Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi 'jangarilarning O‘shga sizib kirayotganliklari'ni rad etdi

Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari O‘sh hokimining terrorchilik amaliyotlarini uyushtirish va tartibsizliklarni keltirib chiqarish uchun jangarilarning shaharga kirib kelayotganliklariga oid bayonotini rad etib chiqishgan.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi, "O‘zlarida bu kabi ma‘lumot yo‘qligi, mintaqadagi vaziyat nazorat ostida" ekanini aytgan.

Bu haqda Rossiyaning "Interfaks" axborot agentligi xabar tarqatgan.

O‘sh shahar hokimi Melisbek Mirzakmatov bugun o‘zbek diasporasi rahbarlari bilan uchrashuvi chog‘ida shaharda bir qancha terrorchilik hujumlari uyushtirilishi mumkinligini bayon qilgan.

"Terrorchilik tahdidi va etnik to‘qnashuvlar xavfi yana shahar uzra osilib turibdi," deb aytgan O‘sh shahar hokimi.

Melisbek Mirzakmatov, o‘z ta‘birida, Qirg‘iziston Xavfsizlik xizmatlari va qo‘shni mamlakatlardan olingan ma‘lumotlarga tayanib, 2005 yil Andijondagi voqealarda ishtirok etgan bir guruh millatchi va bo‘lginchi guruhlarning O‘shga kirganliklarini aytgan.

"Ularning orasida chechenlar, o‘zbeklar va tojiklar bor. Ular 10 dekabrdan 20 dekabrgacha qator terrorchilik hujumlarini uyushtirish rejasida bo‘lishgan," deya qo‘shimcha qilgan janob Mirzakmatov.

O‘sh shahar hokimiga ko‘ra, shahar va mintaqada topilgan katta miqdordagi qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar bunga dalolat qiladi.

Ammo Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining Jinoiy-qidiruv bo‘limi rahbari Tilekbay Alibayev ham bugun bergan matbuot anjumanida ushbu xabarlarni tasdiqlamagan.

Qirg‘iziston davlat televideniyesining xabar berishicha esa, O‘sh shahar hokimining buyrug‘i bilan strategik jihatdan muhim binolar, tibbiyot va o‘quv maskanlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Katta sondagi kishilar ishtirokida tadbirlar bo‘lib o‘tayotgan joylarda maxsus nazorat nuqtalari o‘rnatilgan.

Xabarlarga ko‘ra, O‘sh shahar ma‘muriyatida mahalliy huquq-tartibot idoralari, xavfsizlik va chegara xizmati rahbarlari bilan maxsus yig‘in ham o‘tkazilgan.

Qirg‘iziston janubida iyun oyida yuz bergan etnik zo‘ravonliklarda yuzlab kishilar qurbon bo‘lgan, o‘n minglab kishilar o‘z turar-joylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lishgandi.

Mahalliy aholi oradan yarim yil o‘tib ham, mintaqada vaziyat tang ekani, o‘zlarining haq-huquqlari toptalayotgani va qonli nizolar oqibatlarini bartaraf etish uchun hukumat tomonidan yetarlicha yordam ko‘rsatilmayotganidan shikoyat etib kelishadi.