Qirg‘iziston:yana uch kishi umrboq qamoq jazosiga hukm etildi

O‘sh shahar mahkamasi uch kishini iyun oyida kechgan zo‘ravonliklarga aloqadorlik ayblari bilan umrbod qamoq jazosiga hukm etgan.

Uchovlon "ommaviy tartibsizlik paytida millatlararo adovat va bezorilik, shafkatsizlik bilan to‘rt insonni o‘ldirishda" ayblangan.

Ayblanuvchilardan birining himoyachisi Tohir Asanovning aytishicha, mahkama o‘z qarorida tergov davomida gumon qilinganlardan bosim ostida olingan ko‘rsatmalarga asoslanib hukm chiqargan.

Hukm etilganlar Duyshon Madatov, Islamiddin Aydaraliyev va Tanzila Mamatovalar, himoyachiga ko‘ra, boshpanasiz insonlardir.

Uning aytishicha, qurbonlar ham boshpanasiz kishilar bo‘lib, shahardagi Alisher Navoiy istirohat bog‘ida kun kechirib kelishgan.

Ayni mahkama ishi borasida BBC muxbiri ko‘proq aniq ma‘lumotlar olishga harakat qilgan.

Ammo muxbirimizga ko‘ra, himoyachi va boshqa mutasaddilar bu masalada ochiq gapirishga botinmaganlar.

Nomini sir tutishni so‘ragan mahalliy huquq himoyachilaridan biri, ayni mahkama jarayonlari "xo‘jako‘rsinga" o‘tkazilayotgani, zo‘ravonliklarda qatnashganlar hamon ozod yurishganini aytgan.

Qirg‘iziston janubida iyun oyida ro‘y bergan etnik zo‘ravonliklarda yuzlab insonlar qurbon bo‘lgani aytiladi.

Minglab uy-joylarga o‘t qo‘yilgan.

Qurbonlar, jabrlanganlar va uy yoqib yuborilgan insonlarning aksariyati o‘zbek millatiga mansub ekanligi aytiladi.

Zo‘ravonliklarda ayblanib mahkama tortilayotganlarning ham ko‘pchiligi o‘zbeklardir.

Xalqaro va mahalliy inson huquqlari tashkilotlari, mazkur mahkama jarayonlarini adolatsiz deya qattiq tanqid ostiga olishgan.

Mahkamaga tortilgan shaxslarning qarindosh-urug‘lari o‘z yaqinlarining qiynoqlar natijasida o‘zlariga qo‘yilgan ayblarga iqror bo‘lishayotganini da‘vo qilishgan.

Hibsga olinganlarga nisbatan qiynoq qo‘llangani haqidagi xabarlardan xalqaro inson huquqlari himoyachilari xavotirda ekani aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, bugungi kunda Jalolobod va O‘shda minglab asosan o‘zbek millatiga mansub oilalar muvaqqat boshpanalarda jon saqlamoqda.