'Qozog‘istonga ishlashga kelayotgan ayollar uch hissa zo‘rovonlikka duch kelishlari mumkin'

Qozog‘istonda “Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” kampaniyasi boshlangan. Har yili bo‘ladigan ushbu aktsiyada bu safar mehnat muhojirlari bo‘lgan ayollarga ham ko‘proq e‘tibor qaratish nazarda tutilgan. Mutaxassislar O‘zbekistondan Qozog‘iston va Rossiyaga ko‘plab ayollar ishlash uchun kelishini aytishadi. Ularning muammosi esa ko‘pda yechilmay qolib ketadi.

Dunyodagi mehnat muhojirlarining 40 foizini ayollar tashkil qilishi aytiladi. MDH doirasida ushbu raqamlar tadqiq qilinmagan. Ammo Birlashgan Millatlarning Ayollar masalalarini rivojlantirish jamg‘armasi YuNIFEM o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, Qozog‘istonga ayol mehnat muhojirlari asosan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelishi o‘rganilgan.

YuNIFEM tashkilotining MDH davlatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Damira Sartbayevaning aytishicha, O‘zbekistondan kelayotgan ayol mehnat muhojirlari asosan Qozog‘iston janubidagi dalalarda mavsumiy ishlarda band bo‘lishadi.

Ushbu ayollar Qozog‘istonda atrofdagilarning yoqtirmaslik kabi xislatlaridan ozor chekadi, deydi u.

-Ishlashga kelayotgan ayollar uch hissa zo‘ravonlikka duch kelishlari mumkin. Turmush o‘rtog‘i bilan kelgan ayollar erlariga yordam berib, o‘zlari hech narsa ololmaydi. Ikkinchidan ular ko‘chaga chiqolmaydi. Chunki chiqishsa, haqoratlanishi va turli muammolarga duch kelishi mumkin. Uchinchidan, agar ular ishlashsa, ish beruvchi tomonidan adolatsizlikka duch kelishlari mumkin, deydi Damira Sartbayeva.

Yaqinda Olma ota viloyatidagi dalalarda ishlagan aksari ayollardan iborat bo‘lgan ishchilar 6 oylik mehnatdan so‘ng haqlarini olishmagan edi. Mahalliy matbuot vakillari muammoga e‘tibor qaratganidan so‘ng ularning bir qism maoshlari berildi.

O‘z huquqlarini bilmaslik va mahalliy qonunlarning mehnat muhojirlariga nisbatan o‘ta o‘ng‘aysizligi ayol ishchilarning huquqlari toptalishiga asosiy sabablardan deb ko‘riladi.

Shahardagi mehnat muhojiri bo‘lmish ayollar esa, deyarli ko‘rinmaydi. Ular oilalarda enaga, tarbiyachi yoki oshpaz bo‘lishni afzal bilishadi. Mutaxassislar bunday holatda ularning muammolari yuzaga chiqmay qolib ketishi mumkinligini aytishadi.

Shaharga xos bo‘lgan yana bir muammo ayollarning tana sotishga majburlanishidir. O‘tgan yili Qozog‘istonda 47 ta jinoiy ish ochilgan. Ularning qanchasida o‘zbekistonliklar jabrlanuvchi bo‘lganini aniqlay olmadik. “Inqiroziy markazlar ittifoqi” jamoat tashkilotining rahbari Zulfiya Baysakovaning aytishicha, bunday holatga tushib qolgan ayollar majbur holatlardagina murojaat qilishi mumkin.

-Biz ularga yordam berganimizdan so‘ng, hattoki, men bilan ham salomlashmaydi. Ular uyalishadi, qo‘rqishadi. Hayotining eng qora nuqtalarini eslash yoqimsizdir, deydi Zulfiya Baysakova.

Mehnat muhojiri bo‘lgan ayollarning muammolarga duch kelishiga hukumat omili ham birinchi o‘rinlarda turishi aytiladi. Qozog‘istonda mehnat muhojirlariga nisbatan qonunlarning o‘ta qattiq va nomukammal ishlab chiqilgani aytilsa, O‘zbekiston tomonining fuqarolarini boshqa davlatda himoya qilish uchun yetarli harakatlar qilmayotgani tanqid qilinadi.

-O‘zbekiston hukumati bu muammoga e‘tibor qaratishi kerak. Qozog‘iston, Rossiya va boshqa davlatlar bilan kelishuvlar imzolashning ustida ishlashi kerak. Misol uchun, Moldova 12 davlat bilan mana shunday ikki tomonlama kelishuv imzolagan. Ushbu hujjatlar moldovaliklarning rivojlangan Ovro‘po davlatlaridagi huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. 12 ta davlat bilan kelishuv ko‘p yo kamligi haqida bir narsa deyolmayman, ammo ushbu davlatlarda moldovaliklar o‘zlarini himoyalangan his qilishadi, deydi YuNIFEM tashkilotining MDH davlatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Damira Sartbayeva.

Qozog‘iston mehnat muhojirlarini o‘ziga ohangrabodek tortuvchi davlat hisoblanadi. Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, mamlakatda millionga yaqin o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari faoliyat yuritadi.