangligicha qolarkan, mahalliy inson huquqlari faollari aynan xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat sabab, odamlar O‘shdan ketishga majbur bo‘lishayotganini aytishadi.

Avvalroq Birlashgan Millatlarning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Nevi Pillay ham Qirg‘iziston xavfsizlik kuchlari mamlakat janubida qiynoq qo‘llash va o‘zboshimcha hibsga olishlar singari inson huquqlarini buzish hollarini takror va takror sodir etayotganliklarini bayon qilgandi.

Hamda aksar o‘zbeklarga noqonuniy muomala qilinayotgani hollariga qarshi Qirg‘iziston rasmiylari chora ko‘rmayotganliklarini bildirgandi.

Iyun oyidagi milliy nizolar sabab, ko‘plab turar-joylar bilan birga odamlarning tijoratlari ham vayron bo‘lgandi.

So‘nggi rasmiy hisob-kitoblar aynan etnik zo‘ravonliklar sabab Qirg‘izistonning janubiy mintaqalarida 20 mingdan ortiq aholi ishsiz qolganligini ko‘rsatgandi.

Biz O‘shdagi mahalliy inson huquqlari faoli Ravshan Gapirov bilan bog‘lanib, majburiy muhojirlik ko‘lami bilan qiziqdik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди