O‘zbekiston:Kamroq suv bilan ko‘proq hosil olish mumkinmi?

Image caption O‘zbekiston daryolarida suv sathi kamayib bormoqda. Kamroq suv bilan qanday qilib ko‘proq hosil yetishtirish mukmin?

Hozirda ko‘plab mamlakatlarda, jumladan O‘zbekistonda ham, eskirgan suhorish tizimi zamon talabiga javob bermay qolyapti.

Jahonning turli mamlakatlaridan kelgan 600 ga yaqin mutaxassilar Maniladagi anjumanda Osiyo mamlakatlari yuz tutayotgan suv taqchilligi muammolari va ularni bartaraf etish yo‘llarini muhokama qilmoqdalar.

Osiyo Taraqqiyot Banki tomonidan uyushtirilgan Maniladagi anjumanda aytilishicha, agarda bu borada hozirda tegishli choralar ko‘rilmasa, 2030 yilga borib suv uchun talab taklifdan 40 foizga oshib ketishi mumkintekan.

Bu esa o‘z navbatida oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish, energiya xavfsizligi, iqtisodiy o‘sishga xavf solib, chegarlar osha tangliklarning yanada kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Anjumanda irrigatsiya tizimi va suv manbalariga yangicha nazar tashlagan bir qator tadqiqotlar taqdim etildi.

Bu tadqiqotlar biri "Kamroq suv bilan ko‘proq hosil olish:Osiyo irrigatsiya tizimini yangilash qanday samra berishi mumkin", deya atalgan.

Ushbu tadqiqotda aytilishicha, 2050 yilga borib Osiy qit‘asi aholisi 5 milliardga qadar yetishi nazarda tutilmoqda. Ya‘ni o‘sha vaqtga borib hozirga qaraganda 1.5 milliardga ko‘proq odamni oziq-ovqat bilan ta‘minlashga to‘g‘ri keladi.

Osiyoda jahonda mavjud sug‘oriladigan hosildor yerlarning 70 foizi joylashgan. Lekin sug‘orish tizimlarining aksari 1970 yillarda yaratilgan.

Markaziy Osiyo davlatlarida esa, sho‘rolar davrida qurilgan va tobora eskirib borayotgan irrigatsiya tizimi bilan chegaralar osha suv taqsimoti muammolari yangi xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.

O‘zbekistondagi suv muammolariga nazar tashlash uchun Bi-bi-si akademik olim Bek Toshmuhamedovni suhbatga tortdi.

Bek Toshmuhamedov: O‘zbekiston suvsiz va yopiq mintaqada joylashgan. Bu yer serquyosh, lekin suv kam. Ammo bizda ikkita asosiy suv manbai - Sirdaryo va Amudaryo bor. Bu ikki daryo butun Markaziy Osiyoni suv bilan ta‘minlaydi. Bu suvning aksar qismi sug‘orma dehqonchilik uchun ishlatiladi.

Bi-bi-si: Lekin mana hozir tepadagi Qirg‘iziston va Tojikiston ulkan suv omborli yirik GESlar qurishmoqchi. Prezident Karimov bu O‘zbekistonni suvsiz qoldirishini aytmoqda. Bu qo‘rquv qanchalik asosli?

Bek Toshmuhamedov: To‘g‘ri bu murakkab muammo. Biz O‘zbekiston suv zahiralarining qariyb yarmidan ko‘pini iste‘mol qilamiz. Mamlakatimizda 4 million gektardan ko‘proq sug‘oriladigan ekinzorlar bor. Biz hozir olayotgan suvimizdan voz kecholmaymiz. Biz oldindan olib kelgan suvni olishni istaymiz va shuni talab qilaveramiz. Ko‘shni Qirg‘iziston va Tojikistonning istaklariga qarshi tushsa ham, biz baribir bu suvni olishimiz kerak.

Bi-bi-si: Mana hozir kamroq suv ishlatib, ko‘proq hosil olish kerak, deya gapirilmoqda. O‘zbekiston o‘z suv iste‘molini qisqartira olmaydimi?

Bek Toshmuhamedov: Hozirgi mavjud sug‘orish usullari juda birlamchi va oddiy. Bunaqa dehqonchilik usuli ko‘p suv talab qiladi. Shu uchun albatta, zamonaviy va suvni tejaydigan texnologiyalarga o‘tish kerak. Masalan, tomchilatib sug‘orish va yoki yer ostidan sug‘orish yo‘llarini qabul qilishimiz darkor. Lekin buni bir kunda yoki bir yilda amalga oshirib bo‘lmaydi. Bu yangicha usulga biz asta sekin o‘tib boramiz. Bosqichma bosqich tarzda suvni tejaymiz. Lekin O‘zbekiston baribir dehqonchilik qilinadigan yer maydonlarini kengaytirishi kerak. Chunki bizda aholi o‘sishi jadal. Aholi soni hozir 30 millionga yaqinlashgan. Asr oxiriga borib 50 millionga yetib qolishimiz mumkin.

Bi-bi-si: Mana hozir O‘zbekistonda sahrolashish tezlashgan, yer charchagan, suv kam va aholisi katta. Bunday holatda kelasi 20-30 yil ichida O‘zbekiston o‘z aholisini oziq-ovqat bilan ta‘minlay oladimi?

Bek Toshmuhamedov: Ta‘minlay oladi. Chunki biz agar suvni tejaydigan dehqonchilikni qo‘llasak, u holda bor suvni tejaymiz, ayni paytda olinadigan hosil miqdorini ikki uch barobar oshiramiz. Mana Isroilni olaylik. Bu mamlakatda suv juda kam. Lekin yangicha usullarni qo‘llab, katta hosil olishadi. Isroildagi dehqonchilik ham sug‘orishga asoslangan. Ammo yangicha usulda sug‘oriladi. Biz ham shunday usullarni qo‘llashimiz kerak. Ammo bu degani biz hozir oladigan suv miqdoridan voz kechishimizni anglatmaydi. Biz uchun hozir oladigan suvimiz miqdori baribir juda kerakli.

Bi-bi-si: Lekin siz aytayotgan tomchilatib sug‘orish usullarni qimmatga tushishi mumkin. O‘zbekiston bu kabi yangicha usullarni qo‘llash uchun kuchi yetadimi? Balki chetdan moliyaviy yordam kerakdir...

Bek Toshmuhamedov: Bizga bu yerda sarmoyalar kerak. Biz faqat xalqaro sarmoyalar bilangina yangicha usullarni tez vaqtda o‘zlashtira olamiz. Biz sho‘rga chidamli ekinlar ekishimiz kerak. Bu yo‘lda O‘zbekistonda tajribalar ketayapti. Deylik, allaqachon sho‘rga chidamli makaajo‘xori, tuzlangan yerda o‘sadigan sholi va yana bir nechta boshqa ekinlar ekilmoqda. Bu yangicha ekinlar sho‘rlangan yerda ham hosil beradi. Ularnin sug‘orish uchun sho‘rlangan oqava suvlarni ishlatsa bo‘ladi. Biz oqava suvlar bilan ekinlarni sug‘orish orqali suv zahiralarini tejay olamiz.