O‘zini oziq-ovqat bilan ta‘minlashga Tojikistonning qurbi yetadimi?

Ekin yig‘ishtirib olingan maydonda traktor yer shudgorlayapti.

"Bu traktor o‘zimniki emas, yer haydab bergani uchun egasiga pul beraman," deydi Istaravshan tumanida yashaydigan dehqon Qobiljon.

Tojikiston mustaqillikka erishgach, Sho‘rolar davridagi kolxoz va sovxozlar birin-ketin o‘z joyini dehqon va fermer xo‘jaliklariga bo‘shatib bera boshladi.

Qobiljon ham kichik dehqon xo‘jaligi rahbarlaridan biri. U oila a‘zolari bilan birga asosan kartoshka yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Qobiljon yetarli mablag‘ to‘plagach, traktor sotib olish niyatida.

"Kartoshka yetishtirishning o‘zi bo‘lmaydi. Oldingi yillar Kolorado qo‘ng‘izi degan bir balodayin hasharot bor edi. Bu yil bir yo‘lini topib undan qutuldik. Lekin bu selitra deganday o‘g‘itning narxi oshib ketdi. Bo‘lmasa, kartoshkani yanada arzonroq sotgan bo‘lardik," deydi Qobiljon.

Qobiljonlar oilasi bozordan deyarli biron-bir qishloq xo‘jalik mahsuloti sotib olmaydi.

"O‘zimiz bug‘doy ekamiz, boshqa sabzavotlar ham dalamizdan chiqadi. Sigir-qo‘ylarimiz bor, sut-qatiq, go‘sht ham sotib olmaymiz," deydi Qobiljon.

Tog‘li o‘lka imkonlari

Tojikiston hududining 90 foizdan ortig‘i tog‘dan iborat. Lekin mavjud tekis yerlarda hamda tog‘ yonbag‘irlarida dehqonchilik qilish va bog‘-rog‘lar yaratish uchun qulay imkoniyat mavjud.

Sho‘rolar paytida Tojikistonda yiliga o‘rtacha 700-800 ming tonna atrofida paxta yetishtirilgan. Paxta xirmoni 1 million tonnaga yetgan payt ham bo‘lgan.

Hozirda yalpi paxta yetishtirish deyarli ikki baravarga kamayib ketdi. Bunga paxta yerlari o‘rniga boshqa ekinlar ekila boshlash bilan birga paxta hosildorligining ikki baravar kamayib ketishi ham sabab bo‘ldi.

Bu yil Sug‘d viloyatida uzoq yillardan keyin birinchi marta paxta yetishtirish rejasi bajarilishi kutilmoqda. Hozirda paxtakor tumanlarning deyarli yarmi rejani bajarib bo‘lgan. Jahonda paxta tolasi narxining oshishi esa dehqon daromadini ko‘paytiradi.

Qohir Rasulzoda Sug‘d viloyati davlat ijroiya hokimiyati raisi:

"Soliq , boshqa xarajatlardan tashqari dehqonning qo‘liga gektariga ikki ming dollar qolayotir. Bir gektar yerga ko‘pi bilan 500-600 dollardan sarflangan. Chunki bu yil biz yetarli darajada mineral o‘g‘it olib kela olmadik. Bu yil viloyatga o‘tgan yilga qaraganda 17 ming tonna kam mineral o‘g‘it keltirildi," deydi Qohir Rasulzoda.

Ayni bir paytda Tojikistonda boshqa ekinlar salmog‘i orta bordi.

Tojikiston Qishloq xo‘jalik vazirligiga ko‘ra, yilning o‘tgan muddatida dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlari yetishtirish ko‘paygan.

Mamlakatda o‘tgan yilning shu davriga qaraganda deyarli 400 million somoniylik – bu 90 million AQSh dollaridan ko‘proq - qishloq xo‘jalik mahsulotlari tayyorlangan.

Jumladan, 1 million tonnadan ortiq don mahsulotlari yetishtirilgan.

Tojikiston Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Afg‘oniston kabi davlatlarga 190 ming tonnadan ortiq qishloq xo‘jalik mahsuloti sotgan. Tojikistondan chetga asosan piyoz, poliz mahsulotlari va quruq meva chiqariladi.

Ayni bir paytda joriy oydan boshlab Tojikistondan chetga qoramol, go‘sht, kartoshka kabi mahsulotlar chiqarish taqiqlab qo‘yildi.

Qor yondirish uchun qalov izlaganlar

Xo‘janddagi "Nov Taraqqiyot Jarayonlari Agentligi" mahalliy ijtimoiy tashkiloti keyingi yillarda ekin hosildorligini oshirish borasida dehqonlarga yordam berib kelmoqda.

Mazkur nohukumat tashkiloti yetakchi agronomi Nabijon Ahadov, "Sho‘rolar paytida bir gektar yerdan 800 tsentnergacha pomidor olinardi. Chunki u paytda agrotexnikaning barcha qoidalariga amal qilinardi. Mineral o‘g‘it, suv yetarli edi. Hozirda hosildorlik ikki-uch baravar kamayib ketgan," deydi.

Agronom Nabijon Ahadovning aytishicha, hozirgi paytda ham hosildorlikni oshirish imkoniyatlari bor:

"Birlashgan Millatlar tashkiloti, boshqa xalqaro tashkilotlar yordamida hosildorlikni oshirish uchun tajriba maydonlari yaratilmoqda. Bizning tashkilotimiz Jabbor Rasulov va Spitamen tumanlaridagi dehqon xo‘jaliklari bilan hamkorlikda tajriba maydonlarida mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda pomidor yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi,"deydi u.

Agronomning aytishicha, faqat chirindi, go‘ng solingan ekin maydonlarida pomidor hosildorligi oltmish-etmish foizga ortgan. Bunda biousullardan foydalanish ham qo‘l kelgan.

Mahsulot ko‘paytirish imkoniyatlari

Asosan agrar mamlakat sanalgan Tojikistonda keyingi yillarda ekin ekilmay qolib ketayotgan yerlar ko‘paydi.

Mutaxassislar buning asosiy sababi deya dehqonlarning sarflagan xarajatlari va mehnatlariga yarasha foyda olmayotganliklarini ko‘rsatishadi.

Dehqonchilik ortidan yelkasiga oftob urmayotgan odamlar esa tirikchilik ilinjida Rossiya kabi mamlakatlar tomon yo‘l olishmoqda.

Tojikistonda mutaxassislar va soha olimlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish imkoniyatlari mavjudligini ta‘kidlashadi. Buning uchun yangi texnika sotib olish, mineral o‘g‘it, yonilg‘i-moylash ashyolari ta‘minotini yaxshilash bilan birga yangi yerlarni o‘zlashtirish imkoni borligi ham aytiladi.

Jumladan, Shimoliy Tojikistonda Sho‘rolar paytida o‘zlashtirila boshlangan minglab gektar maydondagi Qizili mavzeini ekin yerlariga aylantirish borasida gap boradi.

Lekin bu yerlarni o‘zlashtirish uchun Zarafshon daryosi suvining ma‘lum bir qismini ortga burishga to‘g‘ri keladi.

Bu loyiha esa birinchidan katta mablag‘ talab qilsa, ikkinchidan Zarafshon suvidan foydalanadigan O‘zbekiston manfaatlariga mos tushmaydi.

Ayni bir paytda mustaqil mutaxassislar fikricha, sho‘rlangan yerlar sho‘rini qochirib, qaytadan ekin eka boshlash, qishloq xo‘jaligida mulkdorlik shaklini o‘zgartirish, bir yerdan yiliga ikki-uch hosil olish Tojikistonda qishloq xo‘jalik mahsulotlari salmog‘ini ko‘paytirishga olib boradi.