Qozog‘iston: 'Bizda qochqinlar bilan bog‘liq hech bir muammo yo‘q'

O‘zbekistonlik o‘ttizga yaqin qochqinni ortga ekstraditsiya etmaslik talabi bilan Venada uyushtirilgan uch kunlik namoyish o‘z nihoyasiga yetarkan, Qozog‘iston tomoni qochqinlar masalasida o‘zlarida hech bir muammo yo‘qligini aytgan.

Muhojirotdagi o‘zbekistonliklar tomonidan tashkil etilgan Qochqinlarni himoya qilish qo‘mitasi Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi yig‘ini munosabati bilan 20 oktyabr kuni o‘z norozilik namoyishlarini boshlagandi.

O‘ndan ortiq namoyishchilar o‘z aktsiyalari bilan Qozog‘istondagi o‘zbekistonlik qochqinlarning taqdiriga xalqaro anjuman ishtirokchilarining e‘tiborlarini tortish va Qozog‘istonga xalqaro hamjamiyat oldida olgan mas‘uliyatlarini eslatib qo‘yish niyatida ekanliklarini aytishgandi.

Kecha rasmiy qonun-qoidalar doirasida namoyish ishtirokchilarining Venadagi yig‘inda so‘zga chiqishlariga ham imkoniyat berilgan. OXHTining Venadagi yig‘ini siyosiy, harbiy, iqtisodiy va eklogik masalalarga qaratilgan.

Tashkilotchilar o‘zbekistonlik qochqinlarning taqdiriga e‘tiborsiz bo‘lmagan barcha ezgu niyatli insonlarni ularning O‘zbekistonga ekstraditsiya etilishlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘llaridan kelgan barcha chorani ko‘rishga chaqirishgan.

O‘ttizga yaqin o‘zbekistonlik qochqinning hozir Olma ota shahridagi hibsxonada ushlab turilganliklari aytiladi. Ularning hammasi shu yilning 10 iyun kuni tongda o‘tkazilgan reydda ushlangan.

Hibsdagilar O‘zbekistonda og‘ir jinoyatlarni sodir etish va noqonuniy ekstremistik guruhlarga a‘zolikda ayblanib, davlatlararo qidiruvga berilgan.

Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston Bosh prokuraturasining talablarini tekshirib chiqib, o‘rinli deb topganliklari, O‘zbekiston tomoni lozim dalillar bilan ta‘minlagani va Minsk shartnomasi asosida ularni ortga ekstraditsiya etish uchun hibsga olinganliklarini aytib keladi.

Bir necha yildan buyon Qozog‘iston hududida yashab kelgan ushbu o‘zbekistonliklarning aksariyatiga avval BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi tomonidan "boshpana izlovchi" maqomi berilgan.

Ammo yaqinda bu kabi vakolat Qozog‘iston Migratsiya xizmatiga o‘tkazilishi ortidan o‘tgan iyun oyida Olma ota shahrida 45 nafar qochqin hibsga olingan.

Sentyabr oyi o‘rtalarida xuddi shunday talab bilan Ukraina, Shveytsariya, Daniya, Shvetsiya va Olmoniya kabi ko‘plab davlatlarda ham namoyishlar bo‘lib o‘tgandi.

O‘zbekistonga ekstraditsiya etilishi ma‘lum qilingan qochqinlarning oilalari ham avvalroq Qozog‘iston Bosh prokuraturasining Olma otadagi idorasi qarshisida qator norozilik chiqishlari uyushtirishgandi.

Hibsda ushlab turilgan o‘zbekistonliklardan ba‘zilari ekstraditsiya harakatlariga norozilik sifatida ochlik e‘lon qilganliklari ham xabar berilgandi.

Biz bugun nihoya topgan namoyish ishtirokchisi Ahmad Isoni suhbatga chorlab, norozilik chiqishlari bilan nimaga muvaffaq bo‘lganliklarini so‘radik.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди