Qozog‘iston mahkamasi yana bir o‘zbekistonlik boshpana izlovchi da‘vosini rad etdi

Image caption Do‘sim Satpayev: Ayrim g‘arb davlatlarining Markaziy Osiyodan qochqinlarni qabul qilish qarashlari salbiy tomonga o‘zgarmoqda

Olma ota shahridagi Olmali tuman mahkamasi yana bir o‘zbekistonlik boshpana izlovchining da‘vosini qondirmadi. Xurramov Sarvarning arizasiga rad javobi berildi. Mahkama raisi da‘vogar va javobgarning arz va dalillarini eshitib chiqqach javobgar Olma ota migratsiya politsiyasi foydasiga hukm chiqardi.

Shu buguncha arizasi qondirilmagan boshpana izlovchilarning soni 12 taga yetdi. Biz qozog‘istonlik siyosatshunos Do‘sim Satpayevdan boshpana izlovchilarning ishi bo‘yicha fikrlarini so‘radik.

Do‘sim Satpayev: Bu yerda Qozog‘istonning mutlaqo pragmatik qiziqishlari yotadi. Chunki, norasmiy doiralarda qochqinlar ishi Qozog‘istonga muammo emasligi ta‘kidlanmoqda. Qozog‘iston hududlarida o‘zbekistonlik qochqinlarning paydo bo‘lib qolgani, O‘zbekiston va u yuritayotgan siyosat natijasida yuzaga kelgan muammodir.

Qozog‘iston hukumatiga va kuch ishlatar tizimlari uchun ushbu holat noqulay bo‘lib turibdi. Chunki, bular ikki o‘tning orasida qolib ketishdi. Bir tomondan O‘zbekiston va ikkinchi tomondan xalqaro jamoatchilik, inson huquqlarini himoya qiladigan tashkilotlar. Hozir Qozog‘iston hukumati ushbu vaziyatni o‘nglash uchun bor kuchi bilan harakat qilmoqda. Buning uchun imkon qadar kam yovuzlik printsipidan borishmoqda.

Ular agar bu O‘zbekistonning muammosi bo‘lsa, O‘zbekiston qochqinlarni jinoiy ishlarga aralashgan deb biladi, unda biz bu odamlarni ortga qaytarishimiz kerak. O‘zbekistonning o‘zi ular bilan orani ochiq qilib olsin, degan fikrda.

Bi-bi-si: G‘arb davlatlarining qochqinlar ishiga bo‘lgan munosabatini qanday baholaysiz?

Do‘sim Satpayev: Ayrim g‘arb davlatlarining Markaziy Osiyodan qochqinlarni qabul qilish qarashlari o‘zgara boshladi. Va bu narsa salbiy tomonga o‘zgarmoqda. Bunga ushbu mamlakatlarda islom va musulmonlarga qarshi kayfiyatning o‘sishi sabab bo‘lmoqda. Shvetsiyada sodir etilgan portlashlar bu hududlarda xavfsiz bo‘lmagan Islomiy davlatlardan yangi vakillarning kelishi g‘arb demokratiyasi xavfsizligiga raxna solishi mumkin degan qarashlarni kuchaytirdi.

Shuning uchun, ham Qozog‘iston va G‘arb davlatlarining aynan qochqinlar borasidagi qiziqishlarini birlashtiradigan vaziyat yuzaga keldi.

Yana g‘arb ochiqchasiga ularga qochqinlar kerak emasligini aytolmayapti. Ikkinchi tomondan esa, Qozog‘iston ularni O‘zbekistonga berib yuborsa ko‘zini yumib ham turolmaydi.

Bi-bi-si: Qozog‘istonga qochqinlarni ortga qaytarish borasida O‘zbekiston tomonidan qanchalik bosimlar bo‘lgan deb o‘ylaysiz?

Do‘sim Satpayev: O‘zbekiston tomonidan Qozog‘istonga bosim o‘tkazilganining ma‘lum holatlari mavjud. Chunki, O‘zbekiston rahbariyati bir necha marotaba qo‘shnilarini ularning hududida xavfli insonlar borligida ayblagan. Ular go‘yoki terroristik tashkilotlarda ishtirok etgan yo-da, ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qilishgan. Bunday ayblovlar Qozog‘iston sha‘niga ham bir necha marotaba aytilgan.

Ammo, bir narsa, o‘zbekistonlik qochqinlarning O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlari tomonidan jinoyatchi deb atalishi Qozog‘iston uchun o‘ng‘ay holat emas. Shuning uchun ham ushbu omilning o‘z o‘rni bor.

Bi-bi-si: Qozog‘iston ushbu qochqinlarni ekstraditsiya qilish ortidan nima yutishi mumkin?

Do‘sim Satpayev: Huquq tartibot nuqtai nazaridan Qozog‘iston xavfsizlikni ta‘minlash tomonidan yutadi. Chunki, Qozog‘iston hukumati ushbu odamlarning g‘arbga ketish imkoniyatiga ega bo‘lmay va shu bilan birga O‘zbekistonga qaytishni istamay Qozog‘iston hududlarida qolib ketishini istamaydi.

Qozog‘iston huquq-tartibot tizimi xodimlari nuqtai nazaridan qochqinlar milliy xavfsizlikka tahdid solishi mumkin. Chunki, qozoq tomoni ham ularni O‘zbekiston ayblayotgan jinoiy ishlarda ishtirok etgan deya gumon qiladi.

Shuning uchun ham, qochqinlarning ekstraditsiya qilinishida asosiy rolni o‘ynayotgan huquq-tartibot organlari uchun ularning Qozog‘iston hududida bo‘lmasligi eng maqul variant.

Yana bir narsa ularni qochqinlar qayoqqa ketishi unchalik tashvishlantirmaydi. Agar g‘arb boshpana izlovchilarni qabul qilishga tayyor bo‘lsa, Qozog‘iston jon deb ularni yuborishi mumkin. Agar qabul qilmasa, O‘zbekistonga qaytarishlari kerak.

Bi-bi-si: Sizningcha, ushbu boshpana izlovchilar milliy xavfsizlikka naqadar tahdid solishi mumkin?

Do‘sim Satpayev: Bir narsa deyish qiyin. Chunki, qochqinlarga nisbatan ham Qozog‘istonda va ham g‘arbda paydo bo‘lgan fobia, har qanday ishora va gumonni avtomatik ravishda ko‘pchilikning ko‘z oldida sodir etilgan fakt maqomiga aylantirishi mumkin. Ularning Qozog‘iston uchun real xafv tug‘dirish mumkin deb aytish qiyin. Chunki, bu odamlar biror qonunni buzishga manfaatdor emas deb bilaman.

Ammo ulardan bo‘lgan qo‘rquvdan kelib chiqib qochqinlarga nisbatan qat‘iy munosabatlar tendentsiyaga aylanishi mumkin. Ana unda qolgan qochqinlarga nisbatan ham shunday choralar ko‘rib boshlanadi. Agar birinchi etap O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinsa, huquq-tartibot organlari qolgan boshpana izlovchilarga ushbu usulni bemalol qo‘llashlari mumkin.