Pokiston va Turkmaniston Markaziy Osiyo Mintaqaviy Iqtisodiy Hamkorlik Loyihasi a‘zosi

Pokiston va Turkmaniston Markaziy Osiyo Mintaqaviy Iqtisodiy Hamkorlik Loyihasiga a‘zo bo‘lib kirganlar. Bu haqda Loyiha a‘zolarining Manilada o‘tayotgan anjumani chog‘ida e‘lon qilingan. 1997 yilda ta‘sis etilgan ushbu loyiha doirasida hozirda O‘zbekiston doxil Markaziy Osiyo va mintaqa atrofida joylashgan o‘nta davlat hamda oltita xalqaro tashkilot transport, energetika va iqtisodiy sohalarda hamkorliq qiladi. Ushbu loyiha tarkibida Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi, Birlashgan Millatlar Taraqqiyot Dasturi qatori Osiyo Taraqqiyot Banki ham bor. Biz Manilada o‘tayotgan anjuman ishtirokchisi, Osiyo Taraqqiyot Bankining Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘limi bosh kotibi, Xuan Miranda bilan bog‘lanib, Turkmaniston va Pokistonnning Markaziy Osiyo Mintaqaviy Iqtisodiy Hamkorlik Loyihasiga a‘zo bo‘lishi nimani anglatadi, deb so‘radik.

Xuan Miranda: Turkmaniston - Markaziy Osiyo o‘zagidir. Ushbu loyihaga qo‘shilish bilan Turkmaniston uning ahammiyati hamda iqtisodiy va energetik qudratini oshiradi. Pokiston esa ushbu energiya tizimining boshqa uchida joylashgan. Pokistonda dengizga chiqish yo‘llari va bandargohlar bor. Albatta, jahon bozoriga chiquvchi boshqa yo‘llar ham bor. Aytaylik Rossiya va Xitoy orqali. Lekin, Turkmaniston va Pokistonning Markaziy Osiyo Iqtisodiy Hamkorlik Loyihasiga qo‘shilishi ushbu loyihadagi kamu ko‘stlarni to‘ldiradi. Ularning loyihaga qo‘shilishini unga a‘zo davlatlar va xalqaro tashkilotlar katta xursandchilik bilan qarshi olishdi. Men bundan juda ham mamnunman. Chunki, jahon bozoriga dengiz orqali chiqish yo‘llari bo‘lmagan Markaziy Osiyo mintaqasi uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Albatta, Pokiston portlariga chiqish birdaniga amalga oshmaydi. Biz sabr-toqat bilan o‘zaro savdo-sotiqni rivojlantirishimiz va chegaralararo savdoni yengillashtirishimiz lozim bo‘ladi.

Bi-bi-si: 30 yildan buyon urush girdobidan chiqa olmayotgan Afg‘oniston va unga qo‘shni Pokiston Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikdan qanday naf ko‘rishi mumkin deb o‘ylaysiz?

Xuan Miranda: Bu foydalar turli shakl va shamoilda bo‘ladi deb o‘ylayman. Afg‘oniston Markaziy Osiyo energiyasini dunyo bozoriga olib chiqishda muhim tranzit mamlakatiga aylanishi va bundan daromad ko‘rishi mumkin. Pokistonda esa, ulkan elektr va gaz taqchilligi mavjud. Ayni muammolarni Islomobod Markaziy Osiyodan keladigan elektr va gaz hisobiga yechishi mumkin bo‘ladi.

Bi-bi-si: Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro iqtisodiy kelishmovchiliklarni ham eta olmayotgan paytda qanday qilib mintaqaga qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik qila oladi deb o‘ylaysiz? Bu qanchalar haqqoniy?

Xuan Miranda: Markaziy Osiyo jumladan Afg‘oniston bir paytlar ajoyib zaminlar bo‘lgan. Bu zaminda buyuk madaniyat va salohiyat egalari yashashgan. Bu zaminda savdo-sotiq qila oladigan, mahsulot ishlab chiqara oladigan xalqlar yashashgan. Bu masalalarda ularga o‘z davrida dunyoning birorta xalqi yetisha olmagan. Demak, bunyodkorlik bu mintaqada hamisha bo‘lgan. O‘tgan yilning o‘zida Markaziy Osiyo infratizilma va energiya loyiahalariga Osiyo Taraqqiyot Banki doxil xalqaro tashkilotlar 13 milliard dollar sarmoya kiritdi. Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonni jahon bozoriga olib chiquvchi yo‘llar qurilishda davom etmoqda. Bu mintaqa davlatlarining o‘zaro hamkorlik qilishga tayyor ekaini ko‘rsatadi. Siyosiy qiyinchiliklar saqlanib qolayotgani rost. Lekin, aytingchi, dunyoning qaysi mintaqasida bunday qiyinchiliklar yo‘q?!

Bi-bi-si: Lekin, oddiy muammolar ham hal etilmayaptiku. Misol uchun, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi suv muammolari yechimini topishda ularga yordam berishga harakat qildingizmi?

Xuan Miranda: Albatta, ular hamkorlik qilishayapti. Mana hozirgina Manilada mintaqa davlatlari vazirlarining sammiti oxiriga yetdi. Ushbu sammitda juda ham ochiq suhbat va bahslar bo‘ldi. Suv muammosi esa, nafaqat Markaziy Osiyoda balki butun dunyoda kuzatilayapti. Suv - mahsulot ishlab chiqarishga, shahar aholisi hayotiga va energetika sohalariga ta‘sir qiladi. Markaziy Osiyoda suv taqchilligi aslida yo‘q. Faqat uni taqsimlashda mintaqa davlatlaridan o‘zaro tushunish talab qilinadi. Ushbu qimmatbaho manbadan foydalanishda aniq hujjatlar imzolanishi kerak. Men mintaqa davlatlari bu muammolarni albatta yechishadi deb ishonaman.

Bi-bi-si: Tojik yoki o‘zbek tomoni Rog‘un GESini qurish masalasida Osiyo Taraqqiyot Banki fikrini so‘rashdimi?

Xuan Miranda: Yo‘q, so‘rashgani yo‘q. Rog‘un loyihasi 50 yilcha oldin ishlab chiqilgan va uni qurish uchun milliardlab dollar talab qilinadi. Tojikiston mulozimlari hozirda ushbu loyihaning atrof-muhitga ta‘sirini o‘rganishayapti. Tojikiston bizdan bu masalada hech narsa so‘rashgani yo‘q, lekin Jahon Banki va boshqa xalqaro tashkilotlar Rog‘unning atrof muhitga ta‘sirini o‘rganayapti.

BBCUZBEK.COM tahririyati SMS raqami +447786201124