Tojikiston Tashqi ishlar vaziri: 'Rog‘un borasidagi izohlar asossiz'

Zarifi
Image caption Hamroxon Zarifiy o‘zbek tarafi xavotirlari asossiz ekanini aytadi

Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy O‘zbekiston Prezidentining Rog‘un suv omborini to‘ldirish uchun 8 yil kerak bo‘lishi va bu vaqtda O‘zbekiston suvsiz qolishi haqidagi izohlarini asossiz deya ta‘riflagan.

"Ushbu bayonot na ilmiy va na iqtisodiy taraflama tasdiqlangan. Texnik hisob-kitoblarga ko‘ra, suv omborini to‘ldirishga 17 yil ketadi", deb aytgan Tojikiston Tashqi ishlar vaziri

Dushanbeda jurnalistlar bilan uchrashuvi chog‘i gapirgan Zarifiy janoblariga ko‘ra, Rog‘unda suv Tojikistonga tegishli suv hajmiga qarab va Orol dengiziga oid oldinroq erishilgan kelishuvlarni nazardan qochirmagan holda bosqichma-bosqich to‘planadi.

"Joriy payt Tojikiston o‘z ulushidan 12 foiz kam foydalanmoqda va Rog‘un gidroelektr stantsiyasini boshlaganidan so‘ng ushbu raqam yana kamaytiriladi. Bundan tashqari Vaxsh daryosi Orol dengizining bor-yo‘g‘i 28 foizini tashkil etadi. Orol dengizi O‘zbekiston hududida barpo etilgan sun‘iy suv omborlari bois qurib bormoqda", deydi Hamroxon Zarifiy.

Tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, "asossiz ayblovlarga chek qo‘yish uchun Tojikiston mintaqa suv zahiralari va omborlaridan oqilona foydalanish bo‘yicha mustaqil tekshiruv o‘tkazishni so‘ramoqda".

Uning urg‘ulashicha, Tojikiston hamda O‘zbekiston o‘rtasida asosan suv va energiya masalalarida, ayniqsa, ulardan oqilona foydalanish borasida kelishmovchiliklar mavjud.

Janob Zarifiy barcha qurilish ishlari Jahon Banki tomonidan nazorat qilinishini qistirib o‘tgan.

Rog‘un gidroelektr stantsiyasi ulkan inshoot bo‘lib, loyiha bo‘yicha to‘g‘on devorining balandligi 335 metr tashkil etishi kerak.

Tojikiston Rog‘un yordamida qish kunlarida ro‘para keladigan energiya taqchilligiga barham berish niyatida ekanini aytadi.

Ammo Markaziy Osiyodagi suv oqimlarining quyi qismida joylashgan O‘zbekiston Rog‘un loyihasining faqat energiya inqiroziga barham berish maqsadini ko‘zlaganiga shubha bilan qaraydi, yangi to‘g‘on O‘zbekiston paxta dalalarini suvsiz qoldirishi ehtimolidan xavotir bildiradi.

O‘zbekiston Rog‘un GESi loyihasi yuzasidan xalqaro ekspertiza o‘tkazish talabini ilgari surgan.

Ayni paytda Tojikiston Tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston hududi orqali tranzit temir yo‘lida tojik vagonlarining ushlab qolinishi bilan bog‘liq muammoga to‘xtalarkan, ayni masala ikki o‘rtadagi muzokaralar uchun doimiy mavzu ekani, ammo Tojikistonning barcha urinishlari ham ijobiy natija bermayotganini aytgan.

BBCUZBEK.COM tahririyati SMS raqami +447786201124