'Matbuotni nazoratda ushlash choralari natijalari teskari bo‘lishi mumkin'

Image caption Oxirgi kunlarda Tojikistonda qator mustaqil gazetalar chop etilmasdan qoldi

Tojikiston matbuot erkinligini cheklagani va mamlakatdagi mustaqil gazetalarga bosim o‘tkazgani uchun xalqaro tashkilotlarning tobora kuchliroq tanqidlariga uchramoqda.

Mamlakatda ba‘zi tojik va xorijiy axborot veb-saytlariga umuman kirib bo‘lmaydi.

Bir qator mustaqil ro‘znoma va nashriyotlarga soliqchilar borib, tekshiruv o‘tkazganlar va natijada mustaqil gazetalar chop etilmasdan qolgan.

Tojikistondagi veb-sahifalarga qarshi harakatlar 29 sentyabrda boshlangandi.

Bu choralar bilan bir vaqtning o‘zida soliq xizmati nazoratchilari qator mustaqil ro‘znoma va nashriyotlarga jo‘natilgan.

Mustaqil matbuotga qarshi kurash deya talqin etilayotgan bu choralar sentyabr oyi o‘rtalaridan beri mamlakat sharqidagi Rasht vodiysida qurollangan jangarilaiga qarshi olib borilayotgan amaliyotlardan so‘ng yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bu amaliyotlar haqida axborot tarqatgan mustaqil ro‘znomani Tojikiston mudofaa vaziri "jangarilar bilan hamkorlik qilishda" aybladi.

Prezident Imomali Rahmon ham mustaqil matbuotdan nolidi.

18 oktyabr kuni Ovo‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining matbuot erkinligi bo‘yicha rasmiysi Dunya Miyatovich Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiyga maktub yo‘lladi.

Miyatovich xonim veb-sahfilarning to‘sib qo‘yilishi, mustaqil ruznomalarni chop etishni cheklash va soliq va boshqa nazorat tekshiruvlarini o‘tazishni Tojikistonning matbuot erkinligi sohasida tashkilot o‘ngida olgan majburiyatlarini bajarmaslik, deya ta‘rifladi.

Qarorgohi Parijda joylashgan jurnalistlar huquqlarini himoya qiluvchi "Chegara bilmas muxbirlar" xalqaro tashkiloti ham o‘z munosabatini bildirdi.

"Chegara bilmas muxbirlar" bayonotida aytilishicha, Tojikiston rasmiylarining amallari noo‘rin va mamlakatning xalqaro sahnadagi obro‘siga zarar yetkazuvchidir.

Tashkilot Tojikiston rasmiylarini erkin matbuotga qarshi harakatlarini to‘xtatishga da‘vat qildi.

Ularga ko‘ra, Tojikiston rasmiylari vaziyatni nazorat qilayotganliklarini ko‘rsatib qo‘ymoqchidirlar, lekin bu kabi choralarning oqibati ular kutganidan teskari bo‘lib chiqishi mumkin.