Qurmonbek Bakiyev o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni rad etmoqda

Joriy paytda mahkamaga tortilayotgan Qirg‘iziston sobiq prezidenti, uning ma‘muriyatining yuqori martabali mulozimlari va aprel oyidagi qonli to‘qnashuvlar ortida turganligi aytilayotgan "Alfa" aksilterror bo‘linmasi a‘zolari o‘zlariga qo‘yilayotgan ayblarni rad etishgan.

30 ga yaqin ayblanuvchilar ustidan mahkama jarayoni 17 noyabr kuni boshlangandi.

Sudlanuvchilarga qarshi ayblovlar esa, o‘tgan seshanba kuni rasman e‘lon qilingandi.

Qoralov tomoniga ko‘ra, ular 7 aprel kuni Bishkekdagi markaziy maydonda namoyishga chiqqan namoyishchilarni otishga buyruq berishgan.

Otishmalarda jami yetmishdan ortiq kishi qurbon bo‘lgandi.

Ayblanuvchilar ustidan mahkama jarayonining kamida 2 oy davom etishi aytiladi.

Sobiq prezident Qurmonbek Bakiyev, uning ukasi Janibek Bakiyev, katta o‘g‘li Maksim Bakiyev va Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari doxil olti nafar ayblanuvchi esa, sirtdan mahkamaga tortilishmoqda.

Shu hafta boshida sobiq hukumatning mahkamaga tortilayotgan uch nafar yuqori martabali mulozimining chetga qochib ketishgani xabar berilgandi.

Aprel oyida Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi qonli to‘qnashuvlar ortida bevosita sobiq qirg‘iz prezidentining ukasi Janibek Bakiyev turganligini da‘vo qilgandi.

"Alfa" aksilterror guruhi a‘zolari esa, o‘zlariga qo‘yilayotgan ayblovlarga aqllari yetmayotganini aytishgan.

"Men Janibek Bakiyev bilan hech qachon hamkorlik qilmaganman. Hatto uni ko‘rmaganman ham," deb aytgan bo‘linma komandirlaridan biri.

Keng miqyosli namoyishlar ortidan Qirg‘izistonda Roza O‘tinboyeva boshchiligidagi muvaffaq hukumat qaror toparkan, Qurmonbek Bakiyev Belarusdan boshpana topgandi.

Rasmiy Minsk qirg‘iz hukumatining janob Bakiyevni ortga ekstraditsiya etishga oid so‘rovini ikki bor rad etgan.

Yangi qirg‘iz hukumati Qurmonbek Bakiyevni Qirg‘iziston janubida o‘tgan iyun oyida yuz bergan qonli etnik nizolarni keltirib chiqarishda ham ayblaydi.

O‘shanda yuzlab kishilar qurbon bo‘lgan, minglab kishilar yaralangan va yuz minglab kishilar yashab turgan joylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lishgandi.

Jabrlanganlar aksariyatining o‘zbeklar ekani aytiladi.

Aprel hodisalari yuzasidan mahkama jarayoni davom etmoqda.