7 aprel hodisalari bo‘yicha uch gumondor g‘oyib bo‘lgan

Shu yil 7 aprel hodisalari yuzasidan mahkama Bishkekda davom etgan, sobiq hukumatning uch yuqori lavozimli mulozimiga belgilangan ehtiyot chorasini o‘zgartirishga qaror qilingan.

Qirg‘iziston prokuraturasidan bildirishlaricha, sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev ma‘muriyatida yuqori mansablarda ishlagan Oksana Malevanaya, Nurlan Tursunkulov va Qanibek Jo‘royev mamlakatni tark etganlar.

Ularga boshqa ayblar qatori aprel hodisalari ishtirokchilariga qarata o‘t ochish buyrug‘ini berish aybi qo‘yilgan.

Prokuraturaga ko‘ra, uch shaxsga uy qamog‘i belgilangan bo‘lgan, biroq javobgarlikdan qochish maqsadida sobiq bosh prokuror Nurlan Tursunkulov, Bakiyev ma‘muriyati rahbari Qanibek Jo‘royev va sobiq prezident kotibiyati rahbari Oksana Malevanaya hamda oilasi a‘zolari o‘zlarining uylaridan g‘oyib bo‘lganlar.

22 noyabr kuni davom etgan mahkamada uch gumondor kishiga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirishga qaror qilingan.

Ularni hibsga olib mahkamaga keltirish buyrug‘i berilgan.

Qirg‘iziston chegara qo‘mitasidan bildirishlaricha, gumondorlar qonuniy ravishda mamlakat sarhadlaridan chetga chiqmaganlar.

Sobiq hukumat mulozimlari va xavfsizlik xizmatining 22 xodimi ustidan dastlabki mahkama 17 noyabrda boshlangan, biroq halok bo‘lganlarning yaqinlari ayblanuvchilarga nisbatan o‘lim jazosini talab qilib, mahkama jarayoni kechayotgan binoda tartibsizlik keltirib chiqarganlari oqibatida mahkamani qoldirishga majbur bo‘lingan edi.

Gumondorlarning aksariga uy qamog‘i ehtiyot chorasi belgilangan.

Mahkamadagi qafasda Bakiyevning Mudofaa vaziri Baqtibek Kaliyev va xavfsizlik gvardiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Nurlan Temirbekovlar saqlanmoqda.

Namoyishchilar o‘limida ayblanayotgan yana olti kishi, shu jumladan, sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev, uning ukasi Janish Bakiyev, o‘g‘li Maksim, sobiq bosh vazir va sobiq xavfsizlik qo‘mitasi rahbarlari sirtdan mahkamaga tortilayapti.

Qurmanbek Bakiyevga Prezident Aleksandr Lukashenko Belarusda boshpana bergan, o‘g‘li Maksim Bakiyev Britaniya rasmiylariga o‘zini topshirgan.

Rasmiylarga ko‘ra, 7 aprel kuni Qurmanbek Bakiyev hukumat binolarini bosib olmoqchi bo‘lgan olomonga qarata o‘t ochishga buyruq bergan, natijada 87 inson halok bo‘lgan, 1000 dan ortiq odam jarohatlangan.

17 noyabr kuni mahkama majlisi buzilganidan keyin ayblanuvchilarning himoyachilari shikoyat arizalari yozishgan, o‘zlariga nisbatan o‘lim po‘pisalari bo‘layotgani tufayli davlat himoyasiga olinishlari lozimligini aytishgan.