Сўнгги янгиланиш 23 ноябр 2010 - 17:56 GMT

Britan siyosatchilari: umid qilamizki, Asqarovning hibsda o‘lib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi

Britaniya parlamentidagi barcha partiya vakillaridan iborat Inson huquqlari guruhi, umrbod qamoq jazosiga xukm qilingan qirg‘izistonlik inson huquqlari faoli Azimjon Asqarovning sog‘ligidan jiddiy tashvish izhor etgan.

Britan parlamenti a‘zosi va inson huquqlari guruhi raisi Ann Kluid Bi-bi-si bilan suhbatda Azimjon Asqarovga kerakli tibbiy yordam ko‘rsatilishi kerakligini qayd etib, u qamoqxonada o‘lib ketmaydi, deb umid bildirdi.

Biz Ann Kluid xonimlaridan Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri nomiga jo‘natgan maktubiga qanday javob olgani haqida so‘radik.

Ann Kluid: Bizga ma‘lum bo‘lishicha, Qirg‘iz hukumati haligacha javob berani yo‘q, biroq maktubni jo‘natganimizdan ko‘p vaqt o‘tmay, Azimjon Asqarov Bishkekdagi qamoqxona shifoxonasiga o‘tkazilgani va unga tibbiy yordam ko‘rsatilgani, uning oldiga bir necha yaqinlari qo‘yilgani borasida biz ma‘lumot oldik. Bu harakatlar maktub jo‘natganimiz natijasida amalga oshirilganmi-yo‘qmi, biz bilmaymiz, lekin so‘zsiz butun dunyo bo‘ylab ko‘plab odamlar uning taqdiri borasida o‘z xavotirlarini bildirishmoqda. Va Qirg‘iz hukumati Asqarovning sog‘ligini nazorat etishni davom ettiradi, degan umiddamiz.

BBC: Biroq, bizga kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Azimjon Asqarov Bishkekka ko‘chirtirilgan. Biroq u oynalari yo‘q sovuq va zax yerto‘lada saqlanayotgan ekan.

Ann Kluid: Zax yerto‘lada saqlanmoqda, deysizmi? Buni men kerakli tibbiy yordam deb atamagan bo‘lardim. Aynan uning sog‘ligi yomonlashgani bois, biz ham bu ishga aralashdik. Bizga kelgan xabarlarga ko‘ra, uning sog‘ligi juda ayanchli holda. Azimjon Asqarov ustidan o‘tkazilgan mahkama jarayoni qanchalik adolatli o‘tgani ham bizda katta xavotirlar uyg‘otdi.

BBC: Nima sababdan aynan Azimjon Asqarovning mahkama ishi sizlarda xavotirlar uyg‘otib, Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziriga maktub yozishga undadi?

Ann Kluid: Barcha partiyalar a‘zolaridan tashkil topgan Britaniya parlamentidagi Inson huquqlari guruhi Azimjon Asqarov bilan o‘tmishda ishlagan va uning Qirg‘izistonda inson xuquqlarini himoya qilish harakatlari ularda katta taassurot qoldirgan. Ikkala palata, jumladan, Lordlar palatasidan ham tashkil topgan ko‘p partiyaviy guruhning yuzga yaqin a‘zosi Asqarov bilan anchadan buyon hamkorlik qilib kelgan. So‘zsiz, mahkama jarayoni hamda mahkama qanday o‘tgani borasidagi xabarlar ularni chuqur xavotirga soldi.

BBC: Sizning aprel hodisalari va iyun oyidagi qonli hodisalarga doir Qirg‘izistonda o‘tayotgan mahkama jarayonlari borasida fikringiz qanday? Ular naqadar adolatli va qonuniy o‘tmoqda?

Ann Kluid: Albatta, bizda mahkama jarayonlarining qonuniyligi jiddiy xavotirlar uyg‘otmoqda. Shu vaqtga qadar bo‘lib o‘tgan jarayonlar adolatli mahkamalar borasidagi xalqaro andozalarga to‘g‘ri kelmayapti, deb o‘ylaymiz. Masalan, himoyachilar va advokatlar o‘z mijozlari bilan mahkama oldidan yuzma-yuz uchrasha olmayotganlari, mahkama jarayonlari paytida advokatlar ko‘rsatma berish uchun kerakli guvohlarni chaqirolmaganlari, advokatlarga jabrlanganlarning qarindoshlari va boshqa shaxslar tazyiq o‘tkazishlari davom etayotgani, albatta, bizda xavotirlar uyg‘otmoqda. Bundan tashqari, himoyachilar davlat tomonidan tazyiqqa uchrayotganlari haqida bizda ishonchli hisobotlar bor. Va bizning xavotirlarimizga nisbatan muayyan javob bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman.

BBC: Siz Qirg‘iz hukumatidan javob olamiz deya umid qilyapsizmi? Umuman nimalarni kutayapsiz?

Ann Kluid: Boshida aytganimdek, biz shu vaqtga qadar javob olganimiz yo‘q. Umid qilamizki, Qirg‘iziston hukumati boshqa davlat parlament a‘zolarining Azimjon Asqarovning taqdiri bilan bog‘liq xavotirlarini inobatga olishadi. Uning inson huquqlarini himoyalashda yurgizgan faoliyatini hamma yaxshi biladi. Unga qamoqxonada o‘lib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi, deb umid qilaman. Uning ahvoliga tibbiy tomondan e‘tibor qaratiladi, degan umiddaman. Va agar uni shifokorlar tekshirgan bo‘lishsa, biz uning sog‘ligi qay ahvolda ekanligi va tibbiy mutaxasislar qanday baholashganini bilmoqchimiz. Shuningdek, unga nisbatan mahkama jarayoni qaytadan adolatli o‘tishini, hamda mamlakatda ro‘y bergan zo‘ravonliklarning sabablari o‘rganilishi, xususan, janubdagi milliy nizolarning sabablari xalqaro mustaqil tashkilot tomonidan tekshirilishi kerak. Ushbu xalqaro tekshiruv guruhining savollariga ham javoblar berilishi lozim.

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.