Yuzlab talabalar Pokiston madrasalaridan Tojikistonga qaytishdi

Tojikistonning Pokistondagi elchisiga ko‘ra, 200 dan ortiq tojikistonlik talabalar mamlakatga qaytishgan.

Janob Zubaydullo Zubaydovning aytishicha, ular Pokiston madrasalarida noqonuniy ta‘lim olayotgan bo‘lishgan.

Ortga qaytgan talabalarning orasida 11 yoshlilari ham borligi aytiladi.

Elchi janoblariga ko‘ra, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning da‘vatiga javoban talabalar o‘z tashabbuslari bilan ortga qaytishgan.

Uning aytishicha, hozir Pokistonda 15 nafar talaba qolmoqda va ular ham tez orada Tojikistonga yuboriladi.

Bu haqda Tojikiston hukumatiga yaqin Asia-Plus xususiy axborot agentligi xabar tarqatgan.

Rasman bildirilishicha, talabalar Tojikistonning Rudakiy, Isfara va Matchoh tumanlaridan bo‘lishgan.

Ularning Pokistonga kirish vizasisiz, ayrim hollarda esa, hatto pasportsiz tahsil olishga borganliklari aytiladi.

Elchi janoblariga ko‘ra, tojikistonlik talabalar Pokistonda juda og‘ir sharoitlarda tahsil olishgan.

Ularga faqat "Qur‘on"dan ta‘lim berilgan, yeyish-ichishlari haminqadar bo‘lgan va juda iflos shart-sharoitda og‘ir mehnatda band bo‘lishgan.

Pokistondagi madrasalar orasida Tolibon harakatiga jangarilar yetishtirib berayotganlari ham borligi aytiladi.

Pokistonlik masu‘llar ham mamlakatdagi barcha madrasalarni nazorat etishga imkonsiz ekanliklarini tan olishadi.

Sal avvalroq Tojikiston Tashqi ishlar vaziri eronlik hamkasbidan Eron madrasalarida noqonuniy tahsil olayotgan o‘z talabalarini ortga qaytarishda yordam berishlarini ham so‘ragandi.

Avgust oyi oxirlarida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, "ekstremist va terrorchilarga aylanishlarini aytib, ota-onalarni xorijdagi madrasalarda ta‘lim olayotgan farzandlarini ortga chaqirib olish"ga undagandi.

Shu hafta boshlarida Misr Islomiy ta‘lim dargohlarida ta‘lim olayotgan 100 dan tojikistonlik o‘quvchi va talabalar Tojikistonga qaytarilgandi.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligining rasman bildirishicha, tojik hukumati o‘z talabalarining xorijda o‘qishlariga qarshi emas, ammo ularning tahsillari rasmiy tartib-qoidalar asosida amalga oshirilmog‘i lozim.

Vazirlikka ko‘ra, o‘z fuqarolarining taqdirlariga mas‘ul bo‘lganliklari uchun ham, ushbu jarayonni butkul nazorat etishga haqlidirlar.

Bundan uch yil burun Tojikistonda oliy o‘quv yurtlari, maktablar va ayrim jamoatchilik joylarida hijobda yurish taqiqlangandi.

Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 500 dan ortiq tojik fuqarolari xorijiy davlatlarning madrasalarida tahsil olishadi.

Yangi tartib-qoidalarga muvofiq, endi chetda islomiy ta‘lim olmoqchi bo‘lgan talabalar Tojikiston Maorif vazirligidan rasmiy ruxsat olishlari lozim bo‘ladi.