Сўнгги янгиланиш 8 ноябр 2010 - 16:55 GMT

'Azimjon Asqarov va u bilan mahkamaga tortilganlar kaltaklanganlar'

Azimjon Asqarov

Azimjon Asqarov iyun oyidagi zo‘ravonliklarda qo‘l borlikda ayblanib, bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingandi

Qator inson huquqlari guruhlari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, Qirg‘iziston janubidagi bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilgan taniqli o‘zbek inson huquqlari faoli Azimjon Asqarov va yana yetti kishining shikoyat arizalarini ko‘rib chiqayotgan appelyatsion mahkama jarayonida sudlanuvchilar kaltaklanganlar.

Da‘vo qilinishicha, o‘tgan payshanba kuni mahkamaga keltirilgan payt ayblanuvchilarning tanalarida kaltak izlarini ko‘rish mumkin bo‘lgan.

Biz Qirg‘izistondagi qator mahkamalarni kuzatib kelayotgan Hyuman Rayts Uotch tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘linmasidan Ole Solvang bilan bog‘lanib, Azimjon Asqarov va bilan birga mahkamadagilarning bu galgi kaltaklanishi haqida qanday tafsilotlar ma‘lum ekanligini so‘radik:

Ole Solvang: Biz ushbu mahkama jarayonida hozir bo‘lgan bir qator shaxslar bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldik. Ularning aytishlaricha, ayblanuvchilar mahkama binosidan olib chiqilayotgan vaqti ularga hujum qilib kaltaklay boshlaganlar. Ulardan biri, hatto, qonli jarohat olgan. Guvohlarga ko‘ra, qamoqxona mashinasiga olib borilgunga qadar ularni, shuningdek, politsiya xodimlari urib-tepib borishgan.

Bi-bi-si: Lekin, ba‘zi inson huquqlarini himoya qilish guruhlari Azimjon Asqarov va u bilan birga mahkamaga tortilganlar o‘sha kuni mahkamaga olib kelingan vaqtlariyoq kaltaklangan bo‘lganlari, ba‘zilari hatto mashinadan tushib, o‘zlari yurolmay qolganlari haqida xabar berishmoqda. Bu xabarlar asoslimi?

Ole Solvang: Biz bu xabarlarni ham o‘rganmoqdamiz. Bu kabi holatlar avvallari ham ro‘y bergandi, lekin har doim ham nimalar ro‘y berganligini to‘la aniqlashning imkoni yo‘q. Muammo shundaki, ayblanuvchilar oshkorona tergov mobaynidagi qonunbuzarliklar va tazyiqlar haqida gapirishdan juda qo‘rqadilar. Avvalgi mahkama jarayonlarida biz o‘zimiz ayblanuvchilarda kaltak va qiynoqlar belgilari borligini ko‘rganmiz. Lekin, shunda ham ular bu haqda gapirishdan qo‘rqqanlar. Biroq, oxirgi ikki mahkama jarayonida, himoyachilarning aytishlaricha, ular o‘zlariga nisbatan noqonuniy munosabat bo‘lganligi haqida bir oz bo‘lsa ham gapira boshlaganlar.

Bi-bi-si: Ular nimalar haqida aytishibdi?

Ole Solvang: Ularning aytishlaricha, qo‘yilgan ayblovlarga iqror bo‘lish va bir-birlariga qarshi ko‘rsatma berishga majburlanganlar.

Bi-bi-si: O‘tgan hafta mahkamadan olib chiqilayotgan vaqti ayblanuvchilarni kim kaltaklay boshlagan?

Ole Solvang: Jabrlanuvchilarning yaqinlari hujum qilib kaltaklay boshlaganlar. Mana shu holatga qirg‘iz rasmiylari alohida e‘tibor berishlari lozim va bu amallarga qo‘l urganlarni politsiya xodimlarimi va yo boshqalarmi, bundan qat‘iy nazar javobgarlikka tortishlari lozim.

Bi-bi-si: Bu kabi holatlar haqida mahkamalarni kuzatib kelayotgan xalqaro tashkilotlar bir necha bor o‘z xavotirlarini izhor etganlar. Lekin, shunga qaramay, bu davom etmoqda, bu nimadan dalolat beradi?

Ole Solvang: Afsuski, siz haqsiz, biz bu holatlarga ko‘plab mahkamalarda guvoh bo‘lib kelmoqdmiz. Mahkamalar mobaynida xavfsizlik ta‘minlanmagani katta muammo bo‘lib kelmoqda. Jabrlanuvchilarning yaqinlari ayblanuvchilar, ularning hamoyachilariga hujum qilishmoqda. Oktyabr oyida ro‘y bergan o‘ta jiddiy bunday hodisalardan so‘ng, rasmiylar ba‘zi choralarni qo‘llayotgandek. Mahkama jarayonidagi politsiya xodimlari sonini ko‘paytirdilar, lekin oxirgi hodisa shuni ko‘rsatib turibdiki, bu choralar yetarli emas. Rasmiylar ayblanuvchilar doxil hammaning xavfsizligi ta‘minlashi uchun qo‘shimcha choralar joriy etishlari lozim.

Bi-bi-si: Azimjon Asqarov va u bilan birga mahkamaga tortilganlarning shu kecha-kunduzdagi ahvollari haqida biron narsa ma‘lummi?

Ole Solvang: Biz ayblanuvchilarning birontasi yo-da, ularning himoyachilari bilan suhbatlasha olmadik. Umid qilamizki, rasmiylar Asqarov va shuningdek, boshqalarga o‘z himoyachilari bilan yuzma-yuz uchrashish imkon yaratadilar. Chunki, shu vaqtgacha ular o‘z himoyachilari bilan holi uchrashib, nimalar sodir bo‘lgani haqida gaplashishlariga ruxsat berilmagan. Shu vaqtgacha, rasmiylar ayblanuvchilarga o‘z himoyachilari bilan holi uchrashishga berishmayapti. Bu esa, o‘z navbatida Qirg‘iziston jinoiy protsessual qonun-qoidalari aniq buzilishidir.

BBCUZBEK.COM tahririyati SMS raqami +447786201124

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.