O‘shdagi aksariyat hanuz chodirlar ostida yashashmoqda, ko‘mirdan esa darak yo‘q

Qish tushib qolganiga qaramay, Qirg‘izistonning o‘tgan iyun oyida qaqshatqich milliy nizolarga sahna bo‘lgan janubiy mintaqalarida aksariyat hanuz vaqtinchalik chodirlar ostida yashashmoqda. Mahalliy mas‘ullar va‘da qilgan ko‘mirdan esa, hamon darak yo‘q.

O‘shlik aholining Bi-bi-si bilan suhbatida aytishicha, zo‘ravonliklar chog‘ida uylari kuyib, kul bo‘lishi oqibatida hali ham butun oilasi bilan chodirlarda yashashga majbur bo‘layotganlarning aksariyati o‘zbeklardir.

Xalqaro Qizil Xoch Tashkilotining sentyabr oyidagi hisob-kitoblariga ko‘ra, birgina O‘shda bunday insonlarning soni uch mingga yetadi.

Qirg‘izistonlik mas‘ullar esa, noyabr oyi oxiriga qadar jabrdiydalarga mo‘ljallangan turar-joylarning qurib bitkazilishi va ular dekabr oyiga qolmay, yangi uy-joylariga ko‘chib kirishlarini va‘da berishgandi.

Ammo yaqinda bitgan sanoqli uylarga ko‘chib o‘tgan boshpanasizlarning soni esa, haminqadardir.

O‘tgan iyun oyida yuz bergan etnik nizolar chog‘ida Qirg‘iziston janubida 2.000 ga yaqin turar-joy va binolarning butkul vayron bo‘lgani aytiladi.

Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, kuyib kul bo‘lgan binolarni qayta tiklash ishlari bir necha yuz million AQSh dollariga tushishi mumkin.

Iyul oyida bo‘lib o‘tgan donor davlatlarning xalqaro anjumanida xalqaro hamjamiyat Qirg‘iziston janubidagi qayta qurish ishlarini o‘zlari moliyalashga va‘da bergandi.

Biz iyun oyidagi qonli nizolar chog‘ida uyi butkul yonib bitgan o‘shliklardan biri bilan bog‘lanib, bugungi hayotlari bilan qiziqdik.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди