Bu gal O‘zbekiston fuqarosi Moskvadagi zo‘ravonliklarning navbatdagi qurboniga aylandi

Kreml rasmiylarining vaziyat nazorat ostida degan bayonotlariga qaramasdan, Rossiya shaharlarida millatchilik ruhidagi zo‘ravonliklar davom etmoqda.

Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, shu kunlarda 22 yoshli o‘zbekistonlik yigit Moskva janubida kaltaklab o‘ldirilgan. Va yana bir Vьetnam fuqarosi qattiq kaltaklangan.

Rossiya huquq-tartibot organlaridagi manba‘ning davlatga qarashli axborot agentliklariga bildirishicha, kech tunda poytaxt janubidagi "Naximovsk" xiyobonida uch nafar Moskva fuqarosi o‘zbekistonlik yigitni qattiq kaltaklashgan va pichoqlab ketishgan.

Hodisadan bir necha o‘tib, 22 yashar yigit tong saharda poytaxt shifoxonasida jon bergan.

Marhumning ism-sharifi va O‘zbekistonning qayeridan kelgani haqida hozircha ma‘lumot berilmagan.

Militsiya rasmiylariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosini o‘ldirganlikda gumon etilgan shaxslarning biri qo‘lga tushirilgan.

Hujumga aloqador yana ikki shaxs qidirilayotgani aytiladi.

Rasman bildirilishicha, yuz bergan hodisa yuzasidan Rossiya Jinoyat Kodeksining "Qotillik" moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Moskva huquq-tartibot organlariga ko‘ra, dastlabki taxmin bo‘yicha, ushbu jinoyat milliy nafrat asosida amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin.

Militsiya rasmiylari kuni-kecha 15 nafardan iborat millatchilar biror bir sababsiz Qirg‘iziston fuqarosini kaltaklab o‘ldirishganini ma‘lum qilishgandi.

Moskva rasmiylariga ko‘ra, ushbu jinoyat yuzasidan qo‘lga olingan 14 yashar moskvalik neo-natsist Alisher Shamshiyevni o‘ldirganini tan olgan.

Ularning aytishlaricha, Qirg‘iziston fuqarosiga hujum qilganlarning aksariyati poytaxt oliy va o‘rta o‘quv yurtlarining talabalaridan iborat.

Moskva mintaqasida vaziyat hanuz tang qolmoqda.

Xususan, xorijiylar, mehnat muhojirlari orasida qo‘rquv hissi kuchaygani aytiladi.

Ular o‘zlari va farzandlarining xavfsizliklaridan xavotirda ekanliklarini izhor etishadi.

Shu bilan birga, Moskva va boshqa yirik shaharlarda militsiya xodimlari fuqarolarning hujjatlarini tekshirish jarayonini ham kuchaytirishgan.