AQSh Davlat kotibi Markaziy Osiyo mintaqasiga safarini boshlamoqda

Hillary Klinton
Image caption Hillari Klinton xonim O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan ham uchrashmoqchi

AQSh Davlat departamentining bildirishicha, Hillari Klinton xonim Markaziy Osiyo va Bahreynga to‘rt kunlik safari davomida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan ham uchrashadi.

Klinton xonim o‘z safarini ertaga Qozog‘istondan boshlaydi va Ostonada Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining sammitida ishtirok etadi.

OXHTiga a‘zo 56 davlat vakillarining oliymaqom uchrashuvida Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedev va Olmoniya kantsleri Angela Merkellarning ham qatnashishlari kutilmoqda.

AQSh Davlat kotibining mintaqaga safari WikiLeaks veb sahifasi Amerikaning 250 mingga yaqin nozik diplomatik yozishmalarini e‘lon qilgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Ular orasida Amerika Davlat kotibasi Hillari Klintonning Birlashgan Millatlar aloqa tizimlari va rasmiylariga oid ma‘lumotlarni to‘plash haqidagi ko‘rsatmasi, Saudiya Arabistoni Qiroli Abdulloh Amerikoga murojaat qilib, Tehron yadroviy dasturiga barham berish uchun takror-takror Eronga hujum qilishni so‘raganiga doir xatlar bor.

Jamoatchilikka chiqib ketgan diplomatik yozishmalar Klinton xonimni o‘zining yaqin ittifoqchilari qarshisida noqulay ahvolga qo‘yishi mumkin.

Klinton xonim ikki davlat orasidagi strategik hamkorlik masalasini muhokama etish uchun Qozog‘iston prezidenti va tashqi ishlar vaziri bilan ham uchrashmoqchi.

Qozog‘iston so‘nggi yillarda Amerikaning Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarini dastaklash masalasida faol tashabbus ko‘rsatib, yaqinda Afg‘onistonga yangi havo yo‘lagi ochib berishga ham rozi bo‘lgandi.

Bundan tashqari, Qozog‘istonning neftь va gaz sanoatida Amerika shirkatlari uzoq vaqtdan buyon ancha faol ishtirok etib kelishadi.

Ammo, xabarlarga ko‘ra, Klinton xonim o‘z muzokaralari chog‘ida Qozog‘istondagi inson huquqlari va demokratiya bilan bog‘liq ahvolga o‘z e‘tiborini qaratish niyatida.

Qozog‘istonga safari ortidan, AQSh Davlat kotibi Qirg‘iziston va O‘zbekistonga ham tashrif buyurishni rejalagan.

Klinton xonim Qirg‘izistonda ekani chog‘ida aprel oyidagi qonli to‘qnashuvlar va iyun oyidagi milliy nizolar ortidan tomonlarni sulhu madoraga undashga ko‘proq diqqat qilmoqchi.

Qirg‘izistonning "Manas" aeroportida Amerikaning Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlari uchun nihoyatda muhim bo‘lgan havo bazasi joylashgan.

So‘nggi paytlarda havo bazasidan foydalanish muddatini uzaytirish va uni yoqilg‘i bilan ta‘minlash ishlari atrofida anchagina bahsu munozaralar kuchaygan.

AQSh Davlat departamentining rasman bildirishicha, Klinton xonim O‘zbekistonga safari davomida prezident Islom Karimov bilan uchrashmoqchi.

O‘zbekiston Amerikaning Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlari uchun muhim ta‘minot yo‘li vazifasini bajarib keladi.

Va so‘nggi paytlarda AQSh harbiylari uchun O‘zbekistondan ham o‘tuvchi Shimoliy Ta‘minot Tizimining ahamiyati ortib bormoqda.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, Shimoliy Ta‘minot Tizimi orqali Afg‘onistonga yetkaziladigan yuklarning 30 foizi tashiladi va bu yuklarning deyarli hammasi O‘zbekistonning Termiz chegara nuqtasidan o‘tadi.

So‘nggi paytlarda amerikalik yuqori martabali mulozimlar va harbiylarning O‘zbekistonga safarlari odatiy tus olgan.

Ammo bularning barchasiga qaramay, AQSh Davlat departamentining so‘nggi yillik hisobotlarida ham O‘zbekistondagi inson huquqlari va diniy erkinlar bilan bog‘liq ahvol keskin tanqid ostiga olinadi.

Departament tomonidan yaqinda e‘lon qilingan hisobotda O‘zbekiston "xavotir uyg‘otuvchi" davlatlar qatorida tilga olinadi. Va O‘zbekiston bu safar ham diniy erkinliklarni eng qattiq toptovchi mamlakatlar sirasiga kiritiladi.

Joriy yil boshida chiqargan hisobotida esa, AQSh Davlat departamenti O‘zbekiston hukumatini fuqarolar huquqlarini qo‘pol ravishda buzishda davom etayotgani uchun tanqid ostiga olgandi.

Hillari Klinton xonim o‘z safarini Bahreynda yakunlaydi. Klinton xonim u yerda Eronning yadroviy dasturi va Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayoniga o‘z e‘tiborini qaratmoqchi.