Qozog‘istonda mahkama yana bir qochqinga boshpana bermaslikka qaror qildi

Image caption Qozog‘istonda mahkama hozirga qadar birorta ham muhojirga qochqinlik maqomini bergani yo‘q

Olma ota shahridagi Olmali tuman mahkamasi yana bir boshpana izlovchining da‘vosini qodirmadi.

Asli tojikistonlik bo‘lgan Tursunboy Sulaymonovning arizasini eshitib chiqqan hakam, "keltirilgan da‘volar asossiz," degan va da‘vogarga bqori mahkamalarga arz qilish huquqini qoldirgan.

Asli Tojikiston fuqarosi bo‘lgan Sulaymonov Tursunboy 2004 yilgacha O‘zbekistonda istiqomat qilgan.

Tursunboyevning o‘zi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi hibsxonasida saqlanayotgani bois mahkamada ishtirok emadi.

Uning huquqlarini advokat Anjelika Rahimberdina himoya qildi.

Turmush o‘rtog‘i Mo‘‘tabar Sulaymonovaning aytishicha, 2004 yilgi portlashlardan so‘ng namozxon bo‘lgan ushbu oilaga ta‘qiblar boshlangan.

"O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligidan odamlar fuqarolik kiyimida kelib akam Abdurahmonov Faxriddinni olib ketdi. Keyin biz so‘radik, nimaga olib ketayapsizlar, sababi nima deb. "Toshkentda portlash bo‘lgan, shuning uchun ro‘yxatda turgan nomozxonlarni buyruq bo‘yicha olib ketayapmiz, ularni suxbatdan o‘tkazamiz," degan bahonalar bilan olib ketishdi,” deydi Mo‘‘tabar Sulaymonova.

Mo‘‘tabar Sulaymonovaning boshqa oila a‘zolarini ham hibsga olishadi va qamoq muddati beriladi.

Turmush o‘rtog‘ini ham izlash boshlanganida ular Tojikistonga chiqib ketishadi.

Tojikistonda ham O‘zbekistonning so‘rovi bilan Tursunboy Sulaymonovni hibsga olishadi, aybi tasdiqlanmagach, ikki oydan so‘ng qo‘yib yuborishadi.

Inson haqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarning taklifi bilan 2009 yili Qozog‘istonga kelib qochqinlik maqomi so‘rashadi.

O‘zbekistonda oyoq kiyim savdosi bilan shug‘ullangan Tursunboy Sulaymonovga Qozog‘iston Migratsiya qo‘mitasi qochqinlik maqomi berishdan bosh tortadi.

Mahkamada javobgar bo‘lib qatnashgan migratsiya politsiyasi xodimi Kulsun Isxakova Sulaymonovni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan yana bir boshpana izlovchi Xurshid Komilov bilan yaqin aloqada bo‘lgan degan.

"Javobgar tomon ikkita ayb qo‘yyapti. Bittasi Xurshid Komilov bilan birga yurgan degan bo‘lsa, ikkinchisi, ismini ikkita qilgan, shuning uchun terroristik guruhga a‘zo degan ayblov ko‘rsatayapti," deydi Sulaymonovning turmush o‘rtog‘i Mo‘‘tabar Sulaymonova.

O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan boshpana izlovchi asli qirg‘izistonlik Xurshid Komilov Qozog‘iston huquq-tartibot organlariga ko‘ra, "Islomiy jihod ittifoqi" xalqaro terrorchilik tashkiloti bilan aloqada bo‘lgan.

Hakam Ummetaliyeva Sholpanay da‘vogarning arizasini qondirmaydigan hukmni o‘qib berdi. Da‘vogarning advokatiga yuqori mahkamaga arz qilish huquqi borligini aytdi.

Tursunboy Sulaymonov mahkamaga tomonidan arizasi qondirilmagan 11 chi boshpana izlovchi bo‘ldi.