Qirg‘iziston: O‘sh va Jalolobod voqealari yuzasidan xalqaro tekshiruv boshlandi

Bishkekda shu yil iyunida O‘sh va Jalolobodda yuzlab insonning umriga zomin bo‘lgan etnik zo‘ravonliklarni tekshirish uchun tuzilgan mustaqil xalqaro komissiya o‘z ishini boshladi.

Komissiya raisi Kimmo Kilyunenning Bi-bi-siga aytishicha, komissiya a‘zolari zo‘ravonlik shohidlari va qurbonlar bilan bir qatorda qirg‘iz rasmiylari tomonidan mahkamaga tortilgan shaxslar bilan ham suhbatlashadilar.

Komissiya to‘rt Skandinaviya davlati- Finlandiya, Norvegiya, Shvetsiya va Daniyaning mutarak tashabbuchi bilan tuzilgan va BMT, Ovro‘po Ittifoqi, Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va qirg‘iz hukumati tomonidan dastaklangan.

7 kishilik komissiya xalqaro huquq va mintaqa bo‘yicha ekspertlardan tashkil topgan.

Bi-bi-siga ma‘lum bo‘lishicha, komissiya tarkibida jumladan, mintaqa bo‘yicha ekspertlardan Frantsiya Appelyatsiya Mahkamasidan Brigit Olbet, Birlashgan Millatlarning Markaziy Osiyo bo‘yicha maslaxatchisi, Tallinn universitetining xalqaro huquq bo‘yicha professori Reyn Myullerson hamda Rossiya Fanlar Akademiyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha eksperti Valeriy Tishkovlar bor.

Brigit Olbet 2005 yil 13 mayida Andijonda sodir etilgan xunrezliklar yuzasidan tadqiqot olib borgan Ovro‘po hay‘ati tarkibida bo‘lgan.

Qolgan a‘zolar- BMTning noqonuniy qatl etishlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi Filip Olston (Avstraliya), BMTning Ayollarga qarshi zo‘ravonlik bo‘yicha sobiq maxsus ma‘ruzachisi Yaqin Erturk (Turkiya) va BMT Bosh Kotibining huquqiy masalalar bo‘yicha sobiq yordamchisi Ralf Zaklinlar huquq sohasida ko‘zga ko‘ringan mutaxassislar sanaladi.

Janob Kilyunenning Bi-Bi-si bilan suhbatda ma‘lum qilishicha, komissiya a‘zolari guvohlar va qurbonlardan tortib, mahalliy va markaziy hokimiyat a‘zolarigacha bo‘lgan turli-tuman odamlar bilan suhbatlashadi.

Finlandiyalik diplomat komissiyaning har qanday xalqaro tashkilot va hukumatlardan mustaqil ekanini alohida urg‘uladi.

Unga ko‘ra, komissiya faoliyati turli manba‘lardan moliyalanadi.

Janob Kilyunennning aytishicha, xalqaro komissiyaning mandati haqida Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining avvalroq BMT Bosh Kotibi Pan Gi Mun nomiga yo‘llagan maktubida kelishib olingan.

Qirg‘iz hukumatining xalqaro tekshiruvga roziliga ham ushbu maktubda izhor qilingan.

Xalqaro komissiya raisi yuzlab odamlarning o‘limi uchun mas‘ul shaxslarning javobgarlikka tortilishi va milliy murosaning qaror topishini maqsad qilib qo‘yganliklarini aytdi.

Avvalroq Qirg‘iziston voqealar yuzasidan o‘zining milliy tekshiruvini boshlagan va bu tekshiruv o‘zining dastlabki xulosalarida zo‘ravonliklar uchun o‘zbek jamoasi rahbarlarini ayblagandi.

O‘tgan oy BMTning Nьyu Yorkda o‘tgan Mingyillik samitida nutq so‘zlagan O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Qirg‘iziston janubidagi milliy zo‘ravonliklaro yuzasidan xalqaro tekshiruvni boshlashga chaqirgandi.

G‘arb davlatlari xalqaro tekshiruv o‘tkazish chaqiriqlarini qo‘llab-quvvatlashgan.

Rossiya hozirga qadar bu kabi tekshiruv borasidagi rasmiy mavqe‘yini bildirmagan.

Qirg‘izistonning o‘zidagi millatchilar mamlakat janubiga xalqaro politsiya kuchlarini joylashtirishga bo‘lgani kabi, xalqaro tekshiruvga ham qarshilik qilib keladilar.