'Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish kuzatiladi'

Dunyoning aksar mamlakatlari global iqtisodiy inqiroz oqibatlarini bartaraf etish uchun jon kuydirayotgan bir paytda Markaziy Osiyo mamlakatlarining anchasi keyingi yilda iqtisodiy o‘sishga erishishlari mumkin. Qator xalqaro tashkilotlar, xususan, Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi va Ovro‘po Tiklanish va Taraqqiyot banki shunday xulosaga kelganlar.

Ular e‘lon qilgan taxminlarga ko‘ra, 2011 yilda ayniqsa mintaqadagi uglevodorod zahiralariga ega mamlakatlarda salmoqli o‘sish bo‘ladi.

Etnik zo‘ravonliklar bois kuchli iqtisodiy zarbaga uchragan Qirg‘izistonda iqtisodiyot qisqarishi katta bo‘ladi, deb kutilmoqda.

Ikkala hisobot ham ancha umidbaxsh iqtisodiy yuksalish haqida bashoratlarni taqdim qiladi. Turkmaniston deyarli 10 foiz o‘sishda, kelasi yil esa bu ko‘rsatkich ham hatlab o‘tilishi mumkin. O‘zbekiston ham hisobotga ko‘ra, so‘nggi o‘rinlarda emas, balki ancha ilgarigi qatorni egallagan. Bu yil iqtisodiy o‘sish 8 foiz bo‘lsa, kelasi yil yana oz bo‘lsada ijobiy ko‘tarilish bashorat qilingan.

Iqtisodi xom ashyo eksportiga asoslangan mamlakatlarda o‘sish sur‘ati jadalroq bo‘lishi kutiladi. Bu ayniqsa tabiiy zahiralarning jahon bozorida narxlar ko‘tarilib borishi bilan bog‘liq. Qozog‘iston uchun ham iqtisodiy bashoratlar va yo taxminlar ancha ijobiydir. Ammo bu yilgi o‘sish ko‘rsatkichi besh olti foiz bo‘lishi, Qozog‘iston global moliyaviy inqirozdan anchayin zarar ko‘rganini anglatadi. Boshqa Markaziy Osiyo davlatlariga global moliyaviy inqiroz bu darajada qattiq ta‘sir ko‘rsatmagan.

Ovro‘po Tiklanish va Taraqqiyot bankiga ko‘ra, Qozog‘iston o‘nglanish yo‘liga chiqib olgan va bu neft ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, hamda moliyaviy yordam dasturining ishga solinishi bilan bog‘liqdir.

Muhojirlarning vatanga jo‘natayotgan pul oqimlari ham mintaqa iqtisodiga tirgak bo‘lib turgan omillardan sanaladi. Tojikistonda iqtisodiy islohotlar, bozor siyosati yaxshiroq yo‘lga qo‘yilgan, buni alyuminiy va paxta sanoati rivojlanishida ko‘rish mumkin. Tojikistonda o‘sish sur‘ati besh foiz deb aytiladi.

Qirg‘izistondagi siyosiy boshboshdoqlik va etnik zo‘ravonliklar iqtisodni oldinga emas, ortga yo‘llagan. Bu yilgi o‘sish sur‘ati minus 3.5 foiz bo‘ladi. O‘sh va Jaloloboddagi qonli hodisalar ortidan O‘zbekiston hamda Qozog‘iston o‘z chegaralarining yopishi ham iqtisodga salbiy ta‘sir qilgan.

Kelasi yil esa Qirg‘izistonda o‘sish sur‘ati yetti foiz deb bashorat qilinmoqda. Bu nafaqat Qozog‘iston va Rossiyadagi o‘sish bilan bog‘liq, balki mahalliy oltin ishlab chiqarish hajmini ham ko‘paytirish bilan bog‘liq deyilmoqda. Albatta, mamlakatga siyosiy barqarorlik qaytmasa, ayni ko‘rsatkich qog‘ozda qolishi mumkin.

BBCUZBEK.COM tahririyati SMS raqami +447786201124