Prezident Karimov Qirg‘izistondagi etnik nizolarda yana uchinchi kuchlarni aybladi

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Turkmanistonga safari chog‘ida o‘tgan iyun oyida Qirg‘iziston janubida yuz bergan milliy zo‘ravonliklarda yana uchinchi kuchlarni ayblagan.

Janob Karimovning Turkmanistonga ikki kunlik safari kecha rasman o‘z nihoyasiga yetgandi.

O‘zbekiston prezidenti o‘zbeklar va qirg‘izlar orasidagi to‘qnashuvlarga yetaklagan ommaviy tartibsizliklarga uchinchi kuchlar sabab bo‘lganliklariga ishonchi komil ekanini aytgan.

Bu haqda Rossiyaning Interfaks axborot agentligi xabar bergan.

"Qirg‘iziston janubida yuz bergan barcha hodisalar, hamma muammolar uzoq muddatli strategik maqsadlarni ko‘zlagan insonlarning ishi. Etnik o‘zbeklar va qirg‘iz xalqi uchinchi kuchlar tomonidan tashkillashtirilgan hodisalarning asiriga aylanishdi," deb aytgan O‘zbekiston rahbari.

Prezident Karimovga ko‘ra, iyun oyidagi milliy nizolarda o‘zbeklar ham, qirg‘izlar ham aybdor emaslar.

"Qirg‘izistonda yuz bergan hodisalar biz uchun ham og‘riqli. Qalbimiz tashqi kuchlar tomonidan o‘zbeklar va qirg‘izlarga qarshi uyushtirilgan butkul ma‘nisiz qirg‘inda qurbon bo‘lgan insonlar bilan birga," deb aytgan O‘zbekiston rahbari.

Qirg‘iziston janubida o‘tgan iyun oyida yuz bergan qonli to‘qnashuvlarda yuzlab odamlar qurbon bo‘lgan, yuz minglab kishilar o‘z turar-joylarini tashlab chiqishgan va minglab turar-joylar vayron bo‘lgandi.

Milliy nizolarda asosan o‘zbeklarning jabr ko‘rganliklari aytiladi.

Janob Karimov yaqinda iyun oyidagi qonli hodisalar ortidan O‘zbekiston 100 mingdan ziyod qochqinlarni qabul qilganini aytgandi.

O‘tgan oy BMTning taraqqiyot sammitida so‘zlagan O‘zbekiston prezidenti Qirg‘iziston janubidagi so‘nggi qonli hodisalar yuzasidan mustaqil xalqaro tekshiruv o‘tkazishga ham chaqirgandi.

O‘zbekiston rahbari faqat mustaqil xalqaro tekshiruvgina qirg‘izlar bilan o‘zbeklar o‘rtasidagi yarashuvga yetaklovchi yo‘l ekanini, bunday tekshiruvsiz qonli hodisalar yana takrorlanishi mumkinligini aytgandi.

Va shuningdek...

Prezident Karimov turkmanistonlik hamkasbi bilan birga Afg‘oniston mojarosiga ham tezroq yechim topishga chaqirgan.

Tomonlarga ko‘ra, Afg‘onistonda davom etayotgan urushlar unga qo‘shni Markaziy Osiyo mintaqasidagi tinchlik va barqarorlikni tahdid ostiga qo‘yadi.

O‘zbekiston matbuotining yozishicha, prezident Karimov Turkmanistonga safar chog‘ida Markaziy Osiyodan boshlanib, Eron orqali Fors Ko‘rfazi davlatlariga eltuvchi naqliyot yo‘lagi g‘oyasini ham o‘rtaga tashlagan.

Yangi naqliyot yo‘lagi O‘zbekiston doxil neft va gaz zaxiralariga boy uch Markaziy Osiyo davlati iqtisodining kuchayishiga nihoyatda qo‘l kelishi mumkinligi aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, Turkmaniston rahbari o‘zbekistonlik hamkasbining taklifini xush qarshilagan.

O‘zbekiston Turkmanistonning gaz eksporti yo‘llarini turfalashtirish harakatlarini ham to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Islom Karimov xorijiy davlatlarni Markaziy Osiyo davlatlariga qo‘rqmasdan sarmoya kiritishga ham chaqirgan.

Prezident Gurbanguli Berdimuhammedov qudratga kelishi ortidan O‘zbekiston va Turkmaniston orasidagi aloqalarning iliy boshlagani kuzatiladi.

Islom Karimov o‘tgan yilning dekabr oyida Turkmanistonga safar qilib, turkman, qozoq va xitoy prezidentlari bilan birga "Markaziy Osiyo-Xitoy" gaz quvurining ochilish marosimida ishtirok etgandi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston orqali Xitoyga uzangan 1833 kilometrlik quvur Markaziy Osiyo gazini Rossiyani chetlab, jahon bozoriga olib chiquvchi birinchi yirik loyihadir.