O‘zbek-turkman chegarasida O‘zbekiston fuqarosi halok etildi

Xorazm viloyati ichki ishlar idorasidagi manbaning aytishicha, o‘zbek-turkman chegarasida turkman chegarachilari O‘zbekiston fuqarosini halok etganlar.

Hodisa, militsiya zobitining ma‘lum qilishicha, Xorazm viloyatining Turkmaniston bilan chegardosh Shovot tumanida yuz bergan.

Maqsud Rajabov ismli O‘zbekiston fuqarosining qay holatda halok etilgani ma‘lum emas.

Xorazm viloyati ichki ishlar idorasidagi manbaning aytishicha, Maqsud Rajabovni uchta turkman chegarachisi avval O‘zbekiston hududida halok etib, so‘ngra Turkmaniston hududiga olib o‘tishgan.

Hodisa joyini tekshiruvdan o‘tkazgan o‘zbek chegarachilari u yerda qon izlarini topganlar.

Mazkur hodisa yuzasidan hozirgacha Turkmaniston tomonidan rasmiy izoh berilmagan.

Xorazm viloyati mulozimlari ikki mamlakat o‘rtasida sim to‘rlar tortilganidan buyon birgina Shovot viloyatida 300 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari halok etilganini aytishadi.

Turkmaniston fuqarolaridan qancha odamning qurbon bo‘lgani ma‘lum emas.

Benzin kontrabandasi

O‘zbekistonning Xorazm, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turkmaniston bilan umumiy chegaralarga ega.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi chegaralar uzunligi 1600 kilometrdan uzunroqdir.

2001 yil mart oyida Turkmaniston sobiq prezidenti Saparmurod Niyozov o‘z mulozimlariga O‘zbekiston bilan bo‘lgan umumiy chegaralarga yil oxiriga qadar sim tortib chiqishga buyruq berdi.

Turkmanboshi mazkur amalni noqonuniy savdo-sotiqni bartaraf etish zarurati bilan izohlagan edi.

Ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida 2004 yilda imzolagan hukumatlararo kelishuvga muvofiq, chegara hududlarida yashovchi fuqarolar qo‘shni davlat hududiga bir necha kunga borib-qaytish huquqiga ega.

Ammo o‘zbek-turkman chegarasida chegarachilar tomonidan qurol ishlatish hollari tez-tez yuz berib turadi.

Turkmanistondan har oy yuzlab tonna yoqilg‘i O‘zbekiston hududiga noqonuniy yo‘llar bilan olib o‘tiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining Turkmaniston bilan chegaradosh hududlarda yashovchi aholining ko‘pi noqonuniy chegara savdosidan olingan daromad hisobiga kun ko‘radi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi chegaraoshdi savdo-sotiq 2002 yil noyabrida Turkmanistonning sobiq prezidenti Saparmurod Niyozov hayotiga uyushtirilgan suiqasd amalidan keyin qiyinlashdi.

O‘shanda marhum Saparmurod Niyozov rasmiy Toshkentni o‘z hududi orqali Turkmanistonga "terrorchilar"ni o‘tkazganlikda ayblagan edi.