Qirg‘izistondagi yangi koalitsiya tanazzulga uchradi

Qirg‘izistonda uch partiya ishtirokida yaqindagina tashkil etilgan parlament koalitsiyasi parchalanib ketdi. Bu haqda bugun Qirg‘iziston Oliy Kengashining ijroiy raisi Tashbolot Baltabayev rasman ma‘lum qildi.

Payshanba kuni tunda parlament vakillari "Ata-Meken" partiyasining rahbari Omurbek Tekebayevning nomzodini spikerlikka tasdiqlashmadi.

Omurbek Tekebayevning nomzodi ushbu lavozimga yangi koalitsiya tomonidan ilgari surilgandi.

Janob Baltabayevga ko‘ra, endi "navbatdagi koalitsiya tashkil topgunga qadar" parlament o‘z faoliyatida bir necha kunga tanaffus e‘lon qiladi.

Qirg‘iziston qonunchiligiga muvofiq, prezident Roza O‘tinboyeva 15 ish kuni orasida yangi koalitsiya tuzish vazifasini boshqa bir partiyaga topshirishga haqli bo‘ladi.

Bundan avval qirg‘iz rahbari ushbu mas‘uliyatni vaqtida o‘zi a‘zosi bo‘lgan Sotsial-Demokratik partiyaga yuklagandi.

Agar bu gal ham koalitsiya tuzish harakati ish bermasa, u holda parlament mustaqil ravishda o‘zi bunday ittifoqni barpo etish huquqiga ega bo‘ladi.

Bu kabi urinishlar ham samara bermagan taqdirda esa, Qirg‘iziston Oliy Kengashi tarqatib yuboriladi va mamlakatda yangi saylovlar chaqiriladi.

Koalitsiya

Oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida beshta partiya g‘olib chiqqan, Qirg‘iziston sobiq prezidenti Qurmonbek Bakiyevning tarafdorlari tomonidan dastaklangan "Ata-Jurt" partiyasi parlamentda ko‘pchilikni tashkil etish darajasida bo‘lmasa ham, eng ko‘p ovozlarni qo‘lga kiritgandi.

Ammo yangi koalitsiya 30 noyabr kuni Sotsial-Demokratik, "Respublika" va "Ata-Meken" partiyalari tomonidan tashkil etilgandi. Rossiyaparast "Or-Nomus" partiyasi esa, koalitsiyaga kirishdan bosh tortgandi.

Muvaqqat hukumat davrida prezident Roza O‘tinboyevaning muovini bo‘lgan Almazbek Atambayevning nomzodi Bosh vazirlik lavozimiga ilgari surilgandi.

"Respublika" partiyasi rahbari Omurbek Babanov esa, uning muovini bo‘lishi ko‘zda tutilgandi.

Qirg‘iziston janubida yuz bergan va aksariyati o‘zbeklardan iborat yuzlab kishilarning umrlariga zomin bo‘lgan qonli etnik nizolardan qariyb olti oy o‘tib, qirg‘iz siyosatchilari bir to‘xtamga kelgandek bo‘lishgandi.

Sobiq Ittifoq hududidagi mamlakatlardan birontasi shu vaqtgacha parlament respublikasi tizimiga ega bo‘lmagan, bu mamlakatlar ko‘pda o‘ta markazlashgan, qudrat asosan bir shaxsning qo‘lida mujassamlashgan prezidentlik tizimlarini afzal ko‘radilar.