Tojikiston: Isfarada yana bir qurolli otib o‘ldirilgan

Image caption Isfarada o‘tgan yili oktyabrida yuz bergan otishmada bir xonadon vayron bo‘lgan

Tojikiston rasmiylariga ko‘ra, mamlakat shimolidagi Isfara tumani Chorko‘ kishlog‘ida yashiringan qurollilar bilan huquq-tartibot mulozimlari orasida otishma yuz bergan.

Natijada qurollilardan biri o‘ldirilgan.

Huquq-tartibot organlari xabar berishicha, maxsus amaliyot 28 oktyabr kuni boshlangan.

Amaliyotdan ko‘zlangan maqsad og‘ir jinoyatchi sifatida ko‘rilayotgan kishilarni qo‘lga olish bo‘lgan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi ma‘lumotlariga ko‘ra, Chorko‘ qishlog‘ida qurollilar yashiringan.

Rasmiylar bu kishilarning Isfara shahar ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘ini o‘ldirish va boshqa bir qator jinoyatlar sodir etishda gumon qilinib qidiruvda bo‘lganlarini aytadilar.

Kuch tizimlari vakillari qishloqdagi uylardan birida yashiringan qurollilar bilan huquq-tartibot mulozimlari orasida otishma yuz berganini xabar qiladilar.

Natijada qurollilardan biri o‘ldirilgan.

O‘tgan yil sentyabrida Isfarada militsiya mulozimi o‘ldirilishi ortidan rasmiylar tomonidan bu ishda O‘zbekiston Islomiy harakati a‘zolarining qo‘li borligi aytilgandi.

Chorko‘lik kishilarning aytishlaricha, otishma yuz bergan "Qo‘riq" mahallasining "Chakalak" deb nomlanadigan qismi qurshab olingan.

Mahalladagi hovlilarda tintuv boshlangan.

Tojikiston rasmiylari Isfara tumanini islomiy mutaassiblar makoni sifatida ko‘radilar.

bu yerga bosing Tojikiston shimolida otishma

Rasmiylarga ko‘ra, ekstremistik tashkilotlarga a‘zo jangarilar ham shu tumanda panoh topganlar.

Bu yerda bir necha bor kuch tizimlari maxsus amaliyotlar o‘tkazishgani, oqibatda huquq-tartibot organlari xodimlariga qurolli qarshilik ko‘rsatgan turli "terrorchi tashkilotlarga a‘zo" shaxslar o‘ldirilgani xabar qilingan.

Bir hafta ilgari Tojikiston xavfsizlik qo‘mitasi Isfara shahrida maxsus amaliyot o‘tkazgani, O‘zbekiston Islomiy harakatining faol a‘zolari o‘ldirilgani va qurolli qarshilik ko‘rsatganlarning biri ayol kishi bo‘lgani aytilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, ikkisi ham 25 yoshda bo‘lgan Muxtasar Miromonova va Nasimjon Akramov Isfara shahridagi uylardan birida yashaganlar va ular yashagan uydan qurol-yarog‘lar topilgan.

Bundan bir yil oldin Isfaraning sobiq Kolxoz ko‘chasidagi hovlilardan birida to‘rt qurolli jangari bilan otishma yuz bergani, to‘rt kishi halok bo‘lgani xabar qilingan.

bu yerga bosing Isfaradagi otishmada to‘rt kishi o‘lgan

Shundan so‘ng Isfarada bu harakatga mansub yoki tarafdor bo‘lganlarni qidirish boshlanib ketdi. Bu qidiruvlar natijasida, jumladan, ikki ayol va bir maktab o‘quvchisi qo‘lga olindi.

O‘quvchi va bir ayol qurolli jangarilarga yordam berishda ayblandilar.

Ayni bir paytda O‘zbekiston yoki Turkiston Islomiy harakatiga mansub deya ko‘rilgan qirq nafardan ortiq kishiga nisbatan qidiruv e‘lon qilindi va ularning surati mahalliy televideniyeda ko‘rsatildi.