Tojikistonda yanvardan boshlab jamoat joylarida chekish taqiqlanadi

Chekuvchi
Image caption Yangi qonun yanvar oyidan boshlab kuchga kiradi

Tojikiston parlamenti vakillar palatasi "tamaki mahsulotlaridan foydalanishni cheklash" haqida qonun qabul qilgan.

Yangi qonun maktab, shifoxona, aeroport, vokzal, sanatoriya, sport va madaniy inshootlar hamda jamoat transportlarida, shuningdek, mulk shaklidan qat‘iy nazar korxonalarda tamaki mahsulotlari sotish va chekishni taqiqlaydi.

Qonun 2011 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kirishi aytilgan. Qonun amalga tadbiq etilgandan so‘ng chekuvchilar faqat maxsus mo‘ljallangan joylarda chekishlariga to‘g‘ri keladi.

"Tamaki mahsulotlari maktab, bog‘cha, shifoxona va boshqa ta‘lim dargohlari hamda tibbiyot muassasalaridan 100 metr masofadan yaqin bo‘lgan hududda sotilishi ma‘n etiladi", deydi Tojikiston Adliya vaziri birinchi o‘rinbosari Abdujabbor Qodirov.

Chekuvchilar uchun maxsus joy ajratmagan va yo ta‘qiqlangan hududlarda chekkan kishilarga jarima solinadi.

Qonunni buzgan jismoniy shaxslar taxminan 40 dollardan 120 dollargacha, yuridik shaxslar esa, 2 ming dollargacha jarimaga tortilishlari mumkin.

Qonun 2011 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kirishi aytilgan.

Chekishga qarshi kurash masalasida chiqish qilgan deputat Jumaboy Sanginov hozirgi kunda Tojikistonda chekuvchilar soni qancha ekani aniq emasligini aytdi.

"Tamaki mahsulotlarini chekish bilan kurash tajribasi shuni ko‘rsatadiki, asosan uch usul, jumladan tushuntirish, taqiqlash va savdoda cheklov o‘rnatish lozim. Bu borada davlat tizimlari bilan birga jamoatchilikning o‘zi ham faol ishtirok etishi lozim", deydi janob Sanginov.

Iyul oyining oxirlarida mamlakat Prezidenti Imomali Rahmon barcha davlat va nodavlat muassasalarida tamaki mahsulotlarini sotish va chekishga cheklov joriy etish haqidagi tashabbus bilan chiqqandi.

Tojikistonda sigaretadan ko‘ra nosvoy chekish ko‘proq ommalashgan. Kuchga kirishi aytilayotgan qonunda bu jihatga ham e‘tibor qaratilgani aytilsa-da, aksariyat nosvoy chekishni isbot qilish qiyin ekanini urg‘ulaydi.