Gorbachev Rossiyadagi demokratiyaning ahvolidan tashvishda

SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti Rossiyadagi demokratiyaning ahvolidan havotir izhor qildi.

Bi-bi-si bilan suhbatda janob Gorbachev Rossiya totalitar tuzumdan demokratik davlat tomon faqat yarim yo‘lni bosib o‘tganni aytdi.

Sobiq Sovet rahbarining nazarida mamlakatdagi demokratiya "muammolarga duch kelgan".

"Masalan, dedi u, - rossiyaliklar hozirda mintaqa rahbarlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylash imkoniga ega emaslar".

Janob Gorbachev Bosh vazir Putinning iqtidordagi "Yagona Rossiya" partiyasini hokimiyatda qolish uchun demokratiyadan og‘ishda aybladi.

"Men qattiq tashvishdaman. Bizning jamiyatimizda xali ham demokratiyadan qo‘rqadigan va totalitar tuzumni afzal biladiganlar bor", - dedi janob Gorbachev.

Mixail Gorbachev Sovet Ittifoqini zamonaviylashtirish va saqlab qolish masqsadida boshlagan qayta qurish va oshkoralik siyosati Rossiyaga demokratik o‘zgarishlarni olib kelgan edi.

Uning urinishi barbod bo‘ldi va SSSR quladi.

Oradan qariyb 20 yil o‘tgan esa-da, ko‘pchilik rossiyaliklar sovet imperiyasining qulashida hanuz Gorbachevni ayblashadi.

NATOga ogoh

Bi-bi-si bilan suhbatda janob Gorbachev shuningdek, NATOni Afg‘onistonda g‘alaba qozonish imkonsiz ekani haqida ogohlantirdi.

20 yil avval sovet kuchlarini Afg‘onistondan olib chiqqan janob Gorbachevga ko‘ra, Amerikaning ham, agar ikkinchi Vetnamni istamasa, o‘z kuchlarini olib chiqib ketishdan boshqa yo‘li yo‘q.

Sobiq sovet rahbari NATO erishishi mumkin bo‘lgan eng katta narsa Afg‘onistonning oyoqqa turishi va urushdan keyin o‘zini qayta qurishida yordam berish ekanini aytdi.

Janob Gorbachev Prezident Obamani kelasi yildan boshlab Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqib ketishni boshlash qarorini olqishladi.

Ammo u Qo‘shma Shtatlarni 20 yil avval mintaqadagi roli uchun tanqid qildi.

"Amerika Saudiya Arabistonining moliyaviy yordami bilan bugun Afg‘oniston va Pokistonni terror qilayotgan afg‘on jangarilarini tayyorgarlikdan o‘tkazgan", - dedi u.

Janob Gorbachevning bashorat qilishicha, Amerikaning vaziyatdan chiqishi qiyin bo‘ladi.

"Ammo boshqa yo‘l yo‘q. Yarim million qo‘shinni jo‘natib, ikkinchi Vetnamni yaratish ish bermaydi", - deb aytdi Mixail Gorbachev.

Janob Gorbachevning Rossiyadagi demokratiya bilan bog‘liq havotirlariga qo‘shilasizmi? U boshlagan perestroyka davri O‘zbekistoni nimasi bilan yodingizda qolgan? Fikrlaringizni bizga yo‘llang.

BBCUZBEK.COM tahririyatining SMS raqami +447786201124