Yakuniy deklaratsiya yoxud qazi-qartayu-beshbarmoqlardan iborat iltifot samarasi

Image caption Go‘yoki sammit emas, Nazarboyevning yubileyi nishonlanayotgandek edi

Ostonada Ovro‘poda xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining sammitini o‘z ishini yakunladi. 3 dekabrga o‘tgandan so‘ng, soat tungi birda tomonlar nihoyat bir bitimga kelishdi. Yarim tundan o‘tganda jurnalistlar qoshiga chiqqan Prezident Nursulton Nazarboyev ushbu sammit tarixga kirajagini aytdi. Yakuniy deklaratsiyada bahsli deb ko‘rilgan asosiy masalalar borasida aniq bir fikr aytilmadi. Umumiy gaplar bilan qabul qilingan ushbu hujjat Qozog‘istonda Ostona erishgan eng katta yutuq deya baholanmoqda.

Ilk marotaba buncha ko‘p nufuzli mehmonni qabul qilgan ostonaliklar qaqshatqich sovuqda ham tuni bilan ishlab chiqdilar. Shimolning achchiq shamoli uchirib yurgan qorlar texnika va odamlar kuchi bilan tozalanishdan bir zum tinmadi.

Butun shaharning e‘tibori go‘yoki shaharning bir chetida joylashgan Mustaqillik saroyiga qaratilgandi. Sammitning ikkinchi kuni natijalar e‘lon qilinib, siyosatchilar umumiy deklaratsiyani imzolashlari va bu yosh Qozog‘istonning xalqaro diplomatiyada qo‘lga kiritgan eng katta yutug‘i deya qabul qilinishi lozim edi.

Ammo 56 davlatning ko‘nglini olish uchun qazi-qarta, beshbarmoq va kontsertlardan iborat qozoqcha iltifot kamlik qilardi.

Nazarboyevga Rossiya–Gurjiston, Ozarbayjon–Armaniston munosabatlari haqiqiy ma‘noda bosh og‘riq bo‘ldi.

Sammitning ikkinchi kuni tushgacha tomonlar bir kelishuvga kelishi va qoq tushda Nazarboyev yakuniy matbuot anjumani berishi lozim edi. Ammo bahsli masalalar borasida umumiy yechim topilmagani uchun, ushbu matbuot anjumani bir soat kechga surilaverdi. E‘lon qiluvchilar charchadi shekilli soat kechki 7 dan keyin matbuot anjumani qachon bo‘lishini e‘lon ham qilmay qo‘yishdi.

Image caption Milliy xavfsizlik xizmatidan tortib oddiy haydovchilargacha tik turgan holda ushbu bayramona ruhning tushmasligi uchun sodiqlarcha xizmat qilishdi

Milliy xavfsizlik xizmatidan tortib oddiy haydovchilargacha tik turgan holda ushbu bayramona ruhning tushmasligi uchun sodiqlarcha xizmat qilishdi

Kompьyuter, telefon, televizor bilan jihozlangan xona va zallardagi jurnalistlar suxandonning har bir gapini diqqat bilan kutardi. Oraga muhim bir palla oldidan sukunat cho‘kkandi.

Suxandon esa, Ostonani sayr qildiradigan avtobus jo‘nayapti, degan gapni e‘lonni aytganidan so‘ng yengil kulgi ko‘tarilardi.

Ayrim jurnalistlar uzoq kutishga chidolmay matbuot markazini tark etdilar.

Qozog‘istonliklar orasida xavotir paydo bo‘lgandi.

- Nahotki, shuncha dabdaba va tayyorgarlik havoga ketadi? Agar yakuniy deklaratsiya imzolanmasa, hammasi bir pul bo‘ladi-ku, - deydi jurnalistlarga ulov tashkillashtirib berib yurgan tashqi ishlar vazirligi mulozimi.

Bundan 11 yil oldin Istanbulda o‘tgan sammit ham xuddi shunday kechgandi. Ekpert ishchi guruhlarining ikki yillik muhokamalaridan so‘ng, o‘shanda ham ikki kun kechikib umumiy deklaratsiya qabul qilingandi.

OHXTning deklaratsiyasi huquqiy majburiyatlar yuklay olmasa-da, siyosiy bosim o‘tkaza oladigan hujjat hisoblanadi.

Agar 56 a‘zo davlatning birortasi ham ushbu hajjatga imzo chekmasa, deklaratsiya qabul qilinmagan hisoblanadi.

Rossiya prezidenti ortidan, tashqi ishlar vaziri ham hujjatga imzo qo‘ymay ketib qolgani ma‘lum bo‘ldi.

Image caption Tadbir miqyosining kengligini anglash mushkul emas edi

Nihoyat 3 dekabrga o‘tgandan so‘ng soat tungi 1 da Qozog‘iston prezidenti jurnalistlar qoshida paydo bo‘ldi. Uning yuzidagi quvonchdan maqsadiga erishgani ko‘rinib turardi. Jurnalistlar tik turgan holda prezidentni qarsaklar bilan olqishladilar.

Nazarboyev muhim bo‘lgan hujjat qabul qilinganini e‘lon qildi. Ammo unda bahsli bo‘lgan Gurjiston va tog‘li Qorabog‘ masalalri umuman tilga olinmadi. Tomonlar umumiy gaplar bilan cheklanib asosiy urg‘uni xavfsizlik masalalariga qaratishgani ma‘lum bo‘ldi. Konfliktlarni yechish uchun aniq bir ko‘rsatmalar yo‘q edi ushbu qog‘ozda.

Hammasi xon uchun

Sammitning mahalliy matbuotda yoritilishini kuzatarkansiz, asosiy maqsad muammolarning yechimi emas, balki Qozog‘iston obro‘si, ayniqsa uni boshqarayotgan elboshining xursandchiligi uchun qilinayotgan katta bir tadbirdek taassurot paydo bo‘lardi.

Deyarli har bir nashrda Vankuerdan Vladivostokkacha bo‘lgan hududni birlashtirgan tashkilot degan jumlani uchratish mumkin. Bu so‘zlar prezidentning og‘zidan ham bir necha marotaba yangrab o‘tdi.

Image caption 56 davlatning ko‘nglini olish uchun qazi-qarta, beshbarmoq va kontsertlardan iborat qozoqcha iltifot kamlik qilardi

Televideniyeda, janob Nazarboyevning sha‘niga iliq so‘zlar aytgan davlat rahbarlari bot-bot ko‘rsatildi. Go‘yoki sammit emas, Nazarboyevning yubileyi nishonlanayotgandek.

Milliy xavfsizlik xizmatidan tortib oddiy haydovchilargacha tik turgan holda ushbu bayramona ruhning tushmasligi uchun sodiqlarcha xizmat qilishdi.

Ammo shimolning ko‘zni ochirmas sovuq havosi va janubdan kelgan va kelmagan zotlar ushbu bayram ruhiga ozgina ta‘sir qilgandek bo‘ldi.

Yor kelmadi...

Sammitga AQSh prezidenti doxil yana bir necha rivojlangan davlatlarning rahbarlari kelmagan bo‘lsa-da, yon qo‘shni O‘zbekiston prezidentining kelmasligi Nazarboyev va uning amaldorlarining ta‘bini biroz xira qilgani ko‘rinib turardi.

Gap orasida Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi xodimidan Islom Karimovning kelish–kelmasligini so‘raganimizda, birdan kayfiyati tushgan holda, "bizga Tashqi ishlar vaziri kelishini ma‘lum qilishdi", deya quruq javob oldik.

Televizion tasvirchilarning aytishicha, delegatsiya rahbarlari har birining qo‘lini qisib qarshi olgan Nazarboyev janoblarining O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovni qarshilayotgan yuzlari tundlashgan.

Norov janoblari ham iltifot qilib o‘tirmay, mezbonni "tuzlab" qo‘ya qoldi. Sammit davomida so‘z olgan deyarli har bir mehmon Qozog‘iston va uning rahbarini "alqab" o‘tdi. Hech kim Qozog‘iston rahbarlik qilgan davrdagi Qozog‘istonni tanqid qilmadi. Biroq Norov janoblari bundan mustasno bo‘ldi.

Image caption Matbuot markazida "Ostonani sayr qildiruvchi avtobus jo‘nayapti" degan e‘lonlar bo‘lib turdi

U Qirg‘iziston janubidagi etnik to‘qnashuvlarda Qozog‘iston boshchiligidagi OXHT o‘ta sustkashlikka yo‘l qo‘yganini aytdi. Mustaqil xalqaro kommisiya tashkil qilinishi kerakligini taklif qildi.

Mahalliy matbuotda Norovning ushbu tanqidlari umuman o‘rin olmadi. Hattoki ancha mustaqil deb ko‘riladigan telekanal ham janob Noroni ko‘rsatmadi, uning chiqishi haqida bir og‘iz eslatmadi.

Nazarboyevning qo‘shnisi Karimov kelmaganidan ranjiganini amaldorlarning gaplaridan ham bilish mumkin edi.

- Men u (prezident Karimov demoqchi) haqda bir narsa demayman. Ammo bizga mart oyida kelaman deb va‘da bergandi. Xulosani o‘zingiz chiqarib oling, - deydi o‘zaro suhbatda qozog‘istonlik amaldorlardan biri.

Mana shunday kamchiliklarni hisoba olmaganda mahalliy kuzatuvchilar tili bilan aytganda, "Nazarboyev sharafiga uyushtirilgan to‘y" ko‘ngildagidek o‘tdi.

Mahalliy matbuotda qabul qilingan deklaratsiyada asosiy konfliktlar bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar yo‘qligi borasida biror so‘z aytilmasligi mumkin.

Ammo 11 yillik tanaffusdan so‘ng, deyarli ko‘pchilikning esidan chiqib borayozgan OXHTning sammiti Ostonada bo‘lib o‘tgani, unda kazo-kazo rahbarlarni Prezident Nazarboyev kutib olgani yillar davomida aytilishi tayin.